Jahon | 16:00 / 18.11.2023
6328
2 daqiqa o‘qiladi

BMT sudi Bokuni Qorabog‘dan chiqib ketganlarning qaytishiga ruxsat berishga chaqirdi

Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ga qaytishni xohlovchilarning qaytishini, mintaqani tark etmoqchi bo‘lganlarning chiqishini ta’minlashi kerak. Boku aholini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida hisobot taqdim etishga majbur ekani aytildi.

Foto: Irakli Gedenidze/REUTERS

Ozarboyjon sentabr oyida mojaro avj olgan paytda mintaqani tark etgan Tog‘li Qorabog‘ aholisiga o‘z uyiga qaytish imkoniyatini ta’minlashi kerak. BMT Xalqaro sudi bu qarorni 17 noyabr, juma kuni qabul qildi. Boku Tog‘li Qorabog‘ni tark etgan va qaytishni xohlovchilarning «xavfsiz, to‘siqsiz va tez» qaytishini, shuningdek, mintaqada qolgan va uni tark etishni istayotganlarning chiqib ketishini ta’minlashi kerak, deyiladi sud qarorida.

Bundan tashqari, Ozarboyjon mintaqada qolgan odamlar zo‘ravonlik yoki qo‘rqitishga duchor bo‘lmasligini ta’minlashi kerak, deya ta’kidladi jahon tashkiloti sudi. Boku sakkiz hafta ichida aholini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida hisobot taqdim etishi shart.

Qorabog‘dan armanlarning chiqib ketishi

Xalqaro huquqqa ko‘ra, hududida Tog‘li Qorabog‘ joylashgan Ozarboyjon 19 sentabr kuni mintaqada harbiy amaliyot boshladi. Oradan bir kun o‘tib, o‘zini «Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi» deb e’lon qilgan hukumat qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatayotganini e’lon qildi. 

Shu fonda Tog‘li Qorabog‘dan armanlarning Armanistonga ommaviy chiqib ketishi boshlandi. Ikki hafta ichida deyarli butun arman aholisi mintaqani tark etdi - 100 mingdan ortiq kishi. 5 oktyabr kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarboyjon hududini, jumladan Tog‘li Qorabog‘ni tan olish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. 

Mavzuga oid