Fan-texnika | 23:36 / 15.11.2023
69164
2 daqiqa o‘qiladi

Xiaomi o‘zining birinchi SU7 elektromobilini taqdim qildi 

Texnologiya giganti avtomobilsozlik faoliyatini boshlash arafasida. 

Foto: Xiaomi

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi o‘zining birinchi elektromobili - SU7 modelini e’lon qildi. Uning suratlari Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan chop etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar berdi. 

Xiaomi SU7 sedani bir nechta versiyalarda debyut qiladi, ular quvvati, elektr motorlar soni, uzatma turi va akkumulyatori bilan farqlanadi. Asosiy versiya 300 ot kuchiga ega, orqa dvigatelli bo‘ladi. Flagman modifikatsiyasi 675 ot kuchiga ega ikkita dvigatelli bo‘ladi. 

Elektr dvigatellarini United Automotive Electronics kompaniyasi yetkazib beradi. Xiaomi uchun batareyalar BYD (litiy-temir-fosfatli akkumulyator) va CATL (litiy-nikel-marganets-kobaltli akkumulyator) tomonidan yetkazib beriladi. Batareya quvvati va quvvat zaxirasi haqida ma’lumot yo‘q. 

Xiaomi SU7 avtomobili faol aerodinamika, avtonom haydash tizimi, yuzni tanish tizimi, raqamli panel, smartfonlar bilan bog‘lanish imkonini beruvchi HyperOS operatsion tizimi bilan ta’minlanadi. 

Elektromobil Pekin avtomobilsozlik xoldingi (BAIC) zavodida ishlab chiqariladi. Xiaomi SU7 rasmiy taqdimoti 2023 yil oxirigacha o‘tkazilishi kutilmoqda. Uning narxi haqida ma’lumot berilmagan.

Mavzuga oid