O‘zbekiston | 09:23 / 20.12.2023
2265
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ko‘chatchilikda Italiya bilan hamkorlik qilishni boshlaydi

O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiya Ko‘chatchilar uyushmasi milliy konsorsiumi (CIVI Italia) prezidenti Jandominiko Konsalvo bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Dunyo AA

«Dunyo» xabariga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish va meva-sabzavotchilikni rivojlantirish bilan bog‘liq izchil islohotlar yuzasidan fikr almashildi.

Mamlakatda intensiv bog‘ va uzumzorlarni barpo etishda viruslardan xoli ko‘chatchilik va uni sertifikatlash tizimini tashkil etish hamda kelgusida sifatli hamda kafolatli hosil olish g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

CIVI Italia uyushmasi O‘zbekistonda ko‘chatchilik sohasida ilg‘or xorijiy tajribani ulashish va ko‘chatchilik markazini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarda amaliy yordam berishga tayyorligi ma’lum qilindi.

Uchrashuvda Italiyaning yirik ko‘chatchilik xo‘jaliklarini jalb qilish va mahalliy sharoitga mos yangi istiqbolli meva navlarini sinab ko‘rish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Italiya ko‘chatchilar uyushmasi milliy konsorsiumi CIVI Italia 1993 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatda meva, zaytun, sitrus va rezavor ko‘chatchiligi sohasida sifat sertifikatlash dasturini amalga oshirishga mas’ul yagona tashkilot hisoblanadi.

Mavzuga oid