Jamiyat | 16:38 / 01.12.2023
26806
3 daqiqa o‘qiladi

Oramizdagi odamlar: g‘am-qayg‘usini mehnat bilan yengayotgan qishloq ayoli

Shafoat opa Arzamova qishloq ayollari bilan birga kunlik ishlarga chiqadi. Bog‘larda meva, dalada paxta teradi. Ayni paytda u sabzi kavlash ishlariga jalb qilingan. Matonatli ayolning kenja o‘g‘li muhojirlikda kasallik orttirib kelib vafot etgan. Farzand dog‘ini ko‘tara olmagan ota ham erta hayotdan ko‘z yumdi. “Kunlik ishlarga chiqib o‘zimni ovutishga harakat qilaman. Ham ro‘zg‘or kamchiliklarini butlayman”, deydi u.

“Paxta terish mavsumi tugab, endi sabzi yig‘ishtirishga tushdik. Har bir kunimizga 90 ming so‘mdan berishadi.

Erta tongdan to kech 16:30 larga qadar daladamiz. 57 yoshdaman. Tanishlarim pensiya pulingizni olib tinchgina uyda o‘tirsangiz bo‘lmaydimi, deyishadi. Uyda o‘tira olmayman. Kunlik ishda pul topib ro‘zg‘or kamchiliklarini butlasam deyman. To‘rt mucham sog‘, Yaratganga shukr, mehnat qilishga yarayman.

Oilada 9 jonmiz. Katta o‘g‘limning 4 farzandi bor. Turmushga chiqib ketgan qizim ham biz bilan yashaydi. O‘g‘lim qishloqda ustachilik qiladi.

Sabzida dekabrning yarmiga qadar ish bor. Yanvar, fevral oylarida kunlik ishlar kamayadi. Shu vaqtda ozgina dam olamiz. Mart oylaridan esa yana qo‘limiz qo‘limizga tegmaydi.

Turmush o‘rtog‘im vafotidan keyin oilada ham ota, ham onaman. Hech bir bandaga farzand dog‘ini bermasin ekan. Kenja o‘g‘lim 20 yoshida Rossiyaga ishlagani ketib, kasal bo‘lib qaytdi. Bir necha kasalxonalarga olib borib davolatishga harakat qildik. Lekin qo‘limizdan hech narsa kelmadi. 2011 yilda vafot etdi. Farzand dog‘ini ko‘tara olmay turmush o‘rtog‘im ham erta hayotdan ko‘z yumdi.

Erta bahordan boshlab to dekabr oyi oxirigacha kunlik ishlarga chiqib rizqimizni terib kelamiz. Yil bo‘yi ishlab bug‘doy, ko‘mir, yog‘, guruch g‘amlab qo‘yaman. Farzandlarim muhtojlik ko‘rmasin deyman. Bir kun ishlab kelib ro‘zg‘orimni but qilsam, Yaratganga shukrlar aytaman. Bundan ortig‘ini so‘ramayman. Mardikorchilikni har xil talqin qilishadi. E’tibor bermaslikka harakat qilaman. Mardikorlik qilib yuribdi bu ayol degan gap-so‘zlardan uyalmayman. Chunki shu orqali ro‘zg‘or tebratyapman. Baxt men uchun farzandlarim yonimda ekani, nevaralarim borligi.

Ular sog‘ va tinch bo‘lsa, men uchun undan katta baxt yo‘q. Ishdan charchab kelganimda nevaralarim yonimga yugurib kelishadi. Ularni ko‘rib bor charchoq ham chiqib ketadi”, – deydi Shafoat opa Arzamova.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Asror Almuratov

Mavzuga oid