Jahon | 08:34 / 16.12.2023
9330
3 daqiqa o‘qiladi

«SBU» patriarx Kirillni qidiruvga berdi

Rus pravoslav cherkovi rahbari Ukraina hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish va urush olib borishda ayblanmoqda.

Foto: RIA Novosti

Ukraina xavfsizlik xizmati («SBU») Rus pravoslav cherkovi rahbari patriarx Kirillni qidiruvga berdi. Bu haqdagi ma’lumotlar 15 dekabr, juma kuni Ukraina Ichki ishlar vazirligining bazasida paydo bo‘ldi.

Patriarx Kirill - Ukraina Ichki ishlar vazirligining kartasida o‘zi fuqarolik nomi Gundyayev Vladimir Mixaylovich deb yozilgan - u ikkita moddada ayblanmoqda. Gap Ukraina Jinoyat kodeksining 110-moddasi 3-qismi - «Ukrainaning hududiy yaxlitligi va daxlsizligiga tajovuz qilish», shuningdek, 437-moddasining 2-qismi - «Agressiv urush olib borish» haqida bormoqda. Ikkala modda uchun jazo 30 yilgacha qamoqni tashkil etishi mumkin.

Ukrainaning patriarx Kirillni milliy qidiruvga e’lon qilishi tegishli so‘rovni xalqaro qidiruv organlariga topshirishdan oldin amalga oshirildi.

Avvalroq «SBU» RPCh rahbarini Rossiya agressiyasini oqlaganlikda gumonlagandi

2023 yil noyabr oyining boshida «SBU» Gundyayev Ukraina Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha gumon qilinayotganini e’lon qildi: mamlakat hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish, agressiv urush olib borish, shuningdek, 2022 yilda Ukraina Jinoyat kodeksiga kiritilgan alohida modda - Rossiyaning Ukrainaga qarshi qurolli tajovuzini oqlash va uning ishtirokchilarini maqtash.

Patriarx qidiruvga berilganda oxirgi modda ko‘rsatilmagan.

«SBU» ta’kidlaganidek, RPCh rahbari video va’zlardan, rasmiy Rossiya ommaviy axborot vositalariga sharhlardan, Patriarxiya veb-saytidagi nashrlardan, shuningdek, Ukrainada Rossiyadagi diniy jamoalar va UPCh (Moskva patriarxati) vakillaridan foydalangan holda Rossiya rasmiylarining pozitsiyasini targ‘ib qilmoqda. Xususan, 2022 yil mart oyida Kirill Rossiya gvardiyasi boshlig‘i Viktor Zolotovni olqishlagan, 2023 yil fevral oyi oxirida Ukraina sharqining ishg‘ol qilinishini oqlagan.

Patriarx Kirill urushni qo‘llab-quvvatlagan

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushini ochiq qo‘llab-quvvatlagan, davlat rahbarining birinchi yaqin sheriklaridan biri bo‘lgan RPCh rahbarining bayonotlari boshqa mamlakatlardagi cherkovlar vakillari tomonidan bir necha bor tanqid qilingan.

Shu tariqa, 2022 yil mart oyida RPCh rahbarining pozitsiyasi Litva va Estoniya pravoslav cherkovlari patriarxlari tomonidan tanqid qilindi. Rim papasi Fransisk ham Gundyayevning pozitsiyasidan hayratda ekanligini aytdi - pontifikning so‘zlariga ko‘ra, Fransisk Zoom orqali cherkov rahbarlari o‘rtasidagi suhbatda bu mavzuni ko‘targanida, rus patriarxi «20 daqiqa davomida qog‘ozdan urushni oqlovchi sabablarni o‘qib chiqqan».

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini ma’qullagani uchun patriarx Kirill Buyuk Britaniya va Kanadaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Yevropa Ittifoqi ham RPCh rahbarini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish niyatida edi, biroq Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bunga to‘sqinlik qildi.

Mavzuga oid