O‘zbekiston | 13:43 / 07.12.2023
4665
2 daqiqa o‘qiladi

Darslikda havolasi ko‘rsatilgan saytdagi kazino reklamasi hakerlarning ishi ekani aytildi

Vazirlikka ko‘ra, o‘tgan yili chop etilgan 10-sinf rus tili darsligida mashqlarni bajarish uchun ko‘rsatilgan QR-kod havolasi shu paytgacha to‘g‘ri ishlagan, hozir unda onlayn kazino reklamasi chiqayotgani esa saytning hakerlar tomonidan buzilgani bilan bog‘liq. MMTV bu borada tegishli tashkilotlarga murojaat qildi.

Foto: O‘zA

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda rus tili maktab darsligida kazino reklamasi aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirovaning ma’lum qilishicha, o‘tgan 2022 yilda chop etilgan 10-sinf rus tili darsligidagi QR-kod havolasi shu paytga qadar to‘g‘ri bo‘lgan va dars topshiriqlariga yo‘naltirilgan.

“Bugungi kunda QR-kodga bog‘langan sayt buzib kirilgani mutaxassislar tomonidan tasdiqlandi”, – dedi rasmiy.

Vazirlik bu darslikdagi mashqlarni bajarish uchun QR-kod orqali kirilganda paydo bo‘layotgan onlayn kazino havolasiga kirish imkoniyatini cheklash bo‘yicha tegishli soha tashkilotlariga murojaat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz o‘tgan oyda O‘zbekistondagi davlat tashkilotlari saytlariga ko‘plab kiberhujumlar bo‘layotgani haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid