O‘zbekiston | 20:32 / 21.12.2023
43834
3 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi O‘zbekiston o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli Qurolli kuchlarga egaligini eslatdi

Bu rossiyalik siyosatchi Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni Rossiyaga qo‘shib olish haqidagi so‘zlari ortidan Rossiya elchisi O‘zbekiston TIVga chaqirtirilgani fonida yuz berdi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi mamlakat o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli darajada Qurolli Kuchlarga ega ekani keltirib o‘tilgan postni e’lon qildi. Vazirlik matbuot kotibi Otabek Yuldashev o‘z Telegram-kanalida O‘zbekiston Konstitutsiyasining 153-moddasidan iqtibos keltirgan: «O‘zbekiston Respublikasi o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli darajada Qurolli Kuchlariga ega».

«Gazeta.uz»ning bunday bayonot nima bilan bog‘liq ekani to‘g‘risidagi savoliga Otabek Yuldashev Mudofaa vazirligining media markazi shu tarzda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligiga tayyorgarlik ko‘rayotgani, kelgusida Qurolli Kuchlar faoliyatining huquqiy asoslari haqida yana bir qancha postlar chiqarilishi rejalashtirilayotganini aytgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2017 yilda Mudofaa doktrinasini yangilagan. Mazkur hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Mudofaa doktrinasi mudofaa xarakteriga ega.

«O‘zbekiston Respublikasi hech bir davlatni o‘zining dushmani deb hisoblamaydi va barcha mamlakatlar bilan munosabatlarni mamlakat milliy manfaatlarining ustuvorligi asosida hamda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalarini inobatga olgan holda, o‘zaro naf ko‘rish, teng huquqlilik hamda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, barcha nizoli masalalarni tinch vositalar va muzokaralar yo‘li bilan hal qilish, davlatlararo shakllangan chegaralarning buzilmasligi va o‘zgarmasligini tan olish asosida quradi», deyiladi doktrinada.

Hujjatda globallashuv davom etayotgan va xalqaro munosabatlarning butun tizimi o‘zgarib borayotgan sharoitlarda jahondagi harbiy-siyosiy vaziyat xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka xavf-xatar hamda tahdidlar ko‘lami kengayib borayotgani qayd etilgan.

«Bu omillar harbiy kuch ishlatishni talab qilishi mumkin. Bunday sharoitda davlatning mudofaa salohiyati harbiy sohada milliy xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlarni jilovlash, neytrallashtirish va tugatishning asosiy vositalaridan biri bo‘lib qoladi», deyiladi hujjatda.

 

Vazirlikning bu posti rossiyalik siyosatchi Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni Rossiyaga qo‘shib olish haqidagi so‘zlaridan so‘ng Rossiya elchisi O‘zbekiston TIVga chaqirilishi fonida e’lon qilindi.

Mavzuga oid