O‘zbekiston | 11:26 / 01.12.2023
13220
4 daqiqa o‘qiladi

“Bu ochiqlik siyosatiga zid” - Akmal Burhonov IIV xodimlari tasvirlarini tarqatishga doir loyiha haqida

Ichki ishlar vazirligining taklifi bilan deputatlar qabul qilgan qonun loyihasida huquq-tartibot idoralari xodimlarining tasvirlarini “obro‘sizlantirish maqsadida” internetda e’lon qilish uchun jazolash nazarda tutilmoqda. Korrupsiya qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov ochiqlik siyosatiga zid bo‘lgan ushbu norma qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini aytdi. 

Aksilkorrupsiya agentligi direktori Kun.uz nashriga Akmal Burhonov O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish va davlat tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oshirishga doir prezident farmoni yuzasidan intervyu berdi. Burhonov intervyu davomida jamoatchilik uchun dolzarb bo‘lib turgan IIO xodimlari tasvirlarni tarqatishga doir savolga ham javob berdi.

“Bu loyihaga salbiy qaraymiz, agentlik bunga qo‘shilmaydi. To‘g‘ri, albatta shaxsni obro‘sizlantirish maqsadida video tasvirga olishning o‘zi qonunchilikka zid. Nafaqat ichki ishlar xodimlarini, balki oddiy fuqarolarni ham obro‘sizlantirish maqsadida tasvirga olib tarqatish noqonuniy harakat sifatida baholanishi kerak.

Lekin bu masalada aniq tartiblar belgilanmagani uchun ko‘plab tushunmovchiliklar va savollarni keltirib chiqarishi mumkin. Ya’ni, tasavvur qiling, ichki ishlar xodimi choy ichib o‘tiribdi. Shuni ko‘rsatib chiqarib yuborsa xodim “bizni obro‘sizlantirgan”, degan vajni aytishi mumkin va shuni aybdor qilib yuborishlari mumkin. Tushunyapsizmi? Aniqlashtirilmaganligi uchun. Aynan bu normada taklif etilayotgan o‘zgarishga biz agentlik vakili sifatida salbiy qaraymiz va ochiqlik siyosatiga zid, deb hisoblaymiz.

Hozirgi kunda ham agar IIO xodimlarini video tasvirga olib, uni obro‘sizlantirib chiqarib yuboradigan bo‘lsa, qonunchilikda javobgarlik bor. Sudga murojaat qilib, uni javobgarlikka tortishi mumkin. Lekin, alohida “huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimi tasvirga olish” degan normani kiritilishi uni tatbiq qilinishida ham qiyinchiliklar keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, bunda suistemolchilik ham bo‘lishi mumkin. Chunki javobgarlikka tortish huquq tartibot idoralari, ichki ishlar idoralarning vazifasi hisoblanadi. Buni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman”, — deya Burhonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

28-noyabr kuni bo‘lib Oliy Majlis qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida huquq-tartibot idoralari xodimlarini “obro‘sizlantirish maqsadida” ish faoliyatiga oid foto va videolarni internetda e’lon qilganlik uchun javobgarlik joriy etish taklif qilindi.

Ichki ishlar vazirligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 195−2-moddani kiritishni taklif qilgan, unga ko‘ra ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishi vaqtida olingan surat va videolarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internetda joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima solishga yoki 15 sutkagacha qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Deputat Doniyor G‘aniyev birinchi o‘qish jarayonida bu huquq-tartibot idoralaridagi ayrim xodimlar mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzishini rag‘batlantirishi mumkinligiga e’tibor qaratgan. Lekin, deputatlar loyihani 3 o‘qishda qabul qildi.

Muhokamalardan so‘ng ijtimoiy tarmoq faollari ham keskin e’tirozlarini bildira boshladi. Faollar IIVning bu loyihasini prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik siyosatiga zid va orqaga tashlangan qadam, deb atadi. 

Korrupsiya qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov bilan to‘liq intervyuni tez kunlarda Kun.uz saytida ko‘rishingiz mumkin.

Mavzuga oid