Jamiyat | 14:25 / 08.12.2023
18844
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu muammo har qishda qarshimizdan chiqmoqda» - Shifokor pirotexnika vositalari zararidan ogohlantirdi

Yangi yil yaqinlashgani sayin ko‘cha-ko‘y, turarjoylar atrofi va boshqa jamoat joylarida «paqildoq»lar quloqni qomatga keltira boshladi. Pirotexnika vositalarining asosiy xaridori bo‘lgan o‘yinqaroq bolalar-u o‘smirlarni nega ota-onalari, yaqinlari, ustoz-murabbiylari, keng jamoatchilik vakillari yetarlicha nazorat qilmayapti?

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov paqildoqlarning salomatlik va hayot uchun xavfli jihatlari xususida yana bir bor ogohlantirdi.

«Bu mavzuga takror-takror to‘xtalamiz, paqildoqlarning salomatlik va hayot uchun xavfli jihatlari xususida chiqishlar qilamiz. Lekin, afsuski, bu muammo har qish faslida qarshimizdan chiqaveradi.

Mana, o‘tgan mavsumda yangi yil arafasi va bayramdan keyingi kunlarda pirotexnika vositalaridan olingan jarohatlar tufayli markazimiz hamda uning hududiy filiallariga o‘nlab og‘ir ahvoldagi bemorlar murojaat qildi. Eng yomoni, ulardan 50 foizi shifoxonada uzoq yotib davolanishiga to‘g‘ri keldi. Hatto ba’zilari hanuz asoratlardan aziyat chekmoqda.

Chunki bunday vositalarning bexosdan qattiq paqillashi kishilarni cho‘chitib, yurak-qon tomir tizimiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu holat fojiali o‘lim bilan ham yakun topishi mumkin:

  • Yuz, ko‘z, qo‘l sohalarida og‘ir kuyish jarohatlari;
  • ko‘zlar shikastlanishi va ko‘rish faoliyati qisman yoki butunlay buzilishi;
  • jarohat asorati bilan bog‘liq plastik operatsiyalarga muhtojlik, kuygan sohalarda dag‘al chandiqlar;
  • qo‘l barmoqlari sohalarida kontrakturalar hosil bo‘lishi paqildoq va salyutlarning salbiy oqibatlaridir.

Qolaversa, pirotexnika vositalari shovqinidan qattiq qo‘rqish tufayli ruhiy buzilish, surunkali asab va qon-tomir tizimi kasalliklari, qandli diabet, homilaga ziyon yetishi ehtimoli yuqori.

Yaqin masofada pirotexnika paqillashidan inson barotravma va akustik jarohatlar olib, karlik yoki umrbod quloq shang‘illashi (tinnitus) kasalligiga yo‘liqishi mumkin».

Eslatib o‘tamiz, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga olib kirish yoki o‘tkazish – huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, 1 mln 700 ming so‘mdan 6 mln 800 ming so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid