O‘zbekiston | 12:50 / 02.12.2023
13095
2 daqiqa o‘qiladi

“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘ida o‘rnatilgan fotoqopqon turkman qulonlarini suratga oldi

Turkman qulonlari butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan kenja tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Foto: Videodan kadr

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufidagi “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘ida o‘rnatilgan fotoqopqon obektiviga turkman qulonlari muhrlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, turkman qulonlari butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan kenja tur sifatida O‘zbekiston Qizil kitobi va TMXI Qizil ro‘yxatiga kiritilgan. XIX asrning oxirlarigacha Ustyurtda ko‘p uchragan, XX asrning 30-yillariga kelib butunlay yo‘q bo‘lib ketgan.

1982–1983-yillarda Turkmanistonning “Qoplonqir” qo‘riqxonasi hududidan 100 ta qulon O‘zbekiston hududiga kirib kelgan. Ular Buxoro ixtisoslashgan “Jayron” pitomnigiga ko‘chirilgan.

Ayni damda “Janubiy Ustyurt” qo‘riqxonasining Qoraqalpog‘istondagi qismi va Sariqamishsoy botig‘ida 50-100 ta, Buxoro ixtisoslashgan “Jayron” pitomnigida esa yuzdan ortiq qulon yashashi qayd etilgan.

Mavzuga oid