Jahon | 23:55 / 29.12.2023
15123
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden Rossiyaning ommaviy raketa zarbalariga javoban Kongressni «shoshilinch chora ko‘rishga» chaqirdi

AQSh prezidenti agar Kongress ma’qullamasa, kelasi yili Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazilmasligidan ogohlantirdi.

Foto: EPA

AQSh prezidenti Jozef Bayden Rossiyaning Ukrainaga bergan ommaviy raketa va dron hujumlariga munosabat bildirdi. 29 dekabrga o‘tar kechasi boshlangan va kun bo‘yi davom etgan zarbalar oqibatida 30 kishi halok bo‘lgan, 160 nafardan ortig‘i jarohat olgan edi.

«Bugungi tun halokatli urush boshlanganidan deyarli ikki yil o‘tib, Putinning maqsadi o‘zgarmaganini eslatib turadi. U Ukrainani yo‘q qilib, xalqini o‘ziga bo‘ysundirmoqchi. Bunga chek qo‘yish kerak», dedi Bayden.

Uning ta’kidlashicha, Ukraina shafqatsiz hujumga qarshi o‘tgan yil davomida AQSh va boshqa ittifoqchilardan olgan havo hujumidan mudofaa tizimlarini qo‘llagan. Shu bilan birga, Bayden agar Kongress ma’qullamasa, AQSh kelasi yili Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib bera olmasligidan ogohlantirdi.

«Amerika xalqi ukrainaliklar hayotini saqlab qolishga, erkinligi va mustaqilligini himoya qilishga yordam bergani bilan faxrlanishi mumkin. Ammo Kongress yangi yilda shoshilinch choralar ko‘rmas ekan, biz Ukraina xalqini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan qurol va havo mudofaa tizimlarini yuborishni davom ettira olmaymiz. Kongress faollashishi va kechiktirmasdan harakat qilishi kerak», dedi prezident.

Baydenning qayd etishicha, bu urush Ukraina chegarasidan ham uzoqqa boradi va NATO harbiy-siyosiy blokiga, Yevropa xavfsizligiga va transatlantik munosabatlar kelajagiga ta’sir qiladi.

«Putin shunchaki Ukrainani yo‘q qilishga urinmadi, balki NATO blokidagi ba’zi ittifoqchilarimizga ham tahdid qildi. Diktatorlar va avtokratlarga Yevropada qo‘pol harakat qilishga ruxsat berilsa, Qo‘shma Shtatlar bu vaziyatga bevosita aralashib qolish xavfi ortadi. Oqibati esa butun dunyoga ta’sir qiladi. Shuning uchun ham Qo‘shma Shtatlar Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 dan ortiq davlatdan iborat koalitsiyani birlashtirdi. Biz ittifoqchilarimiz va hamkorlarimizga pand berolmaymiz. Biz Ukrainaga pand berolmaymiz. Erkinlik chaqirig‘iga e’tibor bermaganlarni tarix qattiq jazolaydi», deb xulosa qildi prezident.

Mavzuga oid