Jahon | 12:54 / 16.11.2023
11702
3 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Eron uchta atom bombasini yaratishga qodir 

Eronda 60 foizgacha boyitilgan uran zaxiralari 128 kilogrammdan oshdi, deya xabar bermoqda Reuters agentligi AEXA hisobotiga tayanib. Keyinchalik boyitish davom ettirilgan taqdirda bu miqdor uchta atom bombasini tayyorlash uchun yetarli bo‘ladi. 

Foto: REUTERS/Caren Firouz

Eronda allaqachon 60 foizgacha boyitilgan 128,3 kg uran bor. Bu haqda 15 noyabr, chorshanba kuni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) maxfiy hisobotiga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, 90 foizgacha boyitilgan ushbu moddaning 42 kgga yaqini atom bombasini yaratish uchun «nazariy jihatdan» yetarli. Shu tariqa, Eronning uran zaxiralari keyingi boyitish ishlari davom etgan taqdirda bilan uchta atom bombasini yaratish uchun yetarli. 

«Bu juda katta miqdor, ayniqsa, agar u hech narsa uchun ishlatilmasa», dedi Reuters xabariga izoh bergan yuqori martabali amerikalik diplomat. Uning qo‘shimcha qilishicha, Eron dunyoda uranni atom quroli ishlab chiqarmasdan shunday yuqori darajada boyitgan yagona davlatdir. 

Shu bilan birga, AEXA ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Eronda har oy o‘rtacha 3 kgga yaqin uran 60 foizgacha boyitilyapti. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshida bu ko‘rsatkich 9 kilogrammga yetgan. Diplomatik manbalar jarayon sekinlashishini Tehron va Vashington o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar bilan bog‘laydi, ularning biri sentabr oyida mahbuslar almashinuvi bilan yakunlangandi. 

Eron AEXA talablarini bajarmayapti

2015 yilda Eron «oltilik guruhi» (AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya) bilan Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini (QQHR) imzoladi. Reja Eronning yadroviy dasturini cheklash evaziga unga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni bosqichma-bosqich olib tashlashni nazarda tutgan. Biroq 2018 yilda AQSh Tramp boshchiligida kelishuvdan chiqishini e’lon qildi. Bunga javoban Tehron kelishuvning o‘ziga tegishli qismini bajarishdan bosh torta boshladi. 

Bir yil avval AEXA kengashi Erondan Tehron tomonidan e’lon qilinmagan uchta joyda topilgan uran izlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni talab qilgan edi. Keyinchalik AEXA bir obektni ro‘yxatdan olib tashladi, biroq tergov bo‘yicha hech qanday o‘zgarish yuz bermadi. Monitoring uskunalarini, jumladan, o‘tgan yili Eron tomoni olib tashlagan kuzatuv kameralarini qayta o‘rnatish bo‘yicha kelishuv joriy yilda qisman amalga oshirildi. Sentyabr oyida esa Tehron AEXA ayrim inspektorlarining akkreditatsiyasini qaytarib oldi. 

Bularning barchasiga qaramay, kelgusi hafta AEXA kengashi yig‘ilishida Eron jiddiy oqibatlarga duch kelishi dargumon, deb yozadi Reuters. AQSh va Yevropa, deya ta’kidlaydi agentlik, Isroilning HAMAS harakati bilan davom etayotgan urushi fonida Eron bilan diplomatik keskinlashuvdan qochishga harakat qilmoqda – Tehron yoki unga aloqador tashkilotlar mojaroga aralashishi mumkinligi bo‘yicha xavotir bor. 

Mavzuga oid