Jahon | 17:26 / 13.12.2023
65800
9 daqiqa o‘qiladi

Ekologlar Qo‘shtepa kanali o‘pirilganini aytishmoqda. Bu haqda nimalar ma’lum?

Sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarda Amudaryodan Afg‘oniston shimoli bo‘ylab qazib borilayotgan Qo‘shtepa kanali yoqasida sun’iy suv ombori aks etganini ko‘rish mumkin. Hozircha bu borada rasmiy izoh berilmayapti.

Afg‘onistonda «Tolibon» tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa sug‘orish kanalida noyabr oyi boshlarida birinchi jiddiy avariya yuz bergan va uning oqibatlari haligacha bartaraf etilmagan. Bu haqda «Chegara bilmas daryolar» xalqaro ekologik koalitsiyasi ekspertlari ma’lum qildi.

Termiz shahridan 25 km narida, Afg‘onistondagi Zodiyon aholi punkti shimolida joylashgan va kanalning o‘pirilgan degan da’vo bilan tarqatilayotgan fotosuratlar 10 noyabr kuni sun’iy yo‘ldosh orqali tasvirga olingan. Unda kanalning o‘pirilgan joyi va yangi paydo bo‘lgan sun’iy suv ombori ko‘rsatilgan.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida voqealar xronologiyasi

Sun’iy yo‘ldosh suratlariga e’tibor qaratilsa, suv sizib chiqishi noyabr oyi boshlariga to‘g‘ri keladi.

26 sentabr. Bu kundagi tasvirlarda avariya sodir bo‘lmaganini ko‘rish mumkin. Kanalda qurilish ishlari jadal davom etayotgani sababli suv ham hali yetib kelmagandi. 

11 oktyabr. Qo‘shtepa kanalining birinchi uchastkasi qurilishi yakunlandi. Balx viloyatida foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Afg‘oniston matbuotiga ko‘ra, kanal birinchi uchastkasining uzunligi 108 km – u Amudaryodan boshlanib, Balxning Davlatobod tumaniga yetib boradi. 

16 oktyabr. Shu kundagi sun’iy yo‘ldosh suratlarida kanal suvga to‘ldirilgani, ammo hali avariya bo‘lmagani aks etgan. 

26 oktyabr. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida bu kun ham kanalda suv o‘pirilishi sodir bo‘lmaganini ko‘rish mumkin.

5 noyabr. 31 oktyabr kuni sodir bo‘lgan chang to‘zonlari tasvirlarni xiralashtirgan, ko‘rish imkonsiz. Bu hodisa mana shu kunlarda sodir bo‘lgan degan taxminlarni yuzaga keltiradi. Negaki, chang to‘zonlar kamayganidan so‘ng 5 noyabrdagi suratlarda kanalda o‘pirilish oqibatida suv sizib chiqqanini ko‘rish mumkin. Suv kanal o‘zanidan yorib chiqib, pastga qarab oqqan hamda taxminan uzunligi 6 km va eni 2 kmga teng hududga yoyilgan ko‘l hosil qilgan. 

25 noyabr. Noyabr oyining 10, 15, 20, 25-sanalarida olingan tasvirlarda ham kanaldagi yoriq orqali suv oqib turgani aks etgan, hosil bo‘lgan sun’iy ko‘l kengaygan. Katta ehtimol bilan, suvni to‘xtatish choralari ko‘rilmagan. 

Hududdagi holat bo‘yicha eng oxirgi suratlar 30 noyabrda olingan. Ammo osmonda bulutlar ko‘pligi uchun tasvirlar aniq ko‘rinmagan.

Ekologlar nima deydi?

Mutaxassislar Afg‘oniston shimolidagi Qo‘shtepa kanali qurilish maydonchasining sun’iy yo‘ldosh orqali olingan so‘nggi suratlarini o‘rgangan, kanal qurilishining birinchi bosqichi (uzunligi taxminan 100 km) joriy yil oktyabr oyida «Tolibon» tomonidan ochilgandi.

Yevropaning Sentinel-2 sun’iy yo‘ldoshi tomonidan olingan kosmik suratlar kanal Amudaryodan suv bilan to‘la boshlanganidan keyin birinchi oyda gidrotexnik inshoot devorlari suv oqimining bosimiga bardosh bera olmagani va kanaldan chiqqan katta hajmdagi suv yaqin atrofdagi hududga tarqalganini ko‘rsatadi.

«Kanaldan chiqib ketayotgan suvning kuchi va hajmi to‘qqiz kilometr uzunlikdagi suv maydonini hosil qilish uchun yetarli edi. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan so‘nggi suratlar suv sizib chiqqan hudud muttasil ortib borayotganini ko‘rsatmoqda, bu esa «Tolibon»ning vaziyatni to‘g‘rilash qobiliyati yoki istagi yo‘qligini ko‘rsatishi mumkin», — deydi «Chegara bilmas daryolar» koalitsiyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Aleksandr Kolotov.

