O‘zbekiston | 00:03 / 30.11.2023
14893
3 daqiqa o‘qiladi

Ziroat Mirziyoyeva xalqaro sammitda ishtirok etdi

Qatarda «Sun’iy intellekt davrida inson ijodkorligi» mavzusiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.

O‘zbekiston prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva Qatardagi XI Ta’lim bo‘yicha xalqaro innovatsion sammitda ishtirok etdi.

Ushbu yirik anjuman 2011 yildan buyon Qatar davlati Ta’lim, fan va ijtimoiy taraqqiyot fondi (Qatar Foundation) raisi, shayxa Muza bint Nosir al-Misnad shafeligida o‘tkazilmoqda. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad – siyosat, tadqiqotlar, yetakchilik kabi sohalarda tashabbuslarni ilgari surish orqali ta’limda innovatsion dasturlarni yaratishdir.

Bu yilgi tadbir «Sun’iy intellekt davrida inson ijodkorligi» mavzusiga bag‘ishlandi.

29 noyabr kuni sammitning asosiy tadbirlarida yuqori darajadagi mehmonlar, jumladan, xorijiy davlatlar vazirlari, ta’lim va ijtimoiy sohalar ekspertlari qatnashdi.

Bu sammitdagi ishtirok so‘nggi yillarda jadal rivojlanib borayotgan O‘zbekiston bilan Qatar o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir ifodasi bo‘ldi.

PS: Mirziyoyeva Ziroát Maxmúdovna (1964 yil 4 dekabr kuni tug‘ilgan, Qo‘qon shahri, Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston SSR) – jamoat arbobi, muhandis-iqtisodchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning rafiqasi.

Ziroat Mirziyoyeva 1964 yil 4 dekabr kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1986 yilda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini (hozirda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti) muhandis-iqtisodchi ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. O‘zbek, rus va ingliz tillarini biladi. Ikki nafar qizi va bir nafar o‘g‘li bor. Mumtoz va milliy musiqani xush ko‘radi, tarix bilan qiziqadi.

2020 yildan buyon O‘zbekistonda ochiq va inklyuziv muhitni yaratish orqali aholining yordamga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish, sog‘liqni saqlash va ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha qator xayriya loyihalarini amalga oshirayotgan “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisidir.

Fond faoliyatining ustuvor yo‘nalishi atrof-muhitni muhofaza qilishdan iborat. Ko‘kalamzorlashtirish, havo sifati monitoringini avtomatlashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yoshlar orasida ekologik ta’limni rivojlantirish, olis hududlarda toza ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi masalalar bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.  

Ijtimoiy va ekologik sohalardagi dolzarb masalalarga ko‘proq e’tibor qaratish maqsadida ham milliy, ham xalqaro darajada qator tadbirlarni o‘tkazmoqda.

Mavzuga oid