O‘zbekiston | 14:55 / 18.12.2023
72790
2 daqiqa o‘qiladi

Aziz Voitov qamoqqa olindi

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib tergov qilinmoqda. U jinoyat ishi doirasida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Foto: Kun.uz

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov qo‘lga olingan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, u iqtisodiy jinoyatlar bilan bog‘liq ish yuzasidan tergov qilinmoqda.

Aziz Voitov 1980 yilda tug‘ilgan, Toshkent moliya institutini «Soliq va soliqqa tortish» mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan (2001) hamda Oliy ishbilarmonlik maktabida «Biznes boshqaruvi» bo‘yicha tahsil olgan (2010).

Aziz Voitov muqaddam «O‘zbekiston sanoat-qurilish banki» ATB boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan. 2020 yil martidan investitsiyalar va tashqi savdo vazirining (o‘sha vaqtda Sardor Umrzoqov) birinchi o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan, 2022 yil avgustida qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimiga tayinlangan, 2023 yil yozida Sardor Umrzoqov prezident administratsiyasi rahbarligidan ketishi ortidan 2023 yil oktyabr oyida vazirlik rahbarligidan olingandi.

UPD. Oliy sud matbuot xizmati Aziz Voitov qamoqqa olinganini tasdiqladi. Sobiq vazir Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 205-moddasi 2-qismi “a” bandida (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish oqibatida juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.

Mavzuga oid