O‘zbekiston | 07:46 / 22.11.2023
6840
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatidagi arxeologik yodgorlikka 14 mlrd so‘mlik zarar yetkazildi

“Qanqa shahristoni” arxeologiya yodgorligi hududi o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirib olingani, uy-joylar qurilgani, bog‘ va ekin ekish maydonlari tashkil etilgani aniqlandi.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Milliy arxeologiya markazi, Madaniy meros agentligi va Kadastr agentligi mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, buning oqibatida arxeologiya yodgorligiga jiddiy zarar yetkazilganini ma’lum qildi.

Yodgorlikning kadastr hujjatiga ko‘ra, uning umumiy yer maydoni 104,99 gektarni tashkil etadi. Hozirda uning 0,50 gektariga fuqaro A.B., 0,79 gektariga fuqaro T.B. qishloq xo‘jalik ekinlari (makkajo‘xori) ekib, o‘zboshimchalik bilan ushbu yer maydonidan noqonuniy tarzda foydalanib kelmoqda.

Sohaga oid huquqiy-me’yoriy hujjatlarning bir qator talablariga zid ravishda Oqqo‘rg‘on tuman hokimining 2016 yil 8 iyundagi qarori bilan fuqaro A.P.ga turar joy bino-inshootlari va ular bilan band bo‘lgan yer uchastkalari meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan yodgorlik hududidan 0,56 gektar yer maydoni ajratilgan.

Ushbu maydonning 140,4 kvadrat metr qismiga 3 ta yashash uyi, 2 ta kirish xonasi, qurilishi tugallanmagan bino va bostirma qurilgan hamda bir qismiga bog‘ tashkil qilingan.

O‘rganish jarayonida viloyat Madaniy meros boshqarmasi xodimlari tomonidan A.B, T.B. va A.P.ga moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obektiga yetkazgan moddiy zarar bo‘yicha tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektiga A.P. tomonidan 10 milliard 367 million 448,3 ming so‘m, A.B. tomonidan 2 milliard 423 million 520 ming so‘m, T.B. tomonidan 1 milliard 093 mln 950 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Agentlik taqdim etgan o‘rganish hujjatlariga ko‘ra, viloyat prokuraturasi tomonidan aybdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 132-moddasi (moddiy madaniy meros obektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Qanqa shahristoni” moddiy madaniy meros obekti sifatida ro‘yxatga olingan. Obekt davri miloddan avvalgi III asr — milodning XII asriga taalluqli bo‘lib, u davlat mulki sifatida Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.

Mavzuga oid