Jahon | 16:43 / 05.12.2023
17895
4 daqiqa o‘qiladi

Alp tog‘laridan Laplandiyagacha – bu yerlarni qishda bir marta bo‘lsa ham borib ko‘rish shart

Laplandiyada shimol bug‘ularini, oppoq qorga burkangan o‘rmonni tomosha qilish, Sloveniyada esa muzlagan ko‘l ustida konkida uchish, Arktikada pingvinlarni ko‘rish mumkin. Albatta, bu manzillarning hammasiga borish imkonsiz, lekin inson hatto suratlar orqali ham go‘zal qish atmosferasini his qila olishi mumkin.

Foto: Getty images

Qish kelishi bilan tabiatning oq qorga burkanishi manzarasini ko‘rish istagi paydo bo‘ladi. Lekin oxirgi yillarda iqlim o‘zgarishi sabab bir yili qishda qor yetarlicha yog‘sa, bir yili qorni kuta-kuta bahor kelganini sezmay qolamiz.

Lekin Yer yuzida shunday manzillar borki, u yerlarda haqiqiy qish atmosferasini to‘laligicha his qilish mumkin.

Alp tog‘lari, Shveytsariya

Foto: Getty images

Haqiqiy qishni his qilish uchun Alp tog‘lari juda yaxshi manzil. Bu yerda qor bilan qoplangan o‘rmon, muzli cho‘qqilar va muzlagan ko‘l manzarasi bor. Alp tog‘larining go‘zal manzarasidan bahra olish uchun turistlar dunyodagi eng sekin poyezdlardan biri sifatida tanilgan Muz ekspress poyezdiga chiqishadi.

Foto: Getty images

Yosimet milliy bog‘i, Kaliforniya

Foto: Getty images

Yosimet milliy bog‘i Amerikaning eng go‘zal va mashhur tabiat mo‘jizalaridan biri. Bu yerda istalgancha chang‘i uchish, qorda sayr qilish mumkin. Park hududiga yiliga 4 mln odam boradi.

Tromso, Norvegiya

Foto: Getty images

Tromso Norvegiyadagi munitsipalitetlardan biri, o‘zining maftunkor tabiati bilan ajralib turadi. Bu yerda Shimol yog‘dusini ko‘rish mumkin. Qishda o‘rtacha harorat minus 4 daraja atrofida bo‘ladi.

Antarktika

Foto: Getty images

Dunyoning boshqa biror burchagidan Antarktidadan ko‘ra muzliroq joyni topish qiyin. U yerda odamlardan ko‘ra ko‘proq pingvinlarni uchratish mumkin.

Yovvoyi tabiat go‘zalliklaridan bahra olishni istaganlar uchun Antarktika juda mos joy.

1970 yildan buyon Antarktidaga ham turistik ekspeditsiyalar tashkil etilib kelinyapti. Qit’aga sayohat turli turoperator kompaniyalar tomonidan tashkillashtiriladi. Bu kompaniyalar Xalqaro Antarktida Turoperatorlari Assotsiatsiyasiga birlashgan holda faoliyat yuritadi.

Laplandiya, Finlandiya

Qishda ko‘rish kerak bo‘lgan manzillar ro‘yxati Laplandiyasiz tugal bo‘lmaydi. Finlandiyaning ertaknamo manzili Laplandiya oilaviy qishki sayohat uchun juda ham mos manzil. Gurullab olov yonib turgan shinam yog‘och kabina va derazadan ko‘rinib turgan shimol bug‘ulari, oppoq qorga burkangan manzarani tasavvur qilishning o‘zi maroqli.

Dneutral Han//Getty Images

Kappadokiya, Turkiya

Turkiyaga borishni istagan odamning yana bir orzusi aynan Kappadokiyani ko‘rish bo‘lsa kerak. Iliq kunlarda bu manzil haqida quyosh nurining yorqin jilosi va ko‘m-ko‘k dengiz suvi xayolga keladi. Lekin Kappadokiya qor yog‘ganda ham juda chiroyli bo‘ladi. O‘ziga xos arxitektura va tabiati tufayli bu yer qishda borib ko‘rishga arziydi.

Bled, Sloveniya

Sloveniya qishi ham betakror go‘zal bo‘ladi. Bled ko‘li muzlaganda muz ustida konkida uchish, so‘ngra uning yonidagi tepalikka chiqib, Bled qal’asini tepadan tomosha qilish, chang‘ida uchish mumkin.

Albatta, suratlardagi bu manzillarga hamma ham bora olmasligi mumkin. Lekin inson tasavvuri keng, suratlarga qarab bahra olish va manzaradan zavqlanish uchun ko‘p narsa kerak emas. 

Mavzuga oid