Yer ostida joylashgan va eng ko‘p o‘lik ko‘milgan shaharlar – dunyoning g‘ayrioddiy maskanlari
San-Fransisko yaqinidagi shaharchada atigi 1500 kishi yashaydi, lekin u yerda 1,5 mln o‘lik ko‘milgan. Avstraliyadagi shaharcha esa butunlay yer ostida joylashgan, hattoki uning qabristoni ham. Alyaskadagi shaharchada esa barcha odamlar 14 qavatli bitta uyda yashaydi. Xitoydagi daryo bo‘yidagi shaharning eni 400 metr, uzunligi 60 km.
Bugun Yer yuzida g‘ayrioddiy maskanlar juda ko‘p. Ular orasida tabiat manzaralari, tarixiy joylar bilan birga g‘aroyib shaharcha va shaharlar ham bor. Ulardan biri o‘zining joylashuvi bilan, boshqasi zamonaviy bino va inshootlari bilan mashhur.
Quyida Yer yuzidagi eng noodatiy va g‘ayrioddiy shaharlar reytingida Top-10 talikka kiritilgan shaharlar bilan tanishtiramiz.
Yanjin (Xitoy)
Bu g‘aroyib shahar Xitoyning Yunnan provinsiyasida joylashgan. Yanjin juda tor shahar bo‘lib, uning eni eng keng joyda 400 metr, tor joyda esa atigi 30 metr. Uzunligi 60 kilometrga cho‘zilgan. Yanjinda qariyb 400 ming odam yashaydi.
Shahar Tibetda, ikkita tog‘ tizmasi orasidagi dara bo‘ylab oqib o‘tuvchi Nansi daryosi bo‘yida qurilgan. Yanjinni kengaytirib bo‘lmaydi va shahar dara bo‘ylab cho‘zilib ketmoqda.
Nansi qirg‘oqlari o‘rmon bilan qoplangan tik qiyaliklardan iborat. Shahar qurilishi uchun daryo yoqasida tor yer bor xolos. O‘ziga xos joy bo‘lgani uchun uylarning barchasi ko‘p qavatli qilib qurilgan.
Daryo mavsumiy yomg‘irlar paytida to‘lib oqadi va toshqinlar yuz beradi. Suv kirib ketishining oldini olish uchun uylar beton ustunlar ustiga qurilgan. Biroq istisnolar ham bo‘lib turadi va daryo sathi balandroq ko‘tarilsa, uylarning birinchi qavatini suv bosadi.
Doimiy ravishda toshqin xavfi bo‘lishiga qaramasdan Yanjinga ko‘chib keluvchilar ko‘p va shahar kattalashishda davom etmoqda.
Yanjinga avvallari tog‘ ustidan oshib keladigan xavfli yo‘l orqali borish mumkin edi. Keyinchalik tog‘ni teshib, 2 kilometrlik tunnel qurildi. Shundan so‘ng shahar juda tez sur’atda rivojlanib, kengaya boshladi.
Chonsing
Chonsing shahri mamlakatning markaziy qismida, Daloushan, Ushan va Dabashan tog‘ tizmalarining yonbag‘irlarida, Yangszi hamda Jialingjian daryolari birlashadigan yerda joylashgan.
Chonsingga 1929 yilda shahar maqomi berilgan va u 1997 yilda markazga bo‘ysunuvchi munitsipalitetga aylantirilgan.
Bu shahar o‘zining ko‘plab osmono‘par binolari bilan ham mashhur. Ayniqsa, 2015–2019 yillar oralig‘ida qurilgan Rafflz-Siti osmono‘par binolar majmuasi juda mashhur. Uni qurishga qariyb 4 mlrd dollar sarflangan.
Chonqing yana bir sababga ko‘ra sayyoramizdagi eng noodatiy shaharlardan biri — u dunyodagi eng katta transport tugunlaridan biri sanaladi. Shaharda eng murakkab 5 darajadagi 20 ta yo‘l o‘tkazgich bor. Dunyodagi arka ko‘rinishidagi eng uzun ko‘prik ham Chonsingda qurilgan.
Chonsing dunyodagi eng yirik megapolislardan biri hisoblanadi. Shahar hududi 82 403 km kv bo‘lib, u Avstriya hududi (83 879 km kv) bilan qariyb teng. Chonsingda 32 mln.dan oshiq odam yashaydi va bu Avstriya aholisidan to‘rt baravar ko‘p. Aholining 65 foizi shaharda, 35 foizi uning atrofida yashaydi.
Shahar so‘nggi yillarda juda tez sur’atda o‘smoqda. Chonsing chetidagi eski mahallalar buzilib, o‘rniga osmono‘par binolar, ko‘p qavatli uylar, biznes markazlar qurilmoqda.
