Qirg‘izistonda 200 ga yaqin davlat xizmatchisi jinoiy guruhlar bilan aloqasi uchun ishdan bo‘shatildi
Mamlakatda uyushgan jinoyatchilikka qarshi tadbirlar davom etmoqda.
Qirg‘izistonda oktyabr oyida o‘ldirilgan kriminal avtoritet Qamchibek Qo‘lboyev va bojxona xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimov tomonidan tashkil qilingan uyushgan jinoiy guruh (UJG) bilan aloqalari tufayli turli darajadagi 180 dan ortiq davlat xizmatchisi o‘z lavozimidan chetlatildi.
Bugungi kunga qadar jami 226 nafar davlat xizmatchisining kriminal olam bilan aloqasi fosh etilgan. Bojxona organlarida 85 nafar xodim aniqlanib, ulardan 76 nafari ishdan bo‘shatilgan, Ichki ishlar vazirligida 26 nafar shaxs aniqlanib, ulardan 14 nafari mansabdan chetlatilgan. Mahalliy Kengashning 6 nafar deputati o‘z mandatini topshirgan. 65 nafari tuman davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi lavozimidan chetlatilgan.
Noyabr oyi boshida Davlat xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonda uyushgan jinoiy guruhlarga aloqadorlik, korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklar uchun 202 nafar davlat xizmatchisi lavozimidan mahrum etilishini ma’lum qilgan edi.
«Rayim-million» laqabli Rayimbek Matraimov 2015 yildan 2017 yilgacha Qirg‘iziston bojxona xizmati rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Bu vaqt ichida u xitoylik tadbirkor Habibulla Abduqodirning yashirin klani bilan birgalikda korrupsiya sxemasini tuzgan. Jumladan, YeOII mamlakatlariga kontrabanda bilan shug‘ullangan.
Qirg‘izistonda 2020 yil oktyabr oyida hokimiyat almashganidan so‘ng Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bojxonadagi korrupsiya bo‘yicha tergov boshladi, unga Matraimov ham aloqador edi. 2021 yil fevral oyida sobiq amaldor «Korrupsiya» moddasi bo‘yicha sudlandi. Matraimov tergov bilan kelishuvga erishib, davlatga 2 milliard qirg‘iz so‘mini (24 million dollar) to‘lagani tufayli qamoqdan qutulib qoldi.
Qamchibek Qo‘lboyev Qirg‘izistondagi eng mashhur kriminal avtoritetlardan biri edi. AQSh razvedka idoralari uni dunyodagi eng yirik narkobaronlar ro‘yxatiga kiritgan.
Qo‘lboyev 4 oktyabr kuni xavfsizlik kuchlarining maxsus amaliyoti chog‘ida otib o‘ldirildi. Ertasi kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev uyushgan jinoiy guruh a’zolarini «jamiyatga qarshi bosh ko‘tarmoqchi bo‘lgan» har qanday shaxs qattiq jazolanishidan ogohlantirdi.
Mavzuga oid
18:02 / 23.12.2024
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
17:37 / 20.12.2024