Onananing xatolari «MYu»ni «ko‘mdi», «Arsenal» 6 ta gol urdi. YeChLda kun yakunlari
Husanov debyutda penaltiga sababchi bo‘ldi, Ramosda tarixiy, Bellinghemda Zidan uslubidagi gol. Chempionlar ligasida chorshanba oqshomida o‘tkazilgan 5-tur uchrashuvlari, o‘yinlardagi gollar va guruhlardagi vaziyat.
A guruhi
Ziyosh — ten Hagning dahshatli tushi
«Galatasaroy» — «Manchester Yunayted» 3:3
Gollar: Ziyosh (29, 62), Oqturko‘g‘li (71) — Garnacho (11), Fernandesh (18), Maktominey (55).
«Galatasaroy» – Muslera, Boe, Oyxon, Bardakchi, Anxelinio (Nelsson, 83), Ziyosh (Yilmaz, 82), Torreyra, Ndombele (Oliveyra, 60), Zaa (Demirbay, 88), Mertens (Oqturko‘g‘li, 60), Ikardi.
«Manchester Yunayted» – Onana, Uan-Bissaka (Dalot, 78), Maguayr, Lindelyof, Shou, Fernandesh, Amrabat (Maynu, 58), Maktominey, Antoni, Garnacho (Pellistri, 78), Hoylund (Marsiyal, 58).
Ogohlantirishlar: Fernandesh (27), Boe (42), Amrabat (45), Oyxon (53), Shou (59), Uan-Bissaka (64).
Birinchi davrada «Old Trafford»da kechgan uchrashuvda mezbonlar ikki bor hisobda oldinda borishgan, ammo yakunda yutqazishning uddasidan chiqishgandi (2:3). Shunday ekan, Istanbuldagi «hayot-mamot» o‘yinida «qizil iblislar»dan hisobni imkon qadar tezroq qulay ko‘rinishga keltirish talab etilardi va 18-daqiqaga kelib chindan ham shunday vaziyat yuzaga kelgandi. Avvaliga Garnacho Hoylund va Brunu Fernandeshning kombinatsiyasi yakunida yaqin burchakni aniq nishonga oldi. Keyin «MYu»ning portugaliyalik sardori uzoq masofadan chiroyli zarba yo‘llab, hisobda farqni oshirdi. Ammo hatto ikki to‘p ustunligi ham yetarli bo‘lib chiqmadi.
Hisob 1:0 holatida Onana qahramonlik ko‘rsatgandi, ammo keyin mezbonlar ushbu darvozabonning nozik tomonidan foydalana boshladi. Tanaffus arafasida Ziyosh sobiq jamoadoshi hamda sobiq ustozini noqulay holatga tushirib qo‘ydi, u zarba shu tomondan kelishini taxmin qilib «jonli devor»ning ort tomoniga harakatlana boshlagan darvozabonni bo‘sh qoldirilgan hududga yo‘llangan oddiy zarba bilan jazoladi. Ikkinchi bo‘limda — Maktominay Van-Bissakaning ajoyib uzatmasini golga aylantirib, oradagi farqni yana ikki golga yetkazganidan ko‘p o‘tmay — Onana Ziyoshning aylantirib yo‘llagan pasini o‘zi darvozaga kiritib yubordi.
U keyingi vaziyatda Ziyoshning navbatdagi zarbasini qaytardi, ammo Oqturko‘g‘li baribir uchinchi golni urdi. U Ziyoshning a’lo darajadagi uzatmasidan keyin jarima maydoniga kirib, kuchli va aniq zarba yo‘lladi. Bu uchrashuvdagi dramatizm Manchesterda kechgan birinchi o‘yindagidan ko‘proq bo‘ldi, agar tomonlar o‘z vaziyatlaridan aniqroq foydalana olganida tablodagi raqamlar 5:5 ko‘rinishini olishi ham mumkin edi.
Va bu ikki jamoa himoyachilarining juda yomon o‘yini tufayli emas, balki hujumlar yaxshi tashkil etilgani evaziga bo‘ldi. Mehmonlar 90-daqiqada g‘alabani ilib ketishi mumkin edi, Lukas Torreyra to‘pni uzoqlashtirishda xatoga yo‘l qo‘yib, uni vatandoshi Pelistriga sovg‘a qildi, ammo yosh futbolchining yana bir tajribali urugvaylik Muslera bilan duelda oyoqlari qaltiradi.
