O‘zbekiston | 09:50 / 24.12.2023
11007
10 daqiqa o‘qiladi

Musulmonlar uchun do‘stona turizm: yetakchi mamlakatlar va O‘zbekiston uchun imkoniyatlar

Sayohatlar landshafti kengaymoqda. Musulmonlar uchun do‘stona turizm (MDT) yaratish barcha yurtlar uchun dolzarb masalaga aylanyapti – islom diniga e’tiqod qiluvchilar soni 2 milliardga yaqinlashdi, axir. Bu esa musulmon sayohatchilar uchun jozibali sayohat va dam olish imkoniyatlarini yaratish bilan bo‘ladi. Bu boradagi muvaffaqiyatli tajribalarni o‘rganish O‘zbekiston uchun ham foydali.

O‘zbekiston musulmon dunyosini o‘ziga jalb qila oladi. Yurtimiz –

  • Islom madaniyati o‘chog‘i;
  • mashhur allomalar vatani;
  • ming yillik o‘tmish bilan bog‘langan tarixiy maftunkor binolari bor;
  • lazzatli taomlari bilan mashhur;
  • Ipak yo‘lining markazida joylashgan Sharq gavhari.

Mamlakatimizga musulmon sayyohlar oqimi yildan yilga ortib bormoqda. Ammo sayyohlarda O‘zbekiston haqida yanada yaxshiroq taassurot qolishi uchun shart-sharoitlar yanada yaxshilanishi kerak.

Musulmonlar uchun do‘stona turizm – turizm sanoatining ixtisoslashgan shakli. U Islom tamoyillariga muvofiq ravishda musulmon sayohatchilarni qabul qilishga qaratilgan. Bunda yo‘nalishlar, turar joylar, ko‘rsatiladigan xizmatlar va obektlar (maskanlar) musulmon tashrif buyuruvchilar uchun qulay, Islom dini talablarga mos bo‘ladi.

Ammo bu nafaqat musulmondar uchun – barcha uchun inklyuziv va mehmondo‘st muhit yaratish vazifasidir.

Ma’lumot uchun: Musulmonlarning global sayohat indeksi (GMTI) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab musulmon sayohatchilarning umumiy soni 2023 yilda 140 millionga yetib, pandemiyadan oldingi darajaga yaqinlashgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2028 yilga borib 230 millionga yetishi kutilmoqda, bunga sarflanadigan mablag‘ esa 225 milliard dollar atrofida bo‘lishi mumkin.

2022 yil musulmon sayyohatchilar uchun eng qulay mamlakatlar reytingida kuchli yigirmatalikda Malayziya yetakchi, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Indoneziya 2-o‘rinni egallagan, O‘zbekiston reytingda sezilarli yaxshilanib, 7 pog‘ona yuqorilab, 9-o‘rinni egallagan.

Dunyo bo‘ylab muvaffaqiyatli MDT tashabbuslari

Malayziya – yetakchi davlat

Foto: Hari Anggara

Malayziya musulmonlar uchun do‘stona turizmi bilan mashhur. Mamlakat “halol” sertifikatiga ega muassasalarga, ko‘plab masjidlarga, boy Islom merosiga ega. Kuala-Lumpur xalqaro aeroporti namoz o‘qish joylari va tahorat olish uchun shinam imkoniyatlarga ega, bu kabi shart-sharoitlar barcha yirik savdo markazlari, anjuman saroylari, diqqatga sazovor joylarda mavjud.

Malayziyada oziq-ovqat, mahsulotlar va xizmatlar uchun yaxshi tashkil etilgan “halol” sertifikati tizimi mavjud. Malayziya Islom taraqqiyoti departamenti (JAKIM) sertifikatlashtirish jarayonini nazorat qiladi. Islom turizm markazi (ITC) Malayziyada islom turizmini targ‘ib qilish va musulmon sayohatchilar uchun ma’lumot va xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Malayziya halol mahsulot va xizmatlarga yo‘naltirilgan “Halol Park” tashabbusini amalga oshirdi. Bu parklar “halol” sertifikatiga ega ishlab chiqarish quvvatlarini, tadqiqot markazlarini va logistikani birlashtiradi.

