Jahon | 14:35 / 24.11.2023
7125
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha yuk tashuvchilari Ukraina chegarasida norozilik namoyishlarini kengaytirdi

Ukrainalik hamkasblari uchun imtiyozlarga qarshi norozilik bildirayotgan Polsha tashuvchilari chegaradagi so‘nggi yuk o‘tkazish punktini to‘sib qo‘ydi.

Foto: Omar Marques/AA/picture alliance

23 noyabr, payshanba kuni AFP xabariga ko‘ra, Polsha yuk mashinalari haydovchilari yana bir nazorat-o‘tkazish punktini to‘sib qo‘yish orqali Ukraina bilan chegaradagi norozilik namoyishlarini kengaytirdi.

«Bugun biz Medik chegarasida turibmiz, qishloq xo‘jaligi va transportdagi vaziyatga qarshi uch kunlik ogohlantiruvchi norozilik namoyishini boshlaymiz», dedi agentlikka fermerlar noroziligi rahbari Roman Kondrou.

Polsha fermer xo‘jaliklari ham haydovchilar namoyishiga qo‘shildi, deb yozadi AFP. «Biz Polshadagi milliy transport sektorimizni va biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz - ular bizni qo‘llab-quvvatlayapti, biz ularni qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi Kondrou namoyishning kengayishi haqida.

Ukraina va Polsha o‘rtasida yuk tashish deyarli to‘xtadi

Medikdagi nazorat-o‘tkazish punkti to‘sib qo‘yilgandan so‘ng, Ukraina va Polsha o‘rtasida deyarli barcha nazorat punktlari yuk tashish uchun yopildi. O‘tish joylarida uzunligi 18 kmgacha bo‘lgan yuzlab yuk mashinalarining navbati yuzaga keldi. Ba’zi nuqtalarda o‘tish uchun kutish muddati besh kunni tashkil etyapti.

Yuk mashinalari boshqa nazorat punktlaridan burilib kelayotgan Medikdagi blokada 34 km uzunlikdagi tirbandlikka olib keldi. Namoyish tashkilotchilarining aytishicha, ular yo‘lovchilar bo‘lgan avtomobillar, shuningdek, gumanitar va harbiy yordam yuklari o‘tishiga ruxsat bermoqda.

Ukraina yuk mashinalari haydovchilari uchun imtiyozlar

Polshalik yuk tashuvchilar Ukraina yuk mashinalarining Yevropa Ittifoqiga kirishiga majburiy ruxsatnomalar tiklanishiga erishmoqchi. Rossiya Ukrainaga kirganidan keyin Yevropa Ittifoqi Ukraina iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu ruxsatnomalarni bekor qildi. Ushbu chora dastlab bir yilga amal qilgan, biroq o‘tgan yozda u 2024 yilning iyunigacha uzaytirilgan edi.

Ukraina bilan chegaradosh mamlakatlarning transport kompaniyalari Ukrainaning arzonroq tashuvchilari bilan raqobatlasha olmaydi, ularning soni ruxsat berish talablari yo‘qligi sababli keskin oshdi. Polsha haydovchilarining noroziligiga Slovakiyadan yuk mashinalari haydovchilari ham qo‘shildi.

Ukraina Xalqaro avtomobil tashuvchilar uyushmasi (XATU) vitse-prezidenti Vladimir Balinning aytishicha, ish tashlagan kompaniyalarga qarshi da’volar tayyorlanmoqda.

Mavzuga oid