«Bavariya» — «Kopenhagen» 0:0
«Bavariya» – Noyyer, Upamekano, Goretska, Devis (Kretsig, 86), Gerreyru (Pavlovich, 64), Kimmih, Laymer, Myuller, Koman (Sane, 64), Keyn, Tel (Gnabri, 64).
«Kopenhagen» – Grabara, Yyelert, Boylesen (Ankersen, 71), Vavro, Diks, Falk, Elyunussi, Lerager, Gonsalvesh (Hoylund, 90+5), Bardakchi (Ashuri, 60), Klasson (Ouskarsson, 60).
Ogohlantirishlar: Gonsalvesh (24), Falk (55).
«MYu» oxirgi o‘rinda qoldi va guruhdan faqat bir holatda chiqishi mumkin. Birinchidan, so‘nggi turda YeChL guruh bosqichlarida olti yildan buyon mag‘lubiyat neligini bilmayotgan «Bavariya»ni mag‘lub etish talab etiladi. Ikkinchidan, «Kopenhagen» va «Galatasaroy» o‘zaro o‘yinda durang o‘ynashi kerak. «Bavariya» bu turda haddan tashqari ko‘ngilchanlik qildi va belgiyaliklarga ochko ulashdi. Nemislar yana g‘alaba qozonishi ham mumkin edi, qo‘shimcha daqiqalarda «Kopenhagen» futbolchisi jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi, ammo penalti qo‘yilmadi.
12 dekabr. «Manchester Yunayted» — «Bavariya», «Kopenhagen» — «Galatasaroy».
V guruhi
Ramosning tarixiy, lekin befoyda goli
«Sevilya» — PSV 2:3
Gollar: Ramos (24), An Nosiri (47) — Saybari (68), Gudel (82), Pepi (90+2).
«Sevilya» – Dmitrovich, Navas (Xuanlu Sanches, 58), Ramos, Gudel, Akunya, Rakitich, Fernando (Torres, 84), Sou (Jordan, 74), Okampos, Lukebakio (Nyanzu, 73), An Nosiri (Mir, 74).
PSV – Benites, Teze, Ramalo (Saybari, 58), Boskali (van Anholt, 82), Dest, Sxauten (Pepi, 82), Til (Tillman, 58), Verman, Losano (Vertessen, 44), Bakayoko, de Yong.
Ogohlantirishlar: Losano (33), Okampos (63).
Chetlatish: Okampos (66), Fernando (90).
Serxio Ramos 18 yil o‘tib «Sevilya»ga qaytganidan keyingi ilk golini urdi. Uning zarbasi Chempionlar ligasining hozirgi formatidagi 10-minginchi gol sifatida tarixga kirdi. Andalusiyaliklar ikkinchi bo‘lim boshida ustunlikni oshirdi va jamoaning g‘alabasi kafolatlangandek ko‘rinayotgandi. Keyin esa jamoa uchun haqiqiy dahshat boshlandi va klubdagi bugungi inqirozni namoyon etib berdi.
O‘tgan mavsum davomida «Sevilya» Xulen Lopetegi va Xorxe Sampaolini ishdan bo‘shatgandi. Bunisida — Yevropa ligasida g‘olib bo‘lgan Xose Luis Mendilibaraga javob berildi. Uning o‘rniga kelgan Diyego Alonso ham uzoq qola olmasligi ko‘rinib turibdi. O‘z vaqtida futbolchi sifatida Ispaniyada to‘p surgan 48 yoshli urugvaylik bungacha Yevropada biror jamoani boshqarmagandi va hozircha antikrizis menejyer bo‘lib ko‘rinmayapti. Faoliyatini «Real»ga qarshi durang bilan boshlagan Alonso shundan keyin faqat kubok o‘yinida oltinchi divizion vakili bo‘lgan klubni yenga oldi.
PSV bilan o‘yindagi mag‘lubiyat — qatorasiga ikkinchisi. Va eng og‘riqlisi ham. Ikki chetlatish, avtogol tufayli ustunlik boy berilishi va qo‘shimcha daqiqalarda hal qiluvchi gol o‘tkazib yuborilishi. Bundan yomonrog‘ini o‘ylab topish ham qiyin. Ispanlar endi guruhdan chiqa olmasligi aniq bo‘ldi, ikkinchi darajali yevrokubok pley-off bosqichiga o‘tish uchun esa oxirgi turda «Lans»ni safarda mag‘lub etish kerak bo‘ladi. Jamoa buning uchun fransuzlarni ayamagan «Arsenal»dan minnatdor bo‘lishi kerak. PSV esa Okamposning qizil kartochkasidan maksimum foydalandi. Niderlandlar bungacha YeChLda 32 bor o‘yin davomida 0:2 hisobida ortda borgan holatlarida har safar yutqazgan, endi esa Peter Bos jokerlar — Saybari va Pepeni aniq topib, mo‘jiza amalga oshirdi.