Turkiya – tarix va mehmondo‘stlik

Serqirra islom tarixiga ega Turkiya musulmonlar uchun do‘stona manzil sifatida tanilgan: masjid-u namozxonalar, halol taomxonalar va ko‘plab diqqatga sazovor joylari bor. Istanbul aeroportida sayohatchilar uchun maxsus namoz xonalar tashkil etilgan, yirik bozorlar, ko‘ngilochar maskanlarida ham namozgohlar, tahoratxonalarni topish mumkin.

Turkiya hukumati Islom turizmini faol ravishda targ‘ib qilish va tashrif buyuruvchi musulmonlarga do‘stona munosabatni yaxshilash bo‘yicha tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda. Bunga halol turizmni targ‘ib qilish va musulmon sayohatchilarni qulay joylashtirish vazifalari kiradi. Turkiyada mahsulot va xizmatlarning halol standartlariga muvofiqligini sertifikatlash uchun Turk standartlari instituti va Halol akkreditatsiya agentligi kabi tashkilotlar faoliyat yuritadi.

Birlashgan Arab Amirliklari – hashamat va qulaylik

BAA, xususan, Dubay va Abu-Dabi musulmonlar uchun do‘stona turizmni qulay qilish namunasidir. Yuqori darajaga muvofiq turar joylar, umumiy ovqatlanish, oilaviy dam olish, diqqatga sazovor joylarda musulmon sayohatchilar uchun keng qamrovli xizmatlar yaratilgan. Jumladan, nogironlar uchun qulay bo‘lgan tahorat joylarini uchratasiz. Dubay xalqaro aeroportida musulmon sayohatchilar uchun maxsus joy – “Halal Traveler's Lounge” ajratilgan.

Indoneziya – xilma-xillik

Dunyoning eng yirik musulmon davlati Indoneziya musulmonlar uchun do‘stona turizmning xilma-xil turlarini taklif qiladi: mamlakat halol taomlardan tortib, sokin islomiy dam olish maskanlarigacha bo‘lgan qulay shart-sharoitlar tizimini yaratgan.

Bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun halol restoranlar, namozgohlar va madaniy mas’uliyat birinchi o‘ringa qo‘yilgan ko‘plab maskanlar muntazir.

Indoneziya o‘zining “Ajoyib Indoneziya” kampaniyasi orqali halol turizmni faol targ‘ib qilib kelmoqda. Mamlakat mehmonxonalar, restoranlar va turizm bilan bog‘liq xizmatlarni halol sertifikatlashga sarmoya kiritgan.

MDT – musulmon bo‘lmagan davlatlarda

Yaponiya – mehmondo‘stlik

Yaponiya musulmon sayohatchilarni joylashtirishda, ularga xizmat ko‘rsatishda sezilarli yutuqlarga erishyapti. Narita xalqaro aeroporti va Tokiodagi savdo majmualari namozgohlar bilan ta’minlangan, mehmonxonalarda esa istagingizga ko‘ra halol taomlar taklif qilinadi.

Kioto va Tokio shaharlaridagi ba’zi restoran va mehmonxonalarda ibodat qilish joylari bor, “halol” sertifikatini faxr bilan namoyish etishadi.

Janubiy Koreya – xushmuomala mehmondo‘stlik

Janubiy Koreya ham musulmon sayyohlarni kutib olishda ancha faollashgan. Mamlakatning sayyohlik tashabbuslari doirasida xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar uchun musulmon turistlarning talablari va odatlari o‘rgatiladigan treninglar o‘tiladi.

Janubiy Koreyadagi yirik aeroportlar, savdo markazlari va mashhur sayyohlik joylari musulmon sayohatchilarning namozlarini o‘qishlari uchun maxsus namoz joylarini taqdim etadi. Seul va Pusan kabi shaharlarda turli oshxonalar, jumladan, halol talablariga javob beradigan koreys taomlarini taklif qiluvchi “Halol” sertifikatiga ega restoranlar soni ortib bormoqda.

