O‘zbekiston | 14:02 / 22.12.2023
19873
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirining MIBdan 1 mln 732 ming so‘m qarzi borligi ma’lum bo‘ldi

Majburiy ijro byurosi vazir Amrillo Inoyatovning aliment to‘lamagani haqidagi xabarni rad etdi. Ma’lum bo‘lishicha, qarzdorlik yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun ma’muriy jarimani undirish bilan bog‘liq bo‘lgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ijtimoiy tarmoqlarda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning “aliment to‘lamayotgani”ga oid xabarlar tarqaldi.

Majburiy ijro byurosining aniqlik kiritishicha, tarqalgan xabardagi 20012307105901-sonli ijro ishi yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun fuqaro Amrillo Inoyatovdan ma’muriy jarimani undirish bilan bog‘liq. Bu – aliment undiruviga doir ijro ishlari toifasiga kirmaydi.

MIB axborotiga ko‘ra, byuroning Buxoro viloyat boshqarmasi va uning hududiy tuzilmalarida sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovdan aliment undirish bilan bog‘liq hujjatlar mavjud emas.

Hozirda, ushbu ma’muriy jarimani undirish choralari ko‘rilmoqda”, – deyiladi rasmiy munosabatda.

Onlayn to‘lov tizimi orqali tegishli invoys kiritilganda MIBning ijro ishi bo‘yicha jami 1 mln 732 ming 500 so‘m qarzdorlik ko‘rinadi.

Ijro ishiga ko‘ra, qarzdor Inoyatov Amrillo Shodiyevich 1 mln 650 ming so‘m asosiy qarz va 82 ming 500 so‘m ma’muriy jarima to‘lashi kerak. Qachon ochilgani noma’lum ijro ishi hozirda jarayonda bo‘lib, qarzdorlik bartaraf etilmagan.

Mavzuga oid