Jahon | 22:29 / 11.12.2023
9603
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston Oliy sudi Jammu va Kashmirning maxsus maqomini bekor qildi 

Endi hudud avtonomiyani yo‘qotadi va Hindiston shtatiga aylanadi. Unga Pokiston ham da’vogarlik qilmoqda. 

Foto: Reuters

Hindiston Oliy sudi hukumatning Jammu va Kashmir ittifoq hududi maxsus maqomini bekor qilish haqidagi qarorini tasdiqladi. Reuters xabariga ko‘ra, sud mintaqada mahalliy saylovlar 2024 yil sentabr oyi oxirigacha o‘tkazilishi kerak degan qarorga kelgan. Endi Jammu va Kashmir Hindiston shtatiga aylanishi kerak. 

Oliy sud qarorida Ittifoq hududining alohida maqomi vaqtinchalik ekanligi va uni bekor qilish mumkinligi aytilgan. Bosh vazir Narendra Modi hukumati 2019 yilda qabul qilgan qarorga ko‘ra, asosan buddistlar yashaydigan Ladax viloyati ham Jammu va Kashmir tarkibidan chiqarilgan. 

Jammu va Kashmir Hindiston shimolidagi hudud bo‘lib, mamlakatdagi aholisining aksariyat qismini musulmonlar tashkil etuvchi yagona hududdir. Mintaqa 1947 yilda Pokiston va Hindiston tashkil etilganidan beri ikkala davlat o‘rtasidagi hududiy nizolarga sabab bo‘lmoqda. 

Jammu va Kashmir 2019 yilgacha maxsus avtonomiya maqomiga ega edi. Unga ko‘ra, Jammu va Kashmirdan tashqarida yashovchi Hindiston fuqarolariga ushbu hududdan yer sotib olish va u yerda doimiy joylashish taqiqlangan. Shuningdek, Hindiston parlamenti tomonidan mudofaa, tashqi ishlar, moliya va aloqa bilan bog‘liq bo‘lmagan barcha qarorlar hudud organlari tomonidan tasdiqlanishi kerak edi.

Mavzuga oid