«Arsenal» — «Lans» 6:0
Gollar: Haverts (13), Jyezus (21), Saka (23), Martinelli (27), Edegor (45+1), Jorjino (86, penalti).
«Arsenal» – Rayya, Tomiyasu (Uayt, 46), Gabriel, Saliba, Zinchenko (Kiver, 46), Edegor, Rays (Jorjinio, 75), Haverts, Martinelli, Saka (Nelson, 66), Jyezus (Nketia, 82).
«Lans» – Samba, Gradi (Husanov, 62), Danzo, Medina (Machado, 46), Aydara, Frankovski, Mendi (Koshta, 76), Fyuljyeni, Abdul Samad (El Enaui, 46), Sotoka (Tomasson, 46), Vai.
Ogohlantirishlar: Mendi (41), Husanov (63), Aydara (64).
«Arsenal» o‘zi xohlagan ishni qildi va ta’bga qarab gollar urdi. Tanaffusgacha 5:0 — Angliya jamoalarining YeChLdagi rekordi bo‘ldi. Dastlabki 45 daqiqalikda besh golni besh xil futbolchi urishi umuman asosiy yevrokubok tarixida kuzatilmagandi. Gol urganlardan biri — Saka leverkuzenliklar yetakchisi Virs bilan birgalikda top-5 ligalarda bu mavsum kamida 10 ta golli uzatma amalga oshirgan ikki futbolchidan biri bo‘lib oldi.
Mehmonlar safida ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov esa o‘yin oxirida Martinelli bilan to‘p uchun kurashda qo‘li bilan o‘ynagani tufayli penaltiga sababchi bo‘ldi, londonliklar sardori Edegor esa penalti tepish huquqini Jorjinoga topshirib, jamoadagi ahillikni yana bir bor namoyish etdi, u bu bilan oxirgi vaqtlarda asosiy tarkibdan joy ololmayotgan va Italiya milliy jamoasining oxirgi o‘yinlaridan birida penaltidan foydalana olmagan jamoadoshini qo‘llab-quvvatladi, u esa o‘z uslubidagi sakrab zarba berishdan voz kechib, hisobni 6:0 ko‘rinishiga keltirdi. «Kanonirlar» birinchi davradagi mag‘lubiyat uchun shunday qasos olishdi.
Guruhda «Arsenal» birinchi, PSV ikkinchi o‘rinni oldi, so‘nggi turda ushbu jamoalarning o‘zaro uchrashuvida hech qanday intriga yo‘q.
12 dekabr. «Lans» — «Sevilya», PSV — «Arsenal».
S guruhi
Qaymoqranglilarda — besh o‘yinda besh g‘alaba
«Real» — «Napoli» 4:2
Gollar: Rodrigo (11), Bellinghem (22), Paz (84), Xoselu (90+4) — Simeone (9), Angissa (47).
«Real» – Lunin, Karvaxal, Alaba, Ryudiger, Mendi (Nacho, 87), Kroos, Seballos (Hoselu, 57), Valverde, Bellinghem, Dias (Pas, 65), Rodrigo (Vaskes, 87).
«Napoli» – Meret, Di Lorenso, Rrahmani, Natan, Jyezus (Zanoli, 87), Lobotka (Raspadori, 87), Zelinski (Elmaz, 65), Zambo-Angissa, Politano (Kayuste, 78), Kvaratsxeliya, Simeone (Osimhen, 46).
Ogohlantirish: Zelinski (49).
«Santiyago Bernabeu»da natija ko‘proq «Napoli»ga kerak edi. «Real» to‘rtinchi turdan keyinoq pley-off yo‘llanmasini hal qilgan bo‘lsa, neapolliklar so‘nggi turda boshqa raqiblarning natijalariga qarab qolmasligi uchun bu o‘yinda g‘alaba qozonishi talab etilardi. «Qaymoqranglilar» tarkibi optimal darajada emasdi, ancha oldinroq safdan chiqqan Kurtua, Kepa va Militaodan tashqari bu o‘yinda Vinisius, Chuameni, Kamavinga, Guler va Modrich ham o‘ynay olmasdi, lekin Valter Matssarri ham jiddiy muammoga uchragandi. Italiya chempionlarining eng yaxshi to‘purari Viktor Osimhen belidagi jarohati hali to‘liq tuzalmagani tufayli faqat zaxira o‘rindig‘idan joy oldi va hujum markazida uning o‘rnini «Atletiko» bosh murabbiyining o‘g‘li Simeone egalladi.
