O‘zbekiston | 14:55 / 10.12.2023
23632
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi yagona tabiiy pitomnik – “Jayron” | Manzil

O‘simlik va hayvonlarning ayrim turlariga zarur sharoit yaratish yo‘li bilan ularni saqlab qolish va ko‘paytirishga mo‘ljallangan, muhofaza etiladigan hududlar tabiiy pitomniklar hisoblanadi. “Manzil” loyihasi O‘zbekistonda yagona bo‘lgan Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” davlat tabiiy pitomnigiga sayohat qildi.

Pitomnik 1976 yilda tashkil etilgan. Maydoni 5145 gektar. 1977 yildan pitomnikka 42 bosh jayron keltirilib, ularni ko‘paytirish ishlari boshlangan. 1987 yilda ularning soni 1200 taga yetgan va reja asosida qo‘shni va boshqa hududlarga tarqatilgan.

Bu yerda jayronlar bilan birga yo‘rg‘a tuvaloq, qulon, Prejyevalskiy oti, Buxoro bug‘usi (xongul) kabi xalqaro va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan turlarni ham ko‘paytirish va o‘rganish ishlari olib boriladi.

Kuzda birqozon, oqqushlar, qizilg‘ozlar va ko‘plab yirtqich qushlarini uchratish mumkin.

Markaz atrofi yirtqichlarning ichkariga o‘tishiga to‘siq bo‘lishi uchun 36 kmli maydon balandligi 2 m bo‘lgan simto‘r bilan o‘ralgan.

Prejyevalskiy oti aslida O‘zbekiston faunasi uchun xos bo‘lmagan tur hisoblanadi. Bo‘yi past, kallasi katta, bo‘yni kalta va yo‘g‘on. Bu jonivorlardan butun dunyoda 2000 dona qolgan. Bu tur Buxoroga 1987 yilda Sankt-Peterburg shahridan olib kelingan bo‘lib, avvaliga tutqunlikda ko‘paytirilgan, so‘ngra, qo‘riqxona hududiga qo‘yib yuborilgan.

Ana shu hayvonlarga emin-erkin yashash va ko‘payish uchun yaratib berilgan tabiiy muhit bilan “Manzil”ning yangi sonida tanishing.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus

Ushbu ko‘rsatuv O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlandi

Mavzuga oid