Jahon | 12:16 / 18.12.2023
6261
4 daqiqa o‘qiladi

Berlin, London va Parij G‘azo sektorida sulh tuzishga chaqirdi

G‘azo sektorida sulh zarur, chunki «juda ko‘p tinch aholi» urush qurboniga aylandi, deya ma’lum qildi Annalena Berbok va Devid Kemeron.

Foto: Ibraheem Abu Mustafa/REUTERS

Germaniya va Britaniya tashqi ishlar vazirlari G‘azo sektorida yangi sulh tuzishga chaqirdi. Annalena Berbok va Devid Kemeron 17 dekabr, yakshanba kuni chop etilgan Sunday Times gazetasidagi qo‘shma maqolasida: «Biz doimiy tinchlikka olib keladigan doimiy sulhga erishish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak», deb yozgan. 

Berbok va Kemeron o‘z maqolasida «bu mojaroda juda ko‘p tinch aholi halok bo‘lgani» uchun imkon qadar tezroq sulh tuzish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, vazirlar Isroilga «to‘liq va zudlik bilan sulh» tuzish talabini rad etdi. «HAMAS Isroilga hujum uyushtirdi va har kuni raketa otyapti», — deyiladi maqolada. HAMAS, mualliflarning talab qilishicha, qurollarini tashlashi kerak.

Buyuk Britaniya bosh vaziri o‘rinbosari Oliver Dauden shu kuni Isroil og‘ir ahvolda ekani, chunki hamaschilar tinch aholi, xususan kasalxonadagi bemorlar ortiga yashiringanini aytdi. 

Bundan oldin Fransiya tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonna ham Isroil tashqi ishlar vaziri Eli Koen bilan uchrashuvda sulh tuzishga chaqirgan edi. Biroq Koen Isroilning ayni vaqtda o‘t ochishni to‘xtatish HAMAS uchun foydali bo‘lishi haqidagi pozitsiyasini takrorladi. Bir kun avval Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlar davom etishini aytgan edi. Ular garovga olinganlarni ozod qilish va «dushmanlar ustidan g‘alaba qozonish» uchun zarur, deb ta’kidladi bosh vazir. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 18 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

1 dekabrgacha davom etgan vaqtinchalik otashkesim doirasida 100 dan ortiq garovga olingan shaxs qo‘yib yuborildi, Isroil 240 ga yaqin falastinlikni qamoqdan ozod qildi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, 7 oktyabr kuni asirga olingan yana 138 kishi HAMAS qo‘lida qolmoqda.

Mavzuga oid