Jahon | 23:10 / 21.11.2023
13407
5 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmonning Rossiyaga tashrifi: tojikistonlik talabalar va migrantlarga yengillik

Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrif bilan borib, RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Tojikistonda rus tilida o‘qitiluvchi maktablar va tojik talabalarini qo‘llab-quvvatlashga kelishildi. Shuningdek, 1,5 million migrant uchun shart-sharoitlar yengillashtirilishi haqida so‘z bordi.

Foto: Imomali Rahmon va Vladimir Putin. Foto: TASS

Kreml matbuot xizmatining xabar berishicha, tor doirada o‘tgan uchrashuvda tomonlar ikkitomonlama hamkorlikning jabhalari haqida muzokara o‘tkazishgan.

Muzokaralar chog‘ida Vladimir Putin Imomali Rahmonga Tojikistonda rus tilini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar uchun tashakkur bildirgan.

«Gumanitar aloqalar bizda ijobiy qadamlar bilan o‘zgarib bormoqda, o‘tgan yili biz ta’lim rus tilida olib boriladigan beshta maktab ochganimizni qayd etib o‘tishim kerak.

Bu yil ham, kelgusi yillarda ham Rossiya hukumati bu maktablardagi darsliklar uchun 200 million rubldan pul ajratadi, garchi bu pullar yetarli bo‘lmasa ham, bu borada qaror qabul qilib bo‘lingan. Tojikistondan talabalar va aspirantlar bizda o‘qishmoqda. MDH bo‘yicha eng ko‘p kvota Tojikiston hissasiga to‘g‘ri keladi — 900 kishi. Biz 2024/25 o‘quv yillarda bu kvotani 1000 kishiga ko‘taramiz», — dedi Putin.

Imomali Rahmon rossiyalik hamkasbiga minnatdorlik bildirgan.

«Yo‘q, men sizga rahmat aytishim kerak, chunki siz rus tili hamda madaniy va gumanitar sohadagi munosabatlarimiz rivojiga qanday e’tibor qaratayotganingizni juda yaxshi bilaman. Bir paytlar kelishgan edik: siz Tojikiston iqtidorli yoshlarini tayyorlash va o‘qitish markazi, Mayakovskiy nomidagi rus drama teatri barpo etish tashabbusi bilan chiqdingiz — bu maqsadlarga Rossiya Federatsiyasi hukumati 4 va 3,5 mlrd rubl ajratdi. Endi bu rejalar amalga oshiriladi», — deya Rossiya prezidenti so‘zlarini keltirmoqda Kremlin.ru.

Foto: kremlin.ru

Vladimir Putin Tojkisiton va Rossiyaning iqtisodiy sohadagi yuksalib borayotgan munosabatlarini ham qayd etdi.

«Munosabatlarimiz yuksalib bormoqda va juda yuqori darajaga erishgan. Rossiya asosiy savdo-iqtisodiy hamkor ekanligini aytishning o‘zi yetarli, savdo aylanmasi bo‘yicha birinchi o‘rindamiz: Tojikistonning qariyb 23 foiz savdo aylanmasi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar bo‘yicha ham yetakchi o‘rinlarda turamiz — 1,6 mlrd dollar», — dedi Putin.

Muzokara chog‘ida «mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning muhim tarkibiy qismi» bo‘lmish mintaqadagi xavfsizlikni ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi.

«Albatta, biz KXShTning Minskdagi sammiti oldidan munosabatlarimizning bu tarkibiy qismi, eng avvalo Afg‘oniston bilan bog‘liq vaziyat haqida ham gapirishimiz kerak. Sizlarga bu yo‘nalishda bo‘layotgan voqea-hodisalar o‘sha yerda yanada yaqqol seziladi. Shu sababli bu qism ham muhim bo‘ladi. Boshqa xalqaro birlashmalar doirasida biz juda jiddiy ish olib bormoqdamiz va doimo aloqadamio‘, pozitsiyalarimizni muvofiqlashtirib bormoqdamiz», — dedi Rossiya rahbari.

«Kommersant’» nashrining yozishicha, Vladimir Putin, shuningdek, 1,2 million tojikistonlik migrantlar uchun muhim yengilliklar haqida gapirgan.

«Tojikistonliklar uchun qonun darajasida Rossiya hududida qayddan o‘tmasdan bo‘lish muddati uzaytirildi (15 kun), shuningdek, bir yo‘la uch yillik patent rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi», — dedi Putin.

Imomali Rahmon va Vladimir Putin. Foto: kremlin.ru

Muzokaralar yakuni bo‘yicha chiqishida Imomali Rahmon Tojikiston Falastindagi vaziyat bo‘yicha BMT rezolyutsiyasini yagona imkoni yechim sifatida ko‘rishini ta’kidlagan.

Shundan so‘ng Vladimir Putin Imomali Rahmonga III darajali «Vatan oldidagi xizmatlari uchun» ordenini topshirgan. Taqdirlash marosimi Kremlda muzokara jarayonlari yakunlanganidan so‘ng bo‘lib o‘tgan, deb xabar beradi TASS.

Putin bu oradagi tegishli farmonni 2022 yilning oktyabrida imzolagan. Imomali Rahmon Rossiya Federatsiya va Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan shaxsiy sa’y-harakatlari, shuningdek, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlagani uchun davlat mukofotiga loyiq ko‘rilgan.

2017 yilda Imomali Rahmon Rossiya va Tojikiston o‘rtasidagi ikkitomonlama munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari uchun Aleksandr Nevskiy ordeni bilan ham mukofotlangan edi. 

Imomali Rahmonning Rossiyaga tashrifi 22 noyabr kuni ham davom etadi. U bilan birga Moskvaga tashqi ishlar vaziri, mudofaa vaziri, ichki ishlar vaziri, iqtisodiy rivodlanish vaziri, energetika vaziri, Milliy fanlar akademiyasi rahbari va boshqa oliy martabali mulozimlar borgan.

Mavzuga oid