Aynan ushbu hujumchi «Napoli»ning vaziyatidan foydalanib, darvozani ishg‘ol etdi. Bungacha jamoalar amalda darvozasiz o‘ynashdi. Golli hujumda Kvaratsxeliya to‘pni egallab oldi va o‘zining chap qanotidan olis ustun hududiga aniq uzatma berdi, bu yerda Di Lorenso Bellinghemni ortda qoldirdi (Jud 4-4-2 sxemasida chap qanotda himoyalandi) va qulay vaziyatda ochilgan argentinalikni to‘p bilan ta’minladi.
Ammo shundan keyin «Real»ning g‘azabi qo‘zib, tezlikni oshirdi va 11 daqiqa ichida ikki gol urdi. Anchelotti jamoasi darhol javob qaytardi. Golli hujumni maydon markazida to‘pni egallab, uni jarima maydoni hududigacha olib borgan Dias uyushtirdi va Rodrigo hujumga nuqta qo‘ydi.
«Real»ning ikkinchi goli ham ijro borasida birinchisidan qolishmadi. Mezbonlar uzoq vaqt davomida to‘pni o‘zida ushlab turdi va kerakli vaqtda Alaba oldinga tashlandi. Jarima maydoni ichida esa Bellinghem top darajasini namoyish etdi. Jud Natandan qochib ketdi va to‘pga bir teginishda ideal zarba berdi – Zinedin Zidan uslubida. Bellinghem «Real»dagi aqlbovar qilmas seriyasini davom ettirmoqda. Tanaffus arafasida angliyalik oyog‘ini qayirib olib safdan chiqishi ham mumkin edi, unga shifokorlar yordami talab etildi, lekin u o‘yinni oxiriga qadar davom ettira oldi.
Osimhen faqat ikkinchi bo‘limda maydonga tushdi, «Real» esa bo‘limning ilk daqiqalarida tanaffusdan qaytmagandek edi. «Napoli» ikki daqiqa o‘tmay hisobni tenglashtirdi. Keyinroq mehmonlar yana bir qarshi hujum uyushtirdi, agar Kvaratsxeliyaning Osimhenga uzatmasi aniq chiqqanida gol muqarrar edi. Ammo pasni Valverde egallab oldi va muxlislar olqishi ostida o‘yinni davom ettirdi.
To‘pga egalik qilish borasida «Real» va «Napoli» amalda teng edi, Osimhen bo‘lim o‘rtalarida urgan gol ofsayd tufayli bekor qilinganida, statistika Matssarri jamoasining zarbalar bo‘yicha ustunlikka erishayotganini ko‘rsatdi – 9:8 (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha – 3:3). Shundan keyin «Real»da Hoselu uchta vaziyatni yo‘qa chiqardi. Ulardan birida Bellinghemning zarbasini Meret bir amallab qaytarganida u to‘pni bo‘sh darvozaga joylab qo‘yishi kifoya qilardi.
Yakunda «Real»ning saviyasi «Napoli»ning urinishlaridan ustun keldi. Lekin g‘alaba golini yulduzlardan biri emas, balki 19 yoshli hujumkor yarimhimoyachi, «Kastilya»dan kattalar jamoasiga jalb etilgan Niko Pas urdi. Argentinalik futbolchi kutilmaganda ortga burilib, Kayusteni ortda qoldirganidan keyin undan uzatma kutilganida zarba yo‘lladi. Meret rikoshet tufayli yaqin burchagidan gol o‘tkazib yubordi.
«Napoli»ni Osimhen ham, Kvaratsxeliya ham qutqara olmadi. Xvicha, o‘yinni yaxshi boshlaganiga qaramay, bu uning eng yaxshi o‘yinlaridan biri bo‘lmadi: to‘pga 57 bor teginish (shundan faqat 5 tasi raqib jarima maydoni ichida), uch zarba (birortasi darvoza sohasiga aniq bormadi), yetti urinishdan uchta muvaffaqiyatli aldab o‘tish va zarba berish uchun atigi bitta pas. O‘yin yakunida esa Hoselu nihoyat o‘z golini urdi – bu vaziyatda ham Bellinghem ajoyib uzatmani amalga oshirdi.
