O‘zbekiston | 11:42 / 26.12.2023
14948
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondan Qirg‘izistonga salkam 600 ming dollar o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxslarga hukm o‘qildi

Namangan tuman sudi O‘zbekistondan Qirg‘izistonga 590 ming AQSh dollarini o‘tkazmoqchi bo‘lgan 4 nafar shaxsga hukm o‘qidi. Ayblanuvchilarning 2 nafari 5 yilga, yana 2 nafari esa 5 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.

Foto: Videodan kadr

O‘zbekistondan Qirg‘izistonga 590 ming AQSh dollarini o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi. DXX matbuot xizmati xabar berishicha, Andijon shahrida yashovchi, 1998 va 2002 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs 2023 yilning may oyida Toshkent shahrida juda ko‘p miqdordagi chet el valutalarini qabul qilib olib, ularni jinoiy sheriklariga yetkazish uchun Farg‘ona viloyati tomon yo‘l olishgan.

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumani hududida ular ushbu xorijiy valutalarni Qirg‘izistonga bojxona nazoratini chetlab, o‘tkazishi kerak bo‘lgan, Quvasoy shahrida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro bilan uchrashgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Ular harakatlanib kelgan Spark rusumli avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashina salonida 4 dona qora rangli polietilen paketlarga o‘ralib, skotch bilan mahkamlangan jami 590 945 AQSh dollari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, jinoiy guruh yetakchisi bo‘lgan Quvasoy shahrida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan shaxs ham qo‘lga olindi.

Holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,182-moddasining 2-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudi tomonidan ushbu shaxslarning 2 nafariga nisbatan 5 yil, qolgan 2 nafariga nisbatan esa 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, ashyoviy dalil sifatida olingan 590 945 AQSh dollari va Spark rusumli avtomashina davlat egaligiga o‘tkazildi.

Mavzuga oid