Ekologlar avariyalar va suv sizib chiqishini hisobga olmagan holda ham Qo‘shtepa kanali Amudaryo umumiy oqimining 15-20 foizini o‘zlashtirishga qodirligini ta’kidlaydi. Amudaryoning yuqori oqimidagi Vaxsh daryosida Rog‘un GES ishga tushirilishi ham mintaqadagi suv bilan bog‘liq vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin.

«Qo‘shtepa kanali va mintaqada barpo etilayotgan boshqa gidrotexnik inshootlar, masalan, Rog‘un GES suv oqimining mavsumiy taqsimlanishiga va suv hajmiga ta’siri Amudaryo havzasida suv tanqisligini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ssenariylarni aniq tushunish va suv inqirozining oldini olish uchun Afg‘oniston va Tojikistonda hozirda amalga oshirilayotgan barcha megaloyihalarni hisobga olgan holda Amudaryo havzasidagi butun suv xo‘jaligi kompleksi rivojlanishining strategik ekologik bahosini amalga oshirish zarur», — ta’kidlaydi «Chegara bilmas daryolar» koalitsiyasining xalqaro koordinatori, Yangi Janubiy Uels universiteti doktoranti Yevgeniy Simonov.

O‘zbekistonlik gidrometorolog Erkinjon Abdulahadov ham o‘zi yuritadigan telegram-kanalda 16 noyabrdayoq Afg‘oniston shimolidagi Qo‘shtepa kanali atrofida yirik suv obekti hosil bo‘lganiga e’tibor qaratgan.

«Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari hamda turli zamonaviy spektrometrik tasvirlarni filtirlovchi mahsulot ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur suv obekti aynan kanal suvining sizib chiqish effektimi yoki tabiiy suv ombor obektimi buni aniqlash imkoni bo‘lmadi. Suv obekti noyabr oyining birinchi o‘n kunligi boshida paydo bo‘lgan», deb yozgan u va sun’iy yo‘ldoshdan tushirilgan tasvirni ilova qilgan.

U ham kanal o‘ng qirg‘oq ko‘tarmasi kanal ichidagi suv bosimni ko‘tara olmay, yorilib (o‘pirilib) tushgani ehimoli yuqoriligi, natijada kanal suvi sizib chiqib, qumlikda yirik suv obektini hosil qilganini ta’kidlagan.

«Qiziq tomoni, hali-hanuz bu kabi sizib chiqishlarni to‘xtatish bilan bog‘liq chora-tadbirlar “Tolibon” hukumati tomonidan bajarilmaganga o‘xshaydi. Har holda, yuqorida turli muddatlar uchun keltirilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bu fikrlarni tasdiqlaydi», — deb yozadi u.

Hozircha hududdagi holat yuzasidan mahalliy rasmiylar izoh bermagan, shuningdek, mintaqa davlatlari ham bu masalaga e’tibor qaratgani yo‘q.

Qo‘shtepa kanali qurilishi va uning oqibatlari

Qo‘shtepa kanali Afg‘onistonning Balx viloyati Kaldor tumanidan boshlanib, Jovuzjon viloyatidan o‘tib, Faryob viloyatining Andxoy tumanigacha yetib boradi. Uning uzunligi 280 kilometrni, eni esa 100 metrni tashkil etadi.

Amudaryoning o‘rtacha suv sarfi soniyasiga 2,5 ming metr kub. Uning 80 foiz suvini Panj va Vaxsh daryolari beradi. Vaxsh Tojikistonda, Panj esa Afg‘oniston va Tojikiston hududida joylashgan. Panj daryosi soniyasiga 1,3 ming metr kub suv beradi. Chirchiq daryosi oqimi soniyasiga 221 metr kub, Qo‘shtepa kanali shundan 3 barobar katta bo‘ladi.

11 oktyabr kuni Qo‘shtepa kanali qurilishida 2-bosqichga start berilgan edi.

2023 yil iyun oyida O‘zbekiston suv vaziri Shavkat Hamroyev Qo‘shtepa kanali orqali Afg‘oniston 300 ming gektarni sug‘ormoqchi ekani, bunga 4−5 mlrd kub metr suv yetishi, O‘zbekiston mana shu miqdor saqlanib qolishiga intilishini aytgan edi.

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Usmon Norqulov Qo‘shtepa kanali Amudaryo suvining kamida 15 foizi olinishi, biroq kanal joylashgan sharoitdan kelib chiqsa, olinayotgan suvning katta qismi tuproqqa singib ketishi, parlanib ketishi mumkin va foydali ish koeffitsiyenti kam bo‘lishini ta’kidlagan.

«Chegara bilmas daryolar» ekspertlari Afg‘oniston muvaqqat hukumati Qo‘shtepa kanali qurilishidan tashqari mamlakat shimoli-g‘arbidagi Turkmaniston chegarasi yaqinidagi Faryob viloyatida ikkita Daxandara va Almar gidroelektr stansiyalari qurilishini e’lon qilganini eslatgan.

Mavzuga oid