Sport | 10:42 / 18.11.2023
22257
3 daqiqa o‘qiladi

Jalolov 14-jangida ham nokaut bilan g‘alaba qozondi, Xalokov va yana 4 bokschimiz raqibidan ustun keldi

Toshkentdagi «Humo Arena»da WBC tashkiloti hamda Lift promouterlik kompaniyasi hamkorligida katta professional boks oqshomi o‘tkazildi. Mayk Tayson va Evander Holifild qarshisida o‘tgan janglarda vakillarimiz muxlislarni xursand eta olishdi.

Foto: Olympic.uz

Boks kechasining asosiy jangida og‘ir vazn toifasida o‘zbekistonlik bokschi Bahodir Jalolov Janubiy Afrika vakili Kris Tompsonni birinchi raundning, ikkinchi daqiqasidayoq chuqur nokautga uchratib, g‘alabaga erishdi.

Shuningdek, o‘zbekistonlik bokschilardan Qudratillo Abduqahhorov, Miraziz Mirzaxalilov, Abdumalik Xalokov va Mujibillo Tursunov singari bokschilarimiz ham ringga chiqib, g‘alabaga erishdi.

Jahon chempioni Abdumalik Xalokov professional boksdagi ilk bahsida ukrainalik Aleksandr Yegorovni 2 raunddayoq nokautga uchratdi.

Qudratillo Abduqahhorov tanzaniyalik Maona Allini ikkinchi raunddayoq nokautga uchratgan bo‘lsa, Miraziz xitoylik Runki Jouni 8 raund davom etgan bahs natijasiga ko‘ra taslim etdi.

Mujibillo Tursunov birinchi yarim o‘rta vaznda WBC Central Asia kamarini himoya qila oldi. U xitoylik Yangcheng Jin bilan bahs olib bordi va 8 raund yakuniga ko‘ra, uni mag‘lubiyatga uchratdi.

Barcha janglar va ularning natijalari bilan tanishing:

  • Ikkinchi eng yengil vaznda (-55,2): Avetis Nalbandyan (Armaniston) — Vikash Dahiya (Hindiston). Ochkolar hisobiga ko‘ra Nalbandyanning g‘alabasi
  • Yarim yengil vaznda (-57,1 kg): Abdumalik Xalokov (O‘zbekiston) — Oleksandr Yegorov (Ukraina). 2-raundda texnik nokaut evaziga Xalokovning g‘alabasi.
  • Yarim o‘rta vaznda (-66,6 kg): Qudratillo Abduqahhorov (O‘zbekiston) — Maono Alli (Tanzaniya). 2-raundda texnik nokaut evaziga Abduqahhorovning g‘alabasi.
  • Eng yengil vaznda (-53,5 kg): Miraziz Mirzahalilov (O‘zbekiston) — Runqi Jou (Xitoy). Ochkolar hisobiga ko‘ra Mirzahalilovning g‘alabasi
  • O‘rta vaznda (-72,5 kg) WBC Sentral Asia turniri finali: Anvar Turopov (O‘zbekiston) — Suhrob Qayumov (O‘zbekiston). 2-raunddan so‘ng Qayumovning g‘alabasi qady etildi.
  • Birinchi o‘rta vaznda (-69,8 kg) WBC International kamari uchun: Ermal Hadribey (AQSh) — Karlos Molina (Meksika). 9-raundda texnik nokaut evaziga Hadribeyning g‘alabasi.
  • Birinchi yarim o‘rta vaznda (-63,5 kg) WBC Sentral Asia kamari uchun: Mujibillo Tursunov (O‘zbekiston) — Yangcheng Jin (Xitoy). Ochkolar hisobiga ko‘ra Tursunovning g‘alabasi.
  • O‘rta vaznda (-72,5 kg) WBC Eliminator jangi (12 raundlik): Meyirim Nursultanov (Qozog‘iston) — Xulio Alamos (Chili). Ochkolar hisobiga ko‘ra Nursultanovning g‘alabasi.
  • Co main event: Ikkinchi o‘ta yengil vaznda (-52,1 kg) WBC vaqtinchalik chempionlik kamari uchun: Pedro Guyevara (Meksika) — Karlos Kuadras (Meksika). Ochkolar hisobiga ko‘ra Kuadrasning g‘alabasi.
  • Markaziy jang: Og‘ir vaznda 10 raundlik jang: Bahodir Jalolov (O‘zbekiston) — Kris Tompson (JAR). Birinchi raundda Jalolovning g‘alabasi.

Mavzuga oid