O‘zbekiston | 07:26 / 27.12.2023
8067
3 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi

Ishlarni viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda taftish tartibida ko‘rish bosqichi joriy etildi.

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Ishlarni viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda taftish tartibida ko‘rish bosqichi joriy etildi.

Yuqori turuvchi sudlar tomonidan quyi sudlarning bekor qilingan qarorlarini yangidan ko‘rish uchun qaytadan ushbu sudlarga yuborish tartibi chiqarib tashlandi. 

Har bir sud instansiyasining zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish majburiyati yuklatildi. 

Sud buyrug‘ini bekor qilishni rad etish to‘g‘risidagi sud ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkinligi belgilandi.

Arizani ish yuritishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi sudning ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin. Ajrim bekor qilingan taqdirda, ariza sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan deb hisoblanadi.

Apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining ajrimi, qarori qabul qilinganidan keyin darhol qonuniy kuchga kiradi.

Birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori hamda apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida, O‘zbekiston Harbiy sudida taftish tartibida ko‘riladigan shikoyat (protest) ushbu sudlar nomiga yo‘llanadi, lekin sud hujjatini qabul qilgan birinchi instansiya sudiga beriladi.

Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida taftish tartibida ko‘riladigan shikoyat (protest) bevosita Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga beriladi.

Oliy sud raisining, bosh prokurorning Oliy sud Rayosatiga taftish tartibidagi protesti bevosita Oliy sudga beriladi.

Taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran 1 yil ichida beriladi.

Qonun 2024 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.

Mavzuga oid