Jamiyat | 18:08 / 22.11.2023
25478
6 daqiqa o‘qiladi

Mardikorchilikda tomdan qulagani evaziga 4 dona tuxum, yotoqxonani tozalashdan "himoyalovchi" shkaf va muhabbatga mahtal qalb – “Talaba kundaligi”

Kun.uz talabalar va talabalik davrini xotirlashni xush ko‘ruvchilar uchun yangi loyiha boshladi. Unda talabalik davrining turfa hangomalari, alamli iztiroblari-yu qiziqarli voqealari mualliflar tilidan berib boriladi. Loyihaning ilk sonidagi talabalar kechinmalari sizni befarq qoldirmaydi deb umid qilamiz.

Foto: Kun.uz

"Talaba kundaligi"ning bugungi sonida mardikorchilikda tomdan qulagani evaziga qo‘shimcha 4 dona qovurilgan tuxum yegan, yotoqxonani tozalashga chiqmaslik uchun shkafga berkingan, o‘qishga faqat muhabbatini ko‘rish uchun boradigan va Buxoroga sayohat uchun darsdan qochgan talabalarning o‘qishdan haydalishiga bir baxya qolgani haqidagi hikoyalari bilan bo‘lishamiz.

1-hikoya: Mardikorchilikda tomdan qulagani evaziga 4 dona tuxum

Toshkentda o‘qidim, talabalik davrimda Chorsudagi "mardikor bozori"ga chiqardim, tirikchilik uchun. Odamlarning kunlik ishlarini qilib berib, o‘zimni o‘zim ta’minlashga yetgulik pul ishlab topardim.

Kunlardan bir kuni, borgan xonadonimizdagi ish uyning tom qismiga to‘g‘ri keldi. Ish ayni avjiga chiqqanda nimadir bo‘ldi-yu, tomdan yerga quladim. Baxtimga hech yerim lat yemadi.

Uy egasining insofi bor ekan, ish haqimdan tashqari o‘z hisobidan 4 dona tuxum qovurib bergandi o‘shanda.

2-hikoya: Yotoqxonani tozalashdan "himoyalovchi" shkaf

Universitet yotoqxonasida turganimizda, yotoqxona komendanti yakshanba kuni bizni majburlab olib tushib, o‘t o‘rish va boshqa bir qancha ishlarni qildirar edi. Biz yakshanba kuni eshikni qulflab olsak ham komendantda xonaning ikkinchi kaliti bo‘lar va o‘sha bilan ochib kirib, bizni olib chiqib ketar edi.

Xonada 4 kishi turar edik, men har doim shkafning ichiga yashirinib olar edim, 2 ta shkafga esa 2 ta odam sig‘ar edi xolos.

Bir kuni eshik taqilladi va men shkaf tomon yugurdim, birinchi shkafni ochsam sirdaryolik o‘rtog‘im o‘rnashib olibdi, keyin ikkinchi shkafga yugurdim, unda esa samarqandlik o‘rtog‘im...

Shunday qilib o‘sha kuni qorong‘i tushguncha, tushlik ham qilmay o‘t o‘rganman.

3-hikoya: Oshiq talaba

Yondaftarda qolib ketgan hislar...

Kursdoshni sevish yaxshi. O‘qishga qandaydir bir maqsad bilan borish kerak-ku!

Ertalab uyg‘onasan, xayolingda u. O‘qish tomon iching qizib oshiqasan. Ko‘ngling notinch, kechikishdan emas, u o‘qishga kelmay qolishidan. Amallab yetib olding. Ko‘rding. Hayajon. Taskin. Kecha tunda o‘ylab qo‘ygan, unga aytmoqchi bo‘lganing yana ichingda qolib ketadi. Odatdagiday ko‘rishasan. Hissiz, jonsiz tuyg‘ular. Uni sevishingni u bilmasa qiyin.

Dars boshlandi. Xayollaring bilan yolg‘iz qolasan. Orqaroq partadan har zamonda unga qarab qarab qo‘yasan. Qani bir ortga boqsa-chi. Boqadiyam, sen ko‘zingni olasan. Qanday sevgi bu? Jim turib sevish azobi...

Darslar tugagach, bir kecha nafas olish ilinjida uning tabassumini qidirasan. Uzoqdan bo‘lsa ham bir kulsa-chi. Ana, o‘sha yoqimli ovoz...

4-hikoya: 8 soatlik bedorlikka tushgan sayohat

Hech esimdan chiqmaydi: 3-kursmiz, aprel yoki may oxiri. 8 kursdosh shanba va yakshanbani mo‘ljallab Buxoroga sayohatga jo‘nadik. Yakshanba kuni dars yo‘g‘-u, shu shanba darsdan qochganimiz bizga qimmatga tushdi. O‘lganning ustiga tepgan bo‘lib, o‘sha kunlari fakultetga vazirlikdan tekshiruv kelib, talabalarni test qilsa deng. Butun fakultet test yodlaydi, biz 8 talaba esa Buxoroning eski shahrini testdan o‘tkazyapmiz.

Shu payt fakultetdan qo‘ng‘iroq ustiga qo‘ng‘iroq bo‘ladi, ko‘tarishga birortamizning yuragimiz betlamaydi. Va nihoyat o‘sha yashil tugmani men bosdim. Telefonning narigi tomonida esa dekan o‘rinbosari. Uzoq uzrli, tortishuvli va kelishuvli suhbatdan keyin xulosa shu bo‘ldiki, dushanba kuni ertalab birinchilardan bo‘lib 8 kishi test topshiradi. O‘qishni davom ettirish yoki ettirmaslik shu testga qarab aniq bo‘ladi. Shunday qilib sayohatni yakunlab, yakshanba tunda qaydasan azim poytaxt deb avtobusda yo‘lga otlandik va shu 8 soatlik yo‘l davomida tinimsiz test yodlab chiqdik.

Dushanba ertalab kelishilgandek 8 kishi test uchun xonaga kirdik. Test yechayotganimda kimdir orqamga qattiq qoqib, "Yosh buxoroliklarning yetakchisi kepti-ku" deb kulib yubordi. Bu bizning eng sevimli o‘qituvchimiz Jasur aka edi. Shu-shu hammaning kayfiyati ko‘tarildi, testni 95-97 foiz atrofida ishlab chiqdik. Test zo‘r bo‘ldi, lekin kun davomida gandiraklab Buxoro sayohatining badalini 8 soatlik bedorlik bilan to‘ladik.

Hikoyalarni Zuhra Abduhalimova nashrga tayyorladi.

PS: Talabalik davringizda turli xil qiziqarli, ibratli, kulgili yoki og‘riqli voqealarni boshdan kechirganmisiz? Bu haqda boshqalarga ham aytib berishni xohlaysizmi? Kun.uz'ning "Talaba kundaligi" rukni aynan siz uchun.

Hikoyani @talabakundaligi_bot manziliga yuboring. Tahririyat sizning shaxsingiz sir tutilishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid