Erta unashtiruv, tahqirlanayotgan bolalar, migrantlarning yolg‘iz qolgan farzandlari - bolalar ombudsmani bilan suhbat
“Bola huquqlari buzilishining boshlang‘ich nuqtasi ota-onalar o‘z farzandini mulki sifatida ko‘rishi bilan boshlanadi. Bola o‘z hayotiga oid bo‘lgan kichik va katta qarorlar qabul qilishda ishtirok etmaydi. Bu – bizning jamiyatdagi umumiy tafakkur. Davlat qonunchilikni qat’iylashtirishi bilan masala to‘liq hal bo‘lmaydi, jamiyat ham bunga javob berishi lozim”. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning Kun.uz'ga bergan intervyusini tomosha qiling.
Tobora o‘zgarib borayotgan dunyoda inson huquqlari, shuning barobarida bolalar huquqlarini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Xususan, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston bolalari bilan sodir bo‘layotgan voqealar fonida mamlakatimizda ham bu masala jamoatchilikning kun tartibida bo‘lib turibdi.
Xo‘sh, hozirda o‘zbek bolalari yetarlicha himoya qilinyaptimi? Ombudsmanning jarayondagi roli qanday bo‘lyapti? Kun.uz ayni shu mavzu atrofida butun respublikadagi vaziyatni tahlil qilish, muammolarni ko‘tarish maqsadida bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova bilan suhbat tashkil qildi.
– Bolalar ombudsmani etib tayinlanganingizga ham 2 oy to‘ldi, ish boshlagach O‘zbekistondagi holatni o‘rgandingizmi? Bolalar huquqlari bilan bog‘liq ayni vaziyatni qanday baholaysiz? Bu borada nimalar bizning asosiy muammolarimiz bo‘lib qolmoqda?
— Bu lavozimda ish boshlaganimga 2 oy bo‘lgan bo‘lsa, shu vaqt davomida bu tizimni o‘rgandik, kutuvlarimiz bor. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, boshqa sohalar qatori bolalar huquqlarini himoya qilish sohasi ham tubdan isloh etildi. Qat’iy ravishda davlat bola huquqlarini himoya qilishi zarur, degan pozitsiya yaratilib, shu e’tirof etilmoqda.
Bolalar huquqlarini buzish holatlari uchun jazolar qat’iy va og‘irlashtirilgan bo‘lsa-da, bu asosan oqibat bilan ishlash hisoblanadi. Aslida muammoning ildizi, zo‘ravonlik holatlari kelib chiqishiga sabablarini o‘rganish lozim. Menimcha, buning ildizi ijtimoiy-tarixiy tafakkur bilan bog‘liq. Bizning jamiyatda bolaga nisbatan to‘laqonli inson, shaxs deb qarash yo‘q, bola ota-ona qaramog‘ida bo‘lgan kichik bir odam, deb qaraladi, uning fikrlari, munosabati deyarli inobatga olinmaydi. Ya’ni jamiyatning teng a’zosi sifatida ko‘rilmaydi.
Bu yondashuv bola tug‘ilgandan voyaga yetgunga qadar davom etadi. Bolaning nima kiyishidan tortib kim bilan oila qurishigacha ota-onalar, yaqinlar, jamiyat hal qiladi. Bola o‘z hayotiga oid bo‘lgan kichik va katta qarorlar qabul qilishda ishtirok etmaydi. Bu bizning jamiyatdagi umumiy tafakkur. Bu narsa hatto bolaga bir buyumdek qarash holatlariga ham o‘tib ketadi ba’zida. Bola alohida shaxs sifatida e’tirof etilmagandan keyin tabiiy ravishda uning huquq va erkinliklari ham e’tirof etilmaydi. Bola huquqlarining buzilishi shundan boshlanadi.
Bunday salbiy qadriyatlar va ijtimoiy me’yorlarni qayta ko‘rib chiqish ehtiyoji bor bugun. Faqat davlat emas, jamiyat ham bu yondashuvlarni o‘zgartirishga urinishi kerak. Davlat qonunchilikni qat’iylashtirishi bilan masala to‘liq hal bo‘lmaydi, jamiyat ham bunga javob berishi lozim.
— Bolalar ombudsmaniga 2019 yildan boshlab e’tibor berila boshlanganini hisobga olsak, hukumatning bolalar huquqlarini himoya qilish borasida istagi borligini ko‘ramiz. Lekin baribir bu organni qo‘llab-quvvatlashda kamchiliklar bordek tuyulmaydimi sizga?
— Yangi yo‘lga qo‘yilgan institutlarni tashkil etishda tashkiliy masalalar yuzaga keladi. Lekin kadr va resurslarda muammolar bor deb o‘ylamayman, faoliyat boshlaganimdan beri bunday muammoga duch kelmadim. Bolalar masalasining ko‘lami kengligi sabab kadrlarga ehtiyoj bo‘ladi, har bir viloyatda vakillarimiz bo‘lishi kerak, hozir bu borada ishlar ketyapti.
Qonuniy va tashkiliy jihatdan ishlarni yo‘lga qo‘yish uchun jarayon davom etyapti. Parlamentning quyi palatasida bolalar ombudsmani to‘g‘risidagi qonun 3-o‘qishda qabul qilindi va yuqori palataga yuborildi. Davlat darajasida masalaning muhimligi, siyosiy-ijtimoiy ehtiyoj borligi e’tirof etilib, bu institutni kuchaytirish ishlari olib borilmoqda. Yaqin orada bizda katta imkoniyatlar bo‘ladi.
— Aniq keyslarga o‘tsak. Masalan, yaqinda bo‘lgan Qashqadaryodagi holat, u yerga bordingiz, vaziyatni o‘rgandingiz. Xo‘sh, qizlar bilan gaplashib ko‘rganingizda ularning ruhiy holati, jarayonga munosabati qanday edi?
— Bu masala yuzasidan Qashqadaryoga borib o‘rganish olib bordik, birgina Ko‘kdala tumanida emas, boshqa tumanlarni ham o‘rgandik.
Aynan Ko‘kdaladagi keysni oladigan bo‘lsak. Biz u oilalar bilan uchrashdik, qizlar bilan, onalar bilan xoli suhbat olib bordim o‘zim. Bu vaziyatdagi birinchi omil urf-odatlar. Qizlarni turmushga berishni ertaroq hal qilish urf bo‘lgan. Bu degani unashtiruv bo‘liboq to‘y qilamiz degani emas, oilaning o‘zi ham e’tirof etyapti. Ammo baribir bu noto‘g‘ri ekanini tushuntirishga harakat qildik.
14-15 yoshli qizga nisbatan bunday marosim bo‘lishining o‘zi uning ta’lim olishi, rivojlanishi, kasb egallash kabilarni cheklab tashlaydi. Bu ish bilan qizning zimmasiga oila qurish, farzandli bo‘lish, yangi oilasi bilan, ularning manfaatlari bilan yashashni yuklab qo‘yadi. 15 yoshli qiz shu narsalarni ustuvor deb bilishga majbur bo‘ladi.
O‘sha hududlarda bu narsa urf bo‘lgani uchun bunday holatlarga jamiyat me’yor sifatida qaraydi. Bunday urf-odatlar shakllangan davr bilan hozirgi davr ijtimoiy me’yorlari, ehtiyojlari o‘rtasila yer bilan osmoncha farq bor. U davrlarda qizlarning hayotiy barqarorligini ta’minlash uchun ertaroq unashtirib qo‘yish kerak, degan qarash bo‘lgan. Chunki ayollar moliyaviy mustaqil bo‘lishiga, ta’lim olib biror kasb egallashiga imkoniyat bo‘lmagan u paytda. Hozir esa qizlarda bunday imkoniyatlar bor. Ammo afsuski, eski urf-odatlar hozirgacha o‘z ta’sirini o‘tkazib kelyapti.
Mana shu narsalarni yotig‘i bilan tushuntirsa, tushunishyapti ham. Ta’lim imkoniyatlari, magistraturada bepul o‘qishi mumkinligi haqida ma’lumotlar berilsa, ota-onalar shuni o‘ylab ko‘ryapti.
Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi videoda ko‘rishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Muhiddin Qurbonov.
Mavzuga oid
19:08 / 16.12.2024
Samarqandda o‘quvchiga qo‘l ko‘targan direktor o‘rinbosariga hayfsan berildi
17:43 / 05.12.2024
Hukumat qonundan tashqari 10 trln so‘m xarajat qilgan. Deputatlar 9 daqiqada bu xarajatlarni qonunga kiritib berdi
16:59 / 04.12.2024
Andijondagi mutasaddilarning harakatlariga baho berish uchun ogohlantiruv hujjati kiritildi - Bolalar ombudsmani
18:47 / 03.12.2024