O‘zbekiston | 17:26 / 24.11.2023
11131
4 daqiqa o‘qiladi

Aksilkorrupsiya agentligi Hajga navbatlarni ochiqlashni taklif qildi. Bajarilmayotgan bu talab hukumat qarorida 6 yildan buyon mavjud

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Haj ziyorati bo‘yicha yagona ochiq onlayn navbatni tashkil qilishni taklif qildi. Agentlikning o‘zi va muftiy tomonidan bir necha yildan beri aytilayotgan bu talab Vazirlar Mahkamasining 2017 yilda qabul qilingan qarorida ham bor. Lekin mas’ullar – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Musulmonlar idorasi 6 yildan buyon hukumat qarorini bajarishni paysalga solib kelmoqda.

Foto: Aksilkorrupsiya agentligi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burhonov boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan Haj tadbirini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom talablarining ijrosi ta’minlanishi Urganch shahri va Urganch tumani misolida o‘rganildi.

Ma’lum qilinishicha, o‘rganish davomida:

  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat asosida ziyoratchilarning navbati (ro‘yxatdan o‘tkazilishi);
  • arizalarni belgilangan tartibda hokimlikdan ro‘yxatdan o‘tkazish, ularni ko‘rib chiqish natijasini fuqaroga rasmiy ma’lum qilish amaliyoti bilan tanishilgan.

Shuningdek, Agentlik Haj ziyoratiga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiq e’lon qilinishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritishni taklif qilgan.

Vaholanki, agentlik taklif qilayotgan ma’lumotlarni shakllantirish talabi 2017 yil 13 iyundan kuchga kirgan hukumat qarorida ham mavjud. Xususan, qarorning 7-bandida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-saytida Haj va Umra tadbirlariga boradigan ziyoratchilarning yagona onlayn navbat tizimining shakllantirilishini va mazkur onlayn tizim doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlashi lozim edi.

Shuningdek, hukumat qarorida, tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi har yilgi Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha tashkiliy guruhlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan taqdim etilgan ziyoratchilarning ro‘yxati asosida ularni Haj va Umra tadbirlariga boradigan ziyoratchilarning yagona onlayn navbat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazib borishi belgilangan.

Lekin O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy saytida ham, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita saytida ham ziyoratchilarning onlayn navbatiga doir ma’lumotlar yo‘q.

Bundan tashqari, Haj ziyoratiga borish tizimini shaffoflashtirish va elektron navbat tizimiga o‘tkazish masalasida muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar ham fikr bildirgan edi.

Allaqachon tizimni shaffof qilishimiz kerak edi. Hozir Haj komissiyasi Hajga navbatni elektron tartibga aylantirish ishlarining harakatida. Musulmonlar idorasi tizimida ham Haj va U,mra ishlarini tashkillashtirish markazini ochdik. Endi ular shaffof, elektron navbatni tashkil qilish harakatida”,degan edi muftiy 2022 yil noyabr oyida bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevga bergan intervyusida.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi fuqarolarning Haj va Umra safarlariga borish uchun navbatga turish va yuritishni to‘liq davlat xizmatlari markazlariga o‘tkazish orqali inson omilidan xoli, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari hamda raqamli texnologiyalarga asoslangan tizimni joriy etishga oid qonunchilik xatlovdan o‘tkazilganini bildirgan edi.

Mavzuga oid