Chonsingni mashhur qilgan yana bir narsa ko‘p qavatli uyning 6-8-qavatlari oralig‘ida joylashgan metro bekati. Monorelsda harakatlanadigan tezyurar poyezdlar to‘g‘ridan to‘g‘ri binoning o‘rtasidan o‘tadi.
Metro yo‘li qurilishida eng yuqori sifatga ega shovqinni yutuvchi materiallardan foydalanilgani uchun u shovqin chiqarmaydi va aholiga noqulaylik tug‘dirmaydi.
2019 yilda Chonsingda 397 ta mashina sig‘adigan noyob avtoturargoh ham quriladi. Haydovchi mashinani maxsus platformaga joylashtiradi. Platforma vertikal ravishda ma’lum bir burchakka ko‘tariladi va mashina yon tomonga o‘tadi. Mashinani avtoturargohga bir daqiqada joylashtirish mumkin.
Xitoyliklarning o‘zlari Chonsingni boshqa sababga ko‘ra g‘alati shahar deb bilishadi: u mamlakatdagi velosipedchilar yo‘q yagona megapolis hisoblanadi.
Kuber-Pedi (Avstraliya)
Bu g‘ayrioddiy shahar Janubiy Avstraliya shtatida, cho‘lning qoq o‘rtasida joylashgan. 2023 yil ma’lumotlariga ko‘ra Kuber-Pedi shahri aholisi 2 ming kishi atrofida.
Shaharcha yer ostida joylashgan va unda o‘sha atrofdan opal (shishasimon tosh) qazib olish bilan shug‘ullanadigan odamlar yashashadi. Kuber-Pedi atrofida Yer yuzidagi opal zaxirasining 30 foizi bor. Dunyoda opalning 97 foizi shu yerda qazib olinadi.
Shaharcha aholisining turar joylari tog‘ga o‘yilgan katta g‘orlardan iborat. Bunday uylarda suv, kanalizatsiya, elektr, internet va hatto yer osti basseynlari mavjud.
Kuber-Pedi Avstraliyaning yog‘ingarchilik kam bo‘ladigan hududida joylashgan. Shu sababli ichimlik suvi tarmog‘i boshqa joydan tortilgan.
Noqulay iqlim tufayli Kuber-Pedi joylashgan hududda yer yuzasida yashash juda og‘ir. Bu yerda havo harorati kunduzlari +45 darajagacha ko‘tariladi va qum bo‘ronlari tez-tez sodir bo‘ladi.
Yer ostidagi g‘or uylarda esa havo ancha salqin – o‘rtacha +23 daraja bo‘ladi. Bunday qulay haroratda konditsionersiz ham yashash mumkin.
Bu noodatiy shaharchada nafaqat uylar, balki butun infratuzilma, savdo do‘konlari, mehmonxonalar, maktablar, kutubxonalar, muzey va hatto qabriston ham yer ostida joylashgan.
Makoko (Nigeriya)
Nigeriya poytaxti Lagos shahrining asosan qashshoqlar yashaydigan yirik kvartali Makoko deb ataladi. Bir paytlar Makoko o‘rnida kichik baliqchilar qishlog‘i bo‘lgan va uning aholisi Lagosni dengiz mahsulotlari bilan ta’minlagan.
Keyinchalik Lagosdan boshpana topa olmagan qashshoqlar bu yerga ko‘chib kelaveradi va Makoko aholisi tez sur’atlarda ko‘payib boraverdi. Endi u Lagosning qashshoqlar yashovchi kvartali hisoblanadi.
Makokoning o‘ziga xosligi shundaki, bu yerda barcha kulbalar suv ustiga qurilgan. Odamlar transport vositasi sifatida qayiqlardan foydalanadi. Shu sababli uni «Qora Venetsiya» deb atashadi.
Makokoda odamlar juda yomon sharoitlarda yashashadi. Barcha chiqindilar va oqova suvlar to‘g‘ridan to‘g‘ri dengizga tushadi. Shu sababli suvdan mudom yoqimsiz hid anqib turadi.
Makokoning xarobalarida suzib yuruvchi maktablar bor – o‘qituvchilar qayiqlarda kelib dars berishadi. Shuningdek, qayiqlarda joylashgan kichik kafe va sartaroshxonalar mavjud.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Makokodagi har bir kulbada o‘rtacha 6-10 kishi yashaydi. Dahshatli antisanitariya holati va tibbiy yordamning yetishmasligi tufayli aholining atigi 5 foizi 60 yoshgacha yashaydi. Shu sababli u yerda keksalar juda kam.
