Sport | 00:33 / 15.11.2023
23944
2 daqiqa o‘qiladi

Usik va Fyuri o‘rtasidagi boks bo‘yicha «asr jangi» sanasi belgilandi

Og‘ir vazndagi birinchi mutloq chempion 2024 yil fevral oyida aniqlanishi kerak.

Foto: Sky Spors

Britaniyalik Tayson Fyuri va ukrainalik Oleksandr Usik o‘rtasidagi boks bo‘yicha og‘ir vazn toifasida mutlaq jahon chempioni unvoni uchun jang 2024 yil 17 fevral kuni o‘tkaziladi. Bu haqda ESPN xabar berdi.

«Asr jangi» deb aytilayotgan tarixiy bahs Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Avvalroq, jang dekabr oyida bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Ammo Fyurining promouterlari oktyabr oyida fransiyalik Frensis Ngannu bilan bo‘lib o‘tgan jangdan so‘ng tiklanish va tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘proq vaqt kerakligini aytishdi.

35 yoshli britaniyalik Fyuri WBC chempioni, 36 yoshli ukrainalik Usik esa WBA, WBO va IBF unvonlari sohibi hisoblanadi.

G‘olib to‘rtta belbog‘ davrida og‘ir vazndagi birinchi mutloq chempionga aylanadi. 2008 yilda professional bo‘lganidan beri Fyuri 33 ta jangda g‘alaba qozongan va bittasida durang qayd etgan, biror marta yutqazmagan. Usik professional ringdagi 21 ta jangining barchasida g‘alaba qozongan.

Ma’lumot o‘rnida, Lennoks Lyuis 1999 yilda Evander Holifildni mag‘lub etib, WBA, WBC va IBF chempionlik unvonlarini saqlab qolganidan beri hech kim og‘ir vazn toifasida mutloq chempion bo‘lmagan.

Mavzuga oid