Rossiya Ukraina bo‘ylab 100 dan ortiq raketa uchirdi. Asosiy ma’lumotlar
Kiyev, Odessa va Lvivda turar joylar, Dniproda - savdo markazi binosi shikastlangan. Yigirmaga yaqin kishi halok bo‘lib, 100 dan ortiq kishi yaralangan.
Rossiya qo‘shini 29 dekabrga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab yopirilma raketa zarbalari yo‘lladi. RF armiyasi hujumda Shahed dronlari, shuningdek qanotli va zenit raketalardan foydalangan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 18 kishi halok bo‘lib, 132 kishi yaralangan, ular orasida olti va sakkiz yoshlardagi ikki bola ham bor.
Ukraina QK havo kuchlari rasmiy vakili Yuriy Ignat «Babel» nashriga ma’lum qilishicha, Rossiya qo‘shini zarbalar vaqtida «Kinjal» raketalari, ballistik, zenit va qanotli raketalar hamda dronlarni qo‘llagan. «Biz hech qachon monitorimizda bir vaqtning o‘zida bu qadar ko‘p nishonlarni ko‘rmagandik», — degan Ignat. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum vaqtida Rossiya qo‘shini 18 ta strategik bombardimonchi samolyotlardan foydalangan.
Kiyev
Kiyevga turli turdagi o‘nlab raketalar bilan hujum qilindi, ular shaharga turli yo‘nalishlarda to‘lqin bo‘lib kirgan, deb ma’lum qilgan Kiyev harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popko. Uning tasdiqlashicha, havo hujumidan mudofaa kuchlari Kiyev ustida 30 dan ortiq nishonni urib tushirgan. Yopirilma raketa hujumi oqibatida Kiyevda vayrongarchiliklar va jabrlanganlar qayd etilgan.
Popkoning so‘zlariga ko‘ra, Shevchenkovo rayonida turar joy binosi shikastlangan, garajlar hududida yong‘in kelib chiqqan. Shuningdek, Kiyev shahri meri «Lukyanovskaya» metro bekati binosi ham zarbaga uchragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shevchenkovo rayonida omborxonalar shikastlangan, xarobalar ostidan ikki kishining jasadi chiqarib olingan. Bundan tashqari, aholi yashamaydigan qurilishlar hududida va hali qurib bitkazilmagan biznes markaz binosida yong‘in chiqqan.
Podolsk rayonida uch ming kvadrat metr maydonni egallagan omborlar hududida yong‘in ro‘y bergan, buning oqibatida, Popkoning so‘zlariga ko‘ra, «ko‘plab yaradorlar bor». O