O‘zbekiston | 15:55 / 28.11.2023
23496
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yer ostidan o‘tkazilgan kabel yongani bo‘yicha izoh berildi

“Hududiy elektr tarmoqlari” matbuot kotibining aytishicha, “Kosmonavtlar” metro bekati yaqinidagi yong‘in yer ostidan o‘tkazilgan eski kabellarda ro‘y bergan. Iste’molchilar boshqa tarmoqqa o‘tkazilib, ta’minot tiklangan. Ayni paytda bu kollektordagi telekommunikatsiya tarmoqlarida ham uzilish kuzatilmoqda.

Bugun, 28 noyabr kuni tongda Toshkent shahri markazidagi “Kosmonavtlar” metro bekati oldida kuchli yong‘in kelib chiqdi. Natijada Ichki ishlar vazirligi binosi atrofini tutun qoplab oldi. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot kotibi Fahriddin Nuraliyevga ko‘ra, yong‘in yer ostida kabellarning shikastlanishi natijasida yuz bergan.

“Ushbu yong‘in kelib chiqishiga “Sayilgoh” podstansiyasidan chiquvchi 35 kV kuchlanishli kabel tarmog‘ining shikastlangani sabab bo‘lgan. Holat mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda. Ayni paytda mazkur kabel orqali ta’minlanuvchi iste’molchilarimiz boshqa tarmoqqa o‘tkazilib, elektr energiyasining uzluksizligi ta’minlangan. Yong‘inni o‘chirish uchun FVV tomonidan ishlar olib borilmoqda”, – dedi Nuraliyev voqea joyida Kun.uz'ga bergan intervyusida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yong‘in yuzaga kelgan simlar eski kabellar bo‘lgan.

Raqamlashtirish vazirligiga ko‘ra, yong‘in natijasida mazkur kollektordan o‘tgan telekommunikatsiya tarmoqlarininig ayrimlariga shikast yetgan.

“Shu sababli ayrim shikast yetgan optik tolali aloqa liniyalari boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha zaxira liniyalariga o‘tkazilib, taqdim etilayotgan telekommunikatsiya xizmatlari tiklanmoqda.

Kollektordagi telekommunikatsiya tarmoqlarining asosiy liniyasidagi tiklash ishlari paytida ba’zi operatorlarning ayrim telekommunikatsiya xizmatlarida kichik uzilishlar kuzatilishi mumkin”, – deyiladi vazirlik axborotida.

Qo‘shimcha qilish lozim, “Hududiy elektr tarmoqlari matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyev so‘nggi kunlarda “Sag‘bon” podstansiyasida yuz bergan nosozliklarga ham izoh berdi. Bu podstansiyadagi holat sababli oxirgi kunlarda Olmazor tumanining katta qismi elektr ta’minotidan bir necha marta uzilib qoldi.

“Sag‘bon podstansiyasida kuni kecha ham avariya holati yuzaga keldi. Buning asosiy sababi maskur podstansiyada modernizatsiya ishlari davom etyapti, ya’ni 40 ming kV'li kuch transformatorini o‘rnatish ishlari olib borilyapti. Shu sababli transformatordagi kuchlanish boshqa transformatorga o‘tkazilgan. Iste’molning ortishi natijasida avariyaviy holat vujudga keldi. Aytish o‘rinliki, ayni paytda xitoylik mutaxassislar tomonidan modernizatsiya ishlari olib borilyapti. Transformator yangilanganidan keyin ushbu hududda uzilishlar vujudga kelmaydi”, – dedi u.

Mavzuga oid