Jahon | 15:38 / 27.11.2023
19493
9 daqiqa o‘qiladi

«Onalar sabab hozir ularda shifokorlar, muhandislar bor» – Pokistondagi vohon cho‘pon ayollarining betakror hayoti

Asrlar davomida Pokistonning vohon cho‘ponlari olis tog‘li yaylovlarda qo‘ylarini boqib kelgan. O‘z faoliyatidan topgan daromadlarini jamiyatni o‘zgartirishga sarf qilgan bu cho‘pon ayollarning so‘nggi sayohatlaridan biriga BBC nashri hamroh bo‘ldi. 

Pomir tog‘idagi yaylovlarga olib boradigan yo‘l o‘ta xavfli. Tik tog‘ yo‘llari faqat burilishlardan iborat. Bitta noto‘g‘ri qadam va siz bu hayot bilan vidolashasiz. 

Cho‘pon xonimlar qo‘y, echki, qo‘toslarga yo‘ldan adashmasligi va pastga qulab ketmasligi uchun hushtak chalib boradi.

«Avvallari qoramollar hozirgidan anchagina ko‘p edi. Ba’zilari qochib ham ketardi. Ularning ichida qaytib keladiganlari ham, kelmaydiganlari ham bo‘lardi», — deydi 70 yoshni qoralab qo‘ygan Bano. 

Ko‘chkilar — tog‘ yo‘llaridagi doimiy xavotir. Foto: Taseer Beyg / BBC

O‘nlab ayol cho‘ponlar avvallari Pokiston shimoli-sharqidagi Qoraqurum tog‘ tizmasi bo‘ylab suruvlarini boqib kelgan. Ular kichik farzandlarini yelkasida opichlab olishardi. Erlarini esa uyda qoldirishardi. Boisi erkaklar Shimshal vodiysida dehqonchilik bilan band bo‘lardi. 

Hozir esa atigi 7 nafar ayol cho‘pon qolgan. 

Kuniga 8 soat yo‘lni qor, yomg‘ir va jazirama issiqda bosib o‘tamiz. Avvallari bunday sayohat ayollarning 3 kunini olgan bo‘lsa, bizga bunisi 5 kunga tushyapti. Tajribali keksa cho‘pon ayollar doim bizni ortda qoldirib borishadi. Biz esa bu vaqtda balandlik ob-havosiga moslashish bilan ovora bo‘lamiz. 

Har lahzda ko‘chki sodir bo‘lishi mumkin – xavf doim biz bilan birga. Qo‘ylarning tuyoqlari ovozidan yer tebranadi, toshlar uchib, chang ko‘tariladi.

Hozirgidek maxsus kiyimlar (termo ko‘ylak) va poyabzalli bo‘lgunlaricha bu ayollarning tog‘da yurishi oson bo‘lmagan. 

«Oddiy xalat kiyardik. Oyoq kiyimimiz ham bo‘lmasdi, hatto muz ustida yalangoyoq yurardik», — deydi 88 yoshli Annar. 

67 yoshli Afro‘za vodiyda birinchi bo‘lib bir juft oyoq kiyimli bo‘lgan ayol edi. U buni juda yaxshi eslaydi.

«Turmushga chiqqan vaqtimda akam menga bir juft oyoq kiyim sovg‘a qildi. Oldinlari odamlar shu poyabzalimni shunchaki ko‘rish uchungina menikiga kelishardi. Ular ko‘ylaklarimni ham ko‘pincha to‘y uchun qarzga olib turishardi», — deydi Afro‘za.

Pomirga yetib keldik, dengiz sathidan 5000 m balandlikdamiz. Ko‘z oldimizda yam-yashil yaylovlar paydo bo‘ladi. Muzlik suvlari esa qor bilan qoplangan toshlar orasidan o‘ziga yo‘l topib borardi.

«Biz bu joylarda onalarimiz, buvilarimiz bilan yonma-yon yurganmiz. Ular ham xuddi biz kabi cho‘pon bo‘lgan. Sariyog‘, qatiq tayyorlashadi», — deydi qo‘shiq aytib, raqsga tushayotgan Annar.

Eshigiga qulf osilgan, toshdan bunyod etilgan tashlandiq holdagi 60 ta uy bu yerdagi turmush tarzi yo‘qlikka yuz tutayotganidan darak beradi. Keksa cho‘pon ayol shu uylardan birining eshigini o‘padi, duo qilib ichkariga kiradi.

«Kattalarimiz bizga ispand o‘simligidan qanday foydalanishni o‘rgatgan. Ular balo-qazolarni bizdan yiroq tutgani uchun bu o‘simlikni doim yonimizda olib yurishni so‘ragan», — deydi Annar xonim.

Oldinlari bo‘ri, qoplonlarni qo‘rqitish uchun tuzoqlar qo‘yilgan, olovlar yoqilgan. Hatto o‘ta sovuq ob-havoda ham uyning tomida uxlashga majbur bo‘lishgan. 

«Qorong‘i tun edi. Bizda hech qanday yorug‘lik hatto chiroq ham yo‘q edi. Hali ko‘rmagunimizcha nimani yo‘qotganimizni bilmasdik», — deydi Annar.

