O‘zbekiston | 08:42 / 10.12.2023
11743
2 daqiqa o‘qiladi
Ohak ishlab chiqarish sexi va issiqxona gazdan noqonuniy foydalanib, 876 mln so‘mlik zarar yetkazdi
Toshkent va Andijon viloyatlarida ohak ishlab chiqarish sexi va issiqxona gazdan noqonuniy foydalanishi natijasida tizimga 876 million so‘m zarar yetkazdi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va «Hududgazta’minot» AJ xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi nazorat tadbirlari davomida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Xususan:
- Toshkent viloyatining Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Q.S.ga qarashli ohak ishlab chiqarish sexi tabiiy gaz hisoblagichisiz, tarmoqqa noqonuniy ravishda ulangani natijasida davlat manfaatlariga 394 million 273 ming so‘mlik;
- Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro U.J.ga qarashli issiqxona xo‘jaligi tarmoqqa noqonuniy ravishda tabiiy gaz hisoblagichisiz ulanib, davlat manfaatlariga 482 million so‘mlik zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.