Sport | 18:06 / 17.11.2023
30025
4 daqiqa o‘qiladi

«Eronga qarshi qanday o‘ynash kerakligini juda yaxshi bilaman». Katanets Ashxoboddagi maydonni ayanchli deb atadi

U milliy jamoaning Shimoliy Koreya va Falastindagi o‘yinlarini misol qilib keltirdi.

Foto: Getty images

JCh-2026 saralash o‘yini doirasidagi Turkmaniston – O‘zbekiston (1:3) bahsidan keyin Srechko Katanets va Otabek Shukurov matbuot anjumanida ishtirok etishdi. Milliy jamoa bosh murabbiyi sun’iy qoplamali maydondagi irodali g‘alaba, Eronga qarshi uchrashuv va Otabek Shukurov haqida gapirdi.

«Bugungi o‘yinda g‘alabaga haqli edik. Jamoam o‘yinidan juda ham xursandman. Juda yaxshi o‘yin o‘tkazdik. Bilasiz, bu dastlabki rasmiy o‘yinimiz edi va saralashni g‘alaba bilan boshlash biz uchun muhim edi. Bugun mag‘lubiyatga uchraganimizda yigitlar navbatdagi o‘yin oldidan katta bosim ostida qolishardi.

Birinchi bo‘limda raqib jamoa bitta imkoniyatidan foydalanib, hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda esa biz o‘yinimizni ancha kuchaytirdik va 3 ta gol bilan g‘alabaga erishdik. Aslida yana ko‘proq gol urish mumkin edi. Yigitlar o‘yinidan qoniqdim.

Aynan nimaning evaziga g‘alaba qozondik? O‘yin boshidanoq raqibga bosim o‘tkazishga urindik va raqibdan har tomonlama yaxshi o‘ynadik, deb o‘ylayman.

Kecha ham aytgandim, bunday ayanchli maydonda o‘ynash mumkin emas. Turkmaniston jamoasi bu sun’iy qoplamaga moslashib olgandir, ammo qo‘l ostimdagi jamoa yilda faqat bir marta bunday maydonda o‘ynashi mumkin. Qoplamada to‘p boshqacha harakatlanadi, to‘pning sakrashi ham baland bo‘ladi.

Ishoning, O‘zbekistondan kuchliroq jamoalar ham bunday maydonda yutqazishi hech gap emas. Chunki bu maydonda himoyalanadigan jamoaga har doim oson bo‘ladi. Bunga misol qilib, O‘zbekistonning JCh-2018 saralashida Shimoliy Koreyaga qarshi o‘tgan o‘yindagi maydonda, JCh-2022 saralashida Falastin maydonida aynan sun’iy qoplamada to‘p surib, kutilmagan mag‘lubiyatga uchraganini misol qilib keltirish mumkin. Ya’ni bunday sharoitda doim yutqazganmiz.

Shu bois, o‘yindan oldin yigitlarga biz jamoa sifatida raqibdan kuchli ekanimiz, faqat buni maydonda isbotlashga to‘g‘ri kelishini aytgandim.

Eronga qarshi o‘yinga tayyormizmi? O‘yindan keyin hoziroq tayyormiz, deya olmayman. Chunki bunday maydondagi o‘yindan keyin tiklanishimiz lozim. Bunga esa odatdagidan ko‘proq vaqt talab etiladi. Orada 5 kun vaqt bor, umid qilamanki jamoani keyingi o‘yingacha tayyorlay olamiz.

Eron milliy jamoasi ancha kuchli raqiblardan, ularning tarkibidagi aksariyat o‘yinchilar kuchli ligalarda muvaffaqiyatli to‘p surmoqda. Shunga qaramay, Eronga qarshi qanday o‘ynashni bilaman, chunki bungacha ular bilan 3 marta to‘qnash kelganman. O‘sha o‘yinlarda qo‘l ostimda bo‘lgan jamoa g‘alaba, mag‘lubiyat va durang qayd etgan. Kelasi turda ham Eronga qarshi qanday o‘ynash kerakligini men juda yaxshi bilaman.

Otabek Shukurov? U bugun hujumda o‘ynashi kerak edi, bu mening xatom», - deydi Srechko Katanets g‘alabali bahsdan keyin hazil ohangda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milily jamoasi 21 noyabr kuni Toshkentda Eronga qarshi maydonga tushadi.

Mavzuga oid