Janubiy Koreya o‘zini musulmon sayyohlar uchun yanada jozibador qilish uchun “Musulmonlarga do‘st Koreya” dasturini ishga tushirdi. Bu tashabbus halol obektlar, jumladan, mehmonxonalar, restoranlar va turoperatorlarni sertifikatlashni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekistonda musulmonlar uchun do‘stona turizmni rivojlantirish

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasidagi nutqida turizm sohasiga kiritilayotgan har bir dollar kelgusida 3-4 barobar daromad keltirishini, yaratilayotgan har bir yangi ish o‘rni boshqa tarmoqlarda yana ikkita ish o‘rni hosil qilishini aytdi.

Shu bilan birga, imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay sharoitlarni yanada yaxshilash, inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 2025 yilni “Butunjahon inklyuziv turizm yili” deb e’lon qilish va maxsus deklaratsiya qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

“Inklyuziv turizm” musulmonlar uchun do‘stona turizm (MDT) tushunchasini ham o‘z doirasiga oladi. Shu boisdan, O‘zbekistonda musulmonlar uchun do‘stona turizmni yanada rivojlantirishda quyidagi yo‘nalishlarni takomillashtirish lozim:

“Halol” sertifikati va standartlar – mehmonxonalar, restoranlar va xizmatlar uchun “halol” sertifikatining aniq standartlarini belgilash hamda xalqaro tajriba va talablarni o‘rganish.

Raqamli platformalar va ilovalar – halol xizmatlar, masjidlar va musulmonlar uchun qulay bo‘lgan boshqa qulayliklar haqida real vaqtda ma’lumot beruvchi raqamli platformalar va mobil ilovalarni ishlab chiqish va targ‘ib qilish.

Halol xizmatlarini diversifikatsiya qilish – halol xizmatlar turlarini oshirish, jumladan, dam olish, ko‘ngilochar, oilaviy ovqatlanish maskanlarida va turar joylarda musulmon sayohatchilarning turli ehtiyojlarini qondirish imkoniyatlarini yaratish.

Qulay ibodat joylari – aeroportlar, savdo markazlari va sayyohlik joylarida ibodat joylarini va qulayliklarni yaratish. Kelgusida jamoat (xalq) uchun hizmat qiladigan obektlar qurilishida (loyihalashda) ushbu shartlarni hisobga olish va rejalashtirish.

Davlat-xususiy sheriklik – musulmonlar uchun do‘stona turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun davlat va xususiy sektor o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. Ushbu hamkorlik moliyalashtirish imkoniyatlarini oshiradi va barqaror o‘sishni ta’minlaydi.

Sertifikatlash uchun davlat grantlari – “halol” sertifikatini olmoqchi bo‘lgan korxonalarga (tashkilotlarga) moliyaviy yordam yoki grantlar taqdim etish. Bu ko‘proq muassasalarni sertifikatlash jarayonidan o‘tishga undaydi, bu esa musulmonlar uchun qulay turizm ekotizimini yaxshilaydi.

Islomiy moliya xizmatlari – musulmonlar uchun do‘stona turizm bilan shug‘ullanuvchi korxonalar ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlovchi moliyaviy mahsulotlarni taklif qilish uchun islom banklari, islomiy bank darchalari, islomiy sug‘urta (takaful) xizmatlari bozorini rivojlantirish. Bu shariatga muvofiq moliyalashtirish va investitsiya imkoniyatlarini o‘z ichiga oladi.

Qonunchilik – MDT rivojini ta’minlash maqsadida, tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, bu uchun ma’sul vazirlik va idoralarni biriktirish hamda qonuniy faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar faoliyatiga aralashmaslik shartlarini qonun orqali yanada mustahkamlash.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston turizm sanoati katta potensialga ega. Musulmonlar uchun do‘stona turizm yo‘nalishida amalga oshiriladigan islohotlar ham mahalliy turistlar, ham xorijlik turistlar (ziyoratchilar) uchun manfaatli bo‘ladi. Rivojlanish va raqobat davrida yashayotganimiz bois, erkin va qulay shartlar asosida rivojlanishimiz muhim ahamiyat kasb etadi.

Iskandar Tursunov,
Islom iqtisodiyoti va moliyasi mutaxassisi

Mavzuga oid