«O‘zlarini idish do‘konidagi fildek tutishmoqda» – Isroilni G‘arbda tobora ko‘proq tanqid qilishmoqda
Isroil mudofaa armiyasi ikki oydan buyon G‘azoda urush olib borayotgani fonida Isroilga xalqaro maydondan, xususan, G‘arbdan tanqidlar ko‘paymoqda. Ayniqsa AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil G‘azoda palapartish bombalash olib borayotgani sabab xalqaro qo‘llovni yo‘qotayotganini aytgach, bunday mazumundagi tanqidlar ko‘paydi.
«Idish-tovoq do‘konidagi fil kabi»
Buyuk Britaniyaning sobiq mudofaa vaziri Ben Uolles Isroilning taktikasi mojaroni yana 50 yilga cho‘zib yuborishini aytib tanqid qildi. Uning fikricha, Isroilning hozirgi olib borayotgan urushi sabab musulmon olamidagi yoshlar radikallashuvi holatlari ko‘payib, mojaro keyinchalik yana qaytalanishi mumkin.
«HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishib bo‘lmaydi, toki ularning o‘zi buni xohlamagunga qadar. HAMASni yo‘q qilish – qonuniy maqsad, lekin G‘azodagi to‘g‘ri kelgan yerni vayron qilish emas», degan sobiq vazir.
Vazir Isroil hukumati o‘zini noto‘g‘ri tutayotgani, bunday harakat qilish yaramasligini aytgan: «Men, shubhasiz, HAMASni qoralayman, bu antisemistik, nodemokratik tashkilot bo‘lib u Isroil bilan tinchlik bitimiga intilmaydi. Lekin hozirgi isroillik siyosatchilar o‘zini idish-tovoq do‘koniga tushib qolgan fildek tutmoqda», degan Britaniya parlamenti deputati.
Pentagon rahbari Isroilga boradi
Bayden Isroilni tanqil qilganidan ko‘p o‘tmay uning xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Isroilga kelgandi. Endi Pentagon rahbari Lloyd Ostin ham Isroilga kelmoqda. Uning tashrifi G‘azodagi tinch aholi o‘rtasida o‘lim holatlari ko‘paygani, oqibatda Isroilga tashqi bosim kuchaygani fonida yuz bermoqda.
Associated Press manbalariga ko‘ra, Ostin Isroilni G‘azodagi to‘laqonli operatsiyani to‘xtatib, HAMASga qarshi operatsiyalarga o‘tishga ko‘ndirish uchun bormoqda.
Asirlar o‘ldirilishi bosimni oshirdi
Isroil harbiylari G‘azoda uch nafar isroillik asirni o‘ldirib qo‘ygani shundoq ham xalqaro bosim ostida qolayotgan mamlakat rahbariyatiga endilikda ichki bosimni ham kuchaytirdi.
TsAHAL G‘azoda uch nafar isroillik aynan isroillik harbiy tomonidan otib o‘ldirilganini tasdiqladi. Vaholanki ular kiyimlarini yog‘ochga o‘rab yordam so‘rab chiqishgan. Shunga qaramay, harbiy ularni HAMAS vakillari deb o‘ylab otib tashlagan. Asirlardan biri jarohatlangach ivritchada yordam ham so‘ragan, lekin shundan keyin ham harbiy uni otib o‘ldirgan.
Ushbu holat bo‘yicha yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, uch asir o‘zlariga berilgan yegulikdan foydalanib, oq matoga «SOS, uch nafar asir» degan so‘zni yozib olgandi.
Jabaliyaga zarba. 90 kishi halok bo‘lgan
Isroil G‘azo shimolidagi Jabaliya shahrida joylashgan BMT maktabiga raketa zarbasi yo‘llagan. Bu yerda G‘azodagi eng yirik qochoqlar lageri joylashgan. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, zarba oqibatida kamida 90 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odam yaralangan. Odamlar vayronalar ostidan yana 50 kishini qidirmoqda.
Isroil shaharda ikki haftadan buyon kuchli bombalash olib borayotgani sabab u yerda harakatlanish qiyin bo‘lib qolgan. Falastinlik qutqaruvchilar raketa zarbasi berilgan joyga bora olmasligi uchun mahalliy aholining o‘zi odamlarni qidirishga tushgan.
G‘azoda ishlayotgan jurnalistlarning yozishicha, «Al Faxura» maktabiga berilgan zarbadan keyin ahvol dahshatli ko‘rinish olgan. Tibbiyot xodimlari yaradorlarni evakuatsiya qilishga urinmoqda. Maktab hududida ko‘plab uysiz qolgan falastinliklar ham jon saqlayotgan bo‘lgan. Turli nashrlarda juda ko‘p jasadlar bino polida yotgani aks etgan videolar tarqaldi.
G‘azoda BMTning 8 ta qochoqlar lageri bo‘lib ulardan eng kattasi aynan Jabaliyada joylashgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 1948 yil arab-isroil urushidan keyin ochilgan lagerda 119 ming falastinlik qochoqlar yashagan. Isroil mudofaa armiyasi oxirgi vaqtlarda aynan shu shaharga ko‘p marta zarba berdi. Isroil tomoniga ko‘ra, aynan BMT lageri HAMASning qo‘rg‘oni hisoblanadi. Ammo bu borada hech qanday isbot keltirilmagan.
Jabaliyadagi qochoqlar lageriga Isroil 31 oktyabr va 1 noyabrda ham raketa zarbalari bergandi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, o‘sha zarbalar oqibatida 200 ga yaqin odam halok bo‘lgan. Isroil tomoni esa o‘sha zarbalar oqibatida HAMAS komandiri o‘ldirilganini iddao qilgan.
TsAHAL Jabaliyadagi harbiy harakatlar haqida bergan oxirgi xabarida kechagi aviazarbalarga to‘xtalmagan. Isroil tomoniga ko‘ra, shahardagi amaliyotlar davomida HAMAS yuqori martabali mulozimi qarorgohidan 5 million yangi shakal (Isroil pul birligi) topilgan. Bu taxminan 1,37 million dollarga teng. TsAHAL shaharga berilgan zarbalardan maqsad qurol-yarog‘, portlovchi moddalar saqlangan «terrorchilik infratuzilmasi»ni, shuningdek, yerosti tunnellarini yo‘q qilish ekanini bildirgan.
Mavzuga oid
00:02 / 22.12.2024
Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»
16:40 / 20.12.2024
G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi
18:08 / 19.12.2024
Isroil ilk bor Yaman poytaxtiga zarba berdi
14:47 / 18.12.2024