O‘zbekiston | 13:39 / 26.11.2023
34900
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda aholiga noqulaylik tug‘dirgani aytilgan restoran faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Toshkent shahri hokimligi aholi Yakkasaroy tumanidagi «Yalpiz» restoranining dudbo‘ronlari, shovqin va hid bo‘yicha shikoyat qilgani uchun oshxona ishi vaqtincha to‘xtatilganini bildirdi.

Foto: Toshkent shahri hokimligi

Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati Yakkasaroy tumanidagi «Yalpiz» restorani aholiga qator noqulayliklar keltirgani uchun faoliyati vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hokimlikka tumanning Shota Rustaveli ko‘chasi 59-uyda istiqomat qiluvchi aholidan uyning birinchi qavatida joylashgan «Yalpiz» restorani o‘z faoliyati bilan qator noqulayliklar keltirishi aytilgan murojaat kelib tushgan.

Xususan, unda restoran dudbo‘ronlari, konditsionerlar qatorida taomlarni tayyorlash uchun issiqlik uskunalari, shu jumladan, mangal o‘rnatgani, uning ko‘mirda yoqilishi va bu ko‘p qavatli uy uchun yong‘in xavfini keltirib chiqarishi keltirib o‘tilgan.

Shuningdek, bevosita aholi derazalariga yaqin joylashgan dudbo‘ronlardan chiqayotgan shovqin va qovurilgan taomlarning hidi aholi uchun katta noqulaylik tug‘dirishi aytilgan. Bundan tashqari, restoran xodimlari tomonidan uy hovlisida chiqindilar tashlab ketilishi ham ta’kidlab o‘tilgan.

Ushbu holat shahar hokimligining nazoratiga olingan va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining shahar boshqarmasi yordamida tegishli o‘rganish va tekshiruvlar olib borilgan.

25 noyabr kuni restoran rahbariyati tomonidan faoliyatda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, ularni belgilangan muddat ichida bartaraf etish majburiyati yuklandi. Shu jumladan, uskunalarni boshqa, aholiga noqulaylik tug‘dirmaydigan joyga ko‘chirish belgilandi va restoranning faoliyati kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatildi.

Restoran vakillarining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Shota Rustaveli ko‘chasidagi oshxona 3–4 kunga «ta’mirlash ishlari uchun» yopilgan. Mirobod ko‘chasi 5-uyda (Kosmonavtlar metro bekati yaqinida) joylashgan filiali ham hozirda yopiq bo‘lib, 1–2 kunda ochilishi kutilmoqda.

Poytaxt hokimligi tadbirkorlardan o‘z ishlarida avvalo qonunchilik talablariga rioya qilishni, faoliyatlari bilan aholiga noqulaylik keltirmaslikka harakat qilishni so‘radi.

Mavzuga oid