«Braga» — «Union» Berlin 1:1
Gollar: Jalo (51) — Gosens (42).
«Braga» – Mateus, Gomes (Mendesh, 82), Fonte, Niakate, Borxa, Moutino, Karvalo (Saatchi, 36), Salasar (Andre Orta, 82), Rikardu Orta, Jalo (Fernandesh, 82), Banza (Ruis, 68).
«Union» – Rennov, Yuranovich, Knoxe, Leyte, Russiyon, Gozens, Xedira (Aaronson, 79), Tuzar (Haberer, 61), Laiduni (Kral, 78), Folland, Berens (Fofana, 62).
Ogohlantirishlar: Knoxe (3), Gomes (33), Tuzar (39), Salasar (45), Xedira (54).
Chetlatish: Niakate (31).
«Union» Berlin mo‘jizasi muallifi Urs Fisherni baribir ishdan bo‘shatdi, avvalroq uning o‘zi iste’fo so‘ragandi. Rahbariyat tomondan ishonchning o‘zi yetarli emasdi va inqiroz chuqurlashib boraverdi. «Union» mavsumni uch g‘alaba bilan boshlagandi, keyin esa — 28 avgustdan boshlab — jamoa umuman o‘ziga o‘xshamay qoldi. Qatorasiga 12 o‘yindagi mag‘lubiyat, g‘alabasiz 15 o‘yin — bu falokat. Xorvatiyalik Nenad Belitsaning tayinlovidan keyin ham o‘zgarish bo‘lmayapti. Oktyabrda «Trabzonspor»dan ishdan bo‘shatilgan ushbu 52 yoshli mutaxassis boshchiligida berlinliklar g‘alaba qozonish uchun real imkoniyatga ega edi va hisobda oldinda borayotgandi, ammo qariyb bir soat ko‘pchilik bo‘lib o‘ynagan jamoa Jaloning hujumidan javob goli o‘tkazib yubordi. «Union»ga taskin beradigan yagona jihat – jamoa murabbiylar shtabida ayol kishi – Mariya-Luiza Eta bo‘lgan ilk jamoa sifatida YeChL tarixiga kirgani bo‘ldi.
So‘nggi turda «Napoli» va «Braga» uchrashuvi hayot-mamot jangiga aylanadi, ikkinchi o‘ringa chiqish uchun portugallar ikki to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishi talab etiladi, shunda jamoa ochkolar soni bo‘yicha italiyaliklarga yetib olib, to‘plar nisbatiga ko‘ra yaxshiroq vaziyat hosil qiladi. «Union» hali ham Yevropa Ligasidan umidvor, buning uchun «Real»ni yengish va «Braga»ning mag‘lubiyatidan umid qilish kerak bo‘ladi.
12 dekabr. «Napoli» — «Braga», «Union» — «Real».
D guruhi
«Inter» o‘yinda burilish yasadi va 0:3 dan chiqib ketdi
«Benfika» — «Inter» 3:3
Gollar: Mariu (5, 13, 34) — Arnautovich (51), Frattezi (58), Sanches (72, penalti).
«Benfika» – Trubin, Otamendi, Antoniu Silva, Morato, Di Mariya (Araujo, 89), Rafa Silva (Guveyya, 90+9), Florentinu (Ko‘kchyu, 79), Nevesh, Mariu (Shikino, 90+9), Eursnes, Tengstedt (Musa, 79).
«Inter» – Audero, Darmian (Kuadrado, 68), de Vrey (Dimarko, 77), Acherbi, Bissek, Augusto, Klassen (Barella, 68), Frattezi, Aslani, Arnautovich (Tyuram, 68), Sanches (Martines, 79).
Ogohlantirishlar: Mariu (72), Kuadrado (76), Morato (78), A.Silva (83).
Chetlatish: A.Silva (86).
Guruh masalasi muddatidan oldin hal bo‘lgani uchun Simone Indzagi A seriya ustuvorligini aytib o‘tgandi, o‘tgan dam olish kunlarida «Yuventus» bilan muhim durangga erishilganidan keyin (1:1) neradzurrilarni Neapolga safar kutmoqda. O‘z-o‘zidan Lissabondda nominal ikkinchi tarkib tushirildi, ammo bu «Inter»ni oqlay olmaydi. Iyunda finalda o‘ynagan jamoa kaltakbop bolalarga aylanishga haqli emasdi. Bu holatda Italiya chempionati yetakchisi sobiq futbolchisi Joau Mariudan 34 daqiqa ichida het-trik qabul qilib oldi. U YeChLning o‘tgan mavsumida «Benfika»ning eng samarador futbolchisi bo‘lgandi, ammo bungacha yevrokubokda bir o‘yinda bittadan oshiq gol urmagandi.
