O‘zbekiston | 07:24 / 08.12.2023
3835
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro IT sertifikatlariga 50 foizgacha xarajatlarni qoplash bo‘yicha portal ishga tushirildi

O‘zbekistonda xalqaro IT sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarni qoplash bo‘yicha “IT-iste’dod” portali ishga tushirildi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi xabariga ko‘ra, xalqaro IT sertifikatini olish uchun qatnashgan jami yoshlar soni 1600 nafardan ortiq bo‘lib, shundan 735 nafar yoshlarga jami 1 milliard so‘m dan ortiq xarajatlari qoplab berilgan. Jumladan, 2023 yil hozirgi kunga qadar 285 nafar yoshlarga jami 618,3 million so‘m miqdorida xarajatlar qoplab berildi.

Aholini raqamli ko‘nikmalarini oshirish maqsadida respublika bo‘yicha 205 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida 400 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lib, ularda hozirgi kunga qadar 195 ming nafardan ortiq tinglovchilar malakasini oshirdi. Shundan 39 ming nafardan ortig‘i davlat xizmatchilaridir.

Iqtidorli yoshlarni saralash, qo‘shimcha o‘qitish hamda xalqaro mehnat bozoriga tayyorlash tizimini joriy etish va zamonaviy IT kasblarga o‘qitish tizimi IT Skills tizimini yaratish choralari qo‘rilmoqda. Bunda har yili 50 ming nafardan ortiq ITga qiziquvchi yoshlarning bazasi yaratiladi, 5 ming nafar iqtidorli yoshlar bilim va ko‘nikmalari oshirilib, xalqaro mehnat bozoriga tayyorlanadi.

Mavzuga oid