Rasmiy ma’lumotlarda Makokoning 250 ming aholisi borligi aytiladi. Biroq u yerdagi muammolarning asl ko‘lamini yashirish uchun raqamlar kamaytirib ko‘rsatilgan bo‘lishi ham mumkin.
Nigeriya ma’murlari atrof-muhitga xavf tug‘dirayotganini aytib, Makoko xarobalarni buzishga bir necha bor urinib ko‘rdi. Kulbalar o‘rniga muqobil boshpana taklif etilmagani uchun odamlar isyon ko‘tardi. Shunda rasmiylar o‘z fikridan qaytdi.
Makokodagi g‘arib kulbalar Logos shahridagi zamonaviy binolar hamda hashamatli 10 kilometrlik ko‘prik fonida turadi va barchasi birgalikda syurrealistik (yarim reallik, yarim tush tasvirga shunday ta’rif beriladi) manzara kasb etadi.
Aurovil (Hindiston)
Bu g‘ayrioddiy shaharcha mamlakat janubida, Tamilnad shtatida joylashgan. Aurovil so‘zi «tong shahri» ma’nosini anglatadi. U 1968 yilda turli insonlar yashovchi xalqaro internatsional jamiyatni yaratish tajribasi sifatida tashkil etilgan.
Aurovildagi odamlar din, siyosat va millatdan ayro holda yashaydi. Ularga tibbiy yordam, ta’lim va ko‘ngilochar dasturlarning barchasi tekin.
Aurovil g‘ayrioddiy me’morchiligi va landshafti bilan farqlanadi.
Aurovil Hindiston hududida joylashgan bo‘lsa ham bu davlatning bir qismi emas. U YuNeSKO tasarrufidagi muxtor birlik hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda 58 davlatdan kelgan 3 mingdan oshiqroq odam istiqomat qiladi.
Aurovil cho‘lning o‘rtasida qurilgan va shaharcha atrofiga 2 mln tupdan oshiq daraxt ekilgan. 2-3 qavatli uylar o‘rmon ko‘rinishiga kelib qolgan daraxtlar orasida joylashgan.
Shaharning eng muhim binosi Matrimandir deb nomlanadi va u oltin plitalar bilan qoplangan shar shakliga ega.
Al-Amadiya (Iroq)
Al-Amadiya shaharchasi eramizdan 3 ming yil avval, turli balandliklar strategik muhim bo‘lgan davrlarda tashkil topgan. U Iroqning Dahuk viloyatida, 1400 metr balandlikdagi tekis tog‘ cho‘qqisida joylashgan.
Al-Amadiya joylashgan yerning uzunligi 1 km, kengligi 500 metrni tashkil etadi. Ming yillar davomida shaharcha kattalashmagan, chunki buning mutlaqo iloji yo‘q. Shaharchada bino qurish uchun joy qolmagani tufayli uning aholisi boshqa joylarga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi.
Shaharchada 11 mingdan oshiq odam bor va ular asosan kurd, yahudiy, xaldey (semit til guruhiga kiradi) millatlaridan iborat. Bu yerda musulmonlar, nasroniylar va oz sonli yahudiylar yashaydi.
Al-Amadiyada farovon hayot uchun zarur bo‘lgan hamma narsa, savdo do‘konlari, restoranlar va tibbiy xizmat mavjud. Shuningdek, u yerda mahalliy politsiya idorasi ham joylashgan.
Shaharchada zamonaviy uylar bilan bir qatorda qadimiy Ossuriya davridan qolgan binolarning xarobalari saqlanib qolgan.
La-Rinkonada (Peru)
La-Rinkonada dengiz sathidan 5100 metr balandlikda so‘ngan vulqon lavalari ustida joylashgani uchun ko‘pchilik uni yer yuzidagi do‘zax deb ataydi.
La-Rinkonada dunyodagi dengiz sathidan eng baland yerda joylashgan shahar hisoblanadi. Balandlikda atmosferada kislorod juda siyrak bo‘lgani uchun u yerda nafas olish juda qiyin.
Bundan tashqari, u yerda iqlim juda noqulay. Yozda ko‘p yomg‘ir yog‘adi, qish esa juda quruq o‘tadi. Shaharda o‘rtacha yillik harorat +1 darajani tashkil etadi.
La-Rinkonadada kanalizatsiya tizimi yaxshi rivojlanmagan. Chiqindilarni olib chiqish bilan bog‘liq muammolar bor. Sanitariya qoidalariga amal qilinmaydi. Shu sababli shaharda har doim yoqimsiz hid taralib turadi.
Uylarning aksariyati isitilmaydi va ularning aksariyati oddiy kulbalardan iborat. La-Rinkonada 30 mingdan oshiq odam ana shunday noqulay sharoitlarda yashamoqda.