Qiyinchiliklar haddan tashqari ko‘p edi. Bu yerda doktor ham, tibbiyot muassasasi ham yo‘q edi. Ayol bir yozda naq 12 nafar bolani yerga qo‘yganini eslaydi. Ular orasida ayolning o‘g‘li va qizi ham bor edi. 

«Qo‘llarim hozirgidek bo‘m-bo‘sh edi», — deya mushtlarini tugib, 60 yillik qayg‘usini chuqur xo‘rsingan holda eslaydi ayol. 

Kulba ichida Annar (chapda) o‘ngda Tay Bibi (o‘ngda) birgalikda an’anaviy tarzda sariyog‘ olish ishlarini amalga oshiryapti. Foto: Taseer Beyg / BBC

Yillar davomida cho‘pon ayollar muvaffaqiyatli ishbilarmon ayollarga aylandi. 

«Biz chorvaning sutlaridan qatiq, kundalik mahsulotlarni tayyorladik. Qo‘ylarning junini oldik, qishloqlarga olib boradigan narsalar yasadik», — deydi Bano.

Vohonlar jamiyati mahsulotlarini xizmatlarga ayirboshlashga tayanib kelgan. Xususan, ular uylarini ham shunday qurgan. Masalan, Afro‘za bir emas, ikkita uyga erishdi. Uni biri Shimshalda, ikkinchisi esa shaharga yaqinroq bo‘lgan Gilgitda joylashgan. 

«Men bu yerlardan juda ko‘p narsali bo‘ldim. Farzandlarimning to‘yini qildim, ta’limiga to‘ladim», — deydi g‘urur bilan Bano. 

Bano va uning boshqa yaqin cho‘pon ayollari yosh avlod uchun imkoniyatlar eshigini ochishda muhim rol o‘ynadi. Foto: Taseer Beyg / BBC

Ayollarning cho‘ponlik, erkaklarning dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelishi 2000 yillar boshiga qadar dunyodan uzilib qolgan butun jamiyat uchun burilish nuqtasi vazifasini o‘tab berdi. Ular Shimshal vodiysidan o‘tuvchi yagona yo‘lni moliyalashtirishga yordam berdi. Bu Pokiston va Xitoy o‘rtasidan o‘tuvchi Qoraqurum shossesiga olib chiqadigan yagona yo‘l edi. 

Avvallari kunlab vaqtni oladigan qatnovlar endi bir necha soatga qisqargan, hayot ham o‘zgara boshlagan. Sog‘liqni saqlash, ta’lim imkoniyatlari yaxshilandi. Yangi g‘oyalar paydo bo‘la boshladi. 

Banoning o‘g‘li bor. Ismi Vazir. U ota-onasidan farqli o‘laroq butkul boshqacha hayot tarzini olib boradi. Vazir sayyohlik kompaniyasini boshqaradi. Uning kompaniyasi trekking, alpinizm va boshqa madaniy turlarni tashkil etish bilan shug‘ullanadi.

«Yangi yo‘l ochilganidan so‘ng bizning prioritetlarimiz ham o‘zgardi. Shundan keyin men ham o‘z biznesimni boshladim», — deydi Vazir. 

Fozila 24 yoshda. U Shimshal vodiysidagi ilk mehmon uyining egasi. Uyni esa uning otasi vafotidan oldin qurgan. Onasi cho‘pon ayollardan biri, biroq u sog‘ligidagi muammolar sabab bu yil biz bilan chorvalarni haydab, tog‘ga bora olmadi.

«Onalarimiz bizni cho‘ponlikdan ko‘ra ta’limga, o‘qishga e’tibor qaratishimizga undab kelgan. Ular o‘zlari ko‘rgan qiyinchiliklar biz ham chidashimiz kerak emasligini tushuntirgan. Bizda o‘zimiz istagan narsani qilishimiz uchun erkinlik bor. Agar men o‘qishni davom ettirmaganimda, ular kabi og‘ir hayotni boshdan kechirgan bo‘lardim. Davr shunday davom etaverardi», — deydi Fozila. 

«Onalarimiz sabab hozir bizda doktorlar, muhandislar va boshqa kasb ustalari bor», — deydi tog‘u toshlar orasidan katta mashinasini haydab borayotgan Vazir.

Vazir. Foto: Taseer Beyg / BBC

Xotiralari bilan bo‘lishib, hozir farzandlarining qilayotgan ishlaridan o‘zini baxtli his etayotgan keksa cho‘pon ayollar endi Pomir tog‘lariga sayohatlar bo‘lmasligidan biroz xafa ham bo‘ladi.

«Cho‘ponlik — kasbdan ham kattaroq narsa edi. Biz Pomir bilan ipsiz bog‘langanmiz. U xuddi guldek go‘zal. U bizning mo‘jizamiz», — deydi Afro‘za. 

Farzandlari ko‘milgan qabristonga qarab ketayotgan Annarning ko‘zlari yoshga to‘lgan.

«Farzandlarim oldigan dafn qilishlari uchun men Pomirda o‘lishni xohlayman. Men yaylovlarga qaytsam, ularning oldiga qaytgandek bo‘laman», — deydi Annar.

Mavzuga oid