O‘zbekiston | 12:31 / 15.11.2023
14194
6 daqiqa o‘qiladi

“Barchasi kech xabar topganimiz va xatomiz tufayli bo‘ldi” – sog‘liqni saqlash vaziri “Dok-1 Maks” ishi haqida

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Kecha, 14 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning “Mamlakatimizda aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning holati va istiqboli to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi

Majlisda Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ham so‘z olib, tizimdagi korrupsiya sabab vafot etayotgan bolalar masalasini ko‘tardi va Amrillo Inoyatovdan shunday holatlar bo‘yicha izoh berishni so‘radi.

“Vazirlik vakillari majlisga juda yaxshi tayyorlanib kelishibdi, 11 varaqli ma’lumot o‘qib berishdi, deputatlar nima deyishini oldindan bilishgani ko‘rinib turibdi. Javoblar uchun rahmat.

Oxirgi yillarda tibbiyotga bo‘lgan e’tibor va sohadagi o‘zgarishlarni hech kim inkor etolmaydi. O‘zim ham shifokor oilasidanman, shuning uchun buni yaxshi his qilaman. Ajratilayotgan mablag‘lar oshdi, tibbiyot markazlarini moddiy va boshqa tomondan qo‘llash o‘sdi. Bularning hammasi prezidentimizning sohaga alohida e’tibor qaratayotganidan. Lekin shu bilan birga, afsuski, tizimdagi o‘ta qo‘pol kamchiliklar tufayli o‘nlab bolalar hayotiga zomin bo‘ladigan holatlar guvohi bo‘ldik. Tizimdagi korrupsiya sababli dorini tegishli tartibda sertifikatsiya qilmaslik oqibatida 65 ta oila farzandidan judo bo‘ldi. Prezidentimizning o‘zi buni tanqid qilib, har bir aloqador odam qonun oldida javob beradi, dedilar. Va bugun sud jarayonlari ochiq tarzda bo‘lyapti, jazolanyapti. Lekin shu sud jarayonlarini, u yerdagi ota-onalarning g‘am-qayg‘usini ko‘rib yig‘ladim, mening ham ikkita farzandim bor, o‘shalardan biri mening farzandim bo‘lishi mumkin edi. Odamning vijdoni qiynalyaptiki, biz ham deputat sifatida nazoratni to‘g‘ri qilmay, e’tiborni boshqa tomonga qaratganimiz uchun, tizimdagi shunday qo‘pol xatolar tufayli oramizda 65 ta bolakay endi yo‘q.

Tizim xodimlarining ko‘rsatmalaridan ma’lum bo‘lyaptiki, ma’lumotlarni pastdan tepaga yetkazmaslik oqibatida bolalarni saqlab qolish imkoni boy berilgan. Ming afsuski, vazirlik tomonidan bu ishlar uchun siyosiy javobgarlik tan olinmadi. Jinoiy javobgarlik o‘z yo‘liga, lekin mas’uliyat nuqtai nazaridan yuqori mansabdorlarga javobgarlik ko‘rmayapmiz. Vazir tumanlarda preparatlar yetmasligi o‘sha tuman birinchi rahbariga bog‘liq, deb aytib o‘tdilar, siz uchun tumandagi rahbar, biz uchun tizimning birinchi rahbari javobgar. To‘g‘ri, o‘sha payt siz vazir emasdingiz, sizni ayblamoqchi emasman. Lekin shu bo‘lib o‘tgan ishdan qanday xulosa chiqardingiz? Bizga shunday xatolar takrorlanmasligiga va’da berolasizlarmi? Pastdagi kamchiliklarni yuqoriga yetkazmoqchi bo‘lgan xodimlar jazolanmasligiga va’da berolasizlarmi? Ma’lumotlar o‘z vaqtida yetib kelib, o‘z vaqtida chora ko‘rilishiga va’da berolasizmi? Farzandlarimizning hayotini saqlab qolishga va’da berasizlarmi? Xulosa chiqarildimi yoki bu holat davom etaveradimi?” – deya vazirga savol bilan yuzlandi deputat.

O‘z o‘rnida sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lib o‘tgan mash’um voqealarda aybdorlikni vazirlik to‘la o‘z zimmasiga olishi va bahonalarga o‘rin yo‘qligini aytib, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligiga va’da berdi.

“Doniyor G‘aniyevning e’tirozlarini to‘liq qabul qilamiz, hech qanday bahona qilishga asosimiz yo‘q. Tizim rahbari bo‘lish men uchun katta mas’uliyat va majburiyatdir.

O‘sha ishlar bo‘lgan paytda birinchi o‘rinbosar edim. Birinchi o‘rinbosar bo‘la turib xabarni kech eshitganman, tan olaman. 24-25 dekabr kunlari xabarni olganmiz. Yanvar oyining birinchi o‘n kunligida 17 ming hamshirani xonadonlarga chiqarib, odamlarning uyidagi shunday dorilarni yig‘ib oldik. Siropdan tashqari tabletka ko‘rinishidagi turlari ham aniqlanib, yig‘ib olindi.

Prezidentimiz darrov topshiriq berib, administratsiya, prokuratura, ichki ishlar, soliq organlari ham jalb qilinib, dorixonalardan o‘sha dori to‘liq yig‘ib olindi. Protsess 10 kunda birdan to‘xtatildi. Qariyb 100 nafar bolani Bolalar milliy markazi va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga olib keldik va sog‘lig‘ini nazoratga oldik.

Samarqanddan holat bo‘yicha ma’lumot kelgunga qadar shifokorlar zaharlangan bolalarga boshqacha tashxis qo‘yishgan, agar bilishganda, barcha bolaning hayotini saqlab qolish mumkin edi. Shu voqeadan keyin bitta ham bunday o‘lim holati kuzatilgani yo‘q. Holatdan so‘ng katta xulosa qilganmiz. Yaqinda bo‘lib o‘tgan “Antistrumin voqeasi”ni ham vazirlik tan olyapti. Bu holat bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xodimlar qonun oldida javob beryapti.

Bundan buyon bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka vazir sifatida va’da beraman. Tizimda muammolar yig‘ilib qolgan, shuning uchun tizimli yondashuv boshlangan. Hukumatning, deputatlarning yordami kerak bo‘ladi bizga. Tibbiyot yo‘nalishi juda og‘ir ekanini his qilyapman, vazirlik mas’uliyati juda katta. Shularni chuqur his qilgan xolda ishga kirishganmiz. Endi bundan buyon bitta ham bunaqa holatga yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Va tan olamanki, barchasi bizning holatdan kech xabar topganimiz va xatomiz tufayli bo‘ldi”, – dedi vazir Amrillo Inoyatov.

Mavzuga oid