Odamlarni bu dahshatli shaharga nima jalb qiladi? XX asr oxirida eski konchilar qishlog‘i bo‘lgan La Rinkonadada oltin koni topilgan.
O‘shandan buyon oltin qazib olish ortidan tuzukroq pul ishlash maqsadida odamlar bu shaharga kelishda davom etyapti. So‘ng sovuq iqlimdan, dahshatli sharoitlaridan yoki mashaqqatli mehnatdan qo‘rqmaganlari shu yerda qolib ketyapti.
Setenil-de-las-Bodegas
Setenil-de-las-Bodegas Ispaniyaning Kadis provinsiyasida joylashgan. Shaharcha 82 kmkv maydonni egallaydi va u yerda 3 mingga yaqin odam yashaydi.
Setenil-de-las-Bodegas haqiqatan ham g‘ayrioddiy va ajoyib shaharcha bo‘lib, u «Uzuklar hukmdori» filmidagi tog‘da joylashgan shaharni eslatadi.
Shaharcha bazalt toshi bilan ishlov berilganga o‘xshaydi va bir butun bo‘lib ko‘rinadi. Tosh ko‘plab uylar uchun ham tom, ham devor bo‘lib xizmat qiladi.
Bu shahardagi uylarning aksariyati zamonaviy texnologiyalar «yetib kelgan» noyob landshaftga ega tabiiy g‘orlardan iborat.
Uitter (AQSh)
Uitter AQShda, Alyaska shtatidagi Kenay yarimorolining shimoli-sharqida joylashgan. Shaharchaning maydoni 51 km kvadrat bo‘lib, aholisi qariyb 300 kishi.
Uitterning g‘ayrioddiyligi shundan iboratki, barcha odam 1956 yilda armiya kazarmasi sifatida qurilgan bitta 14 qavatli binoda yashaydi. Unda aholi xonadonlaridan tashqari supermarket, shifoxona, politsiya va pochta bo‘limi hamda maktab mavjud.
Bu kichik «mahalla»da odamlar 14 qavatli binodan faqat sayr qilish uchun chiqadi. Boshqa paytda bunga hojat yo‘q. Shaharcha joylashgan hududda juda qattiq sovuq havo hukm surganda odamlar hatto oylab binodan chiqmaydi.
Ayniqsa, Uitterda quyosh chiqmaydigan mavsum – noyabrdan fevralgacha odamlar hech qayerga borishni xohlashmaydi va xonadonlaridan chiqmay yashayverishadi.
Shaharga faqat uning yaqinidagi tog‘ ostidan o‘tkazilgan tunnel orqali yetib borish mumkin. Shahar aholisining asosiy ish joyi bu – sayyohlar keladigan kemalarni qabul qiladigan port.
Kolma (AQSh)
Kolma Kaliforniya shtatida, San-Fransiskodan unchalik uzoq bo‘lmagan joyda joylashgan. Bu shaharchaning g‘ayrioddiyligi shundaki, u asosan qabristonlardan iborat.
Qabristonlar shaharcha hududining 70 foizidan ortig‘ini egallaydi. Bu yerda joylashgan qabristonlarning o‘n oltitasi hatto uy hayvonlari mozori hisoblanadi.
Kolmada atigi 1500 kishi yashaydi va shahardagi har bir tirik odamga mingta qabr to‘g‘ri keladi. Bu mubolag‘a emas, Kolmada 1,5 million kishi dafn etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Kolmada qabristonlar ko‘pligining o‘z tarixi bor. 1849 yilda oltin vasvasasi boshlangandan so‘ng San-Fransiskoga yuz minglab odamlar kelishadi. Ular bilan turli yuqumli kasalliklar ham kirib keladi va odamlar yoppasiga o‘la boshlaydi.
1880 yil oxiriga kelib, San-Fransiskoda 26 ta qabristonning barchasi to‘lib bo‘ladi. Shundan so‘ng o‘liklar Kolmada dafn etila boshlanadi. 1900 yilga kelib San-Fransiskoda yer qimmatligi sababli o‘lganlarni dafn qilish butunlay taqiqlanadi.
Oradan 14 yil o‘tgach shahardagi barcha qabriston butunlay yopiladi va ularga ko‘milgan odamlar Kolmaga ko‘chiriladi. Shu tariqa, Kolma kichik aholi manzilidan juda ko‘p qabristoni bor shaharchaga aylanadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
11:25
Xitoyda 2024 yilning eng yaxshi avtomobillari e’lon qilindi
21:44 / 22.12.2024
Xitoyda dunyodagi eng katta suvosti tunnelining qurilishi yakunlandi
17:13 / 20.12.2024
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishining boshlanish sanasi ma’lum bo‘ldi
12:46 / 20.12.2024