Indzagiga bu holat yoqmadi va ikkinchi bo‘limda «Da Luj» maydoniga butunlay boshqacha jamoa tushib keldi. Bu faqat tarkibdagi qayta tuzilishlar haqida emas. Avvaliga VAR mehmonlarga yordamga keldi va Arnautovich Chempionlar ligasida 2010 yildan buyon urilgan ilk golini nishonladi. Keyin Frattezi to‘pni to‘xtatmasdan zarba berib hisobni yanada qisqartirdi, nihoyat Otamendi jarima maydoni ichida Tyuramga qo‘pollik qilgach, Aleksis Sanches YeChLdagi ilk penaltisini aniq ijro etib, muvozanatni tikladi.
«Real Sosiyedad» — «Zalsburg» 0:0
«Real Sosiyedad» – Remiro, Odriosola (Traore, 74), Elustondo (Pacheko, 46), Subeldiya, Munos, Mendes (Barrenechea, 65), Subimendi, Turriyentes, Zaxaryan, Oyarsabal (Sodiq, 80), Cho (Kubo, 74).
«Zalsburg» – Shlager, Dedich, Pavlovich (Morgalla, 46), Piontkovski, Ulmer (Baydu, 84), Bidstrup, Suchich, Kapaldo, Glux (Amankva, 78), Dorjyeles (Konate, 62), Ratkov (Shimich, 62).
Ogohlantirishlar Elustondo (38), Dedich (90+1).
Bu guruhda pley-off ishtirokchilari o‘tgan turdan keyinoq ma’lum bo‘lgandi. «Real Sosiyedad» bu turda ham ochko yo‘qotganiga qaramay, hamon birinchi o‘rinda, endi oxirgi turda «Inter»ga qarshi «Juzeppe Meatssa» o‘yingohida bo‘lib o‘tadigan o‘zaro uchrashuvda pley-offga kim birinchi o‘rin bilan chiqishi masalasi hal qilinadi. «Zalsburg» esa Yevropa Ligasiga yo‘l olishi uchun o‘z uyida «Benfika»ga uchta to‘p farqi bilan yutqazmasligi kifoya.
12 dekabr. «Zalsburg» — «Benfika», «Inter» — «Real Sosiyedad».
Kun statistikasi
- Jud Bellinghem «Real» uchun YeChLdagi dastlabki to‘rt o‘yinida gol urgan birinchi futbolchiga aylandi. Ushbu angliyalik barcha turnirlar hisobga olinganda madridliklar uchun 15 gol urgan, bu Dortmunddagi o‘tgan mavsum davomidagi natijasidan yaxshiroq.
- «Galatasaroy» yarimhimoyachisi Hakim Ziyosh so‘nggi yigirma yillikda YeChL o‘yinida jarima zarbasidan ikki gol urgan 3-futbolchi bo‘ldi. Bungacha bu ishni faqat Krishtianu Ronaldu va Neymar uddalagandi.
- «Napoli» hujumchisi Jovanni Simeone yevrokubokda urgan gollari sonini 5 taga yetkazdi. Bu mashhur otasi Diyegoning natijasidan hozircha bittaga kamroq.
- Mavsumdagi ilk yigirma o‘yinda o‘tkazilgan 33 gol — «MYu»ning 1962 yildan buyon eng yomon natijasi. Bundan tashqari, «qizil iblislar» darvozasi YeChL guruh bosqichidagi besh o‘yinda 14 bor ishg‘ol etilgan ilk ingliz jamoasi bo‘ldi. Bungacha eng yomon ko‘rsatkich 11 gol bo‘lgandi.
- Portugaliya milliy jamoasi hujumchisi Rikardu Orta «Braga» uchun 347-o‘yinini o‘tkazdi. Bu klub tarixidagi ikkinchi ko‘rsatkich.
Mavzuga oid
12:02 / 22.12.2024
«Barsa»da inqiroz, «Siti»da antirekord. Kun o‘yinlari
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
12:24 / 16.12.2024
«Barsa» yana autsayderga yutqazdi, «Siti» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
12:23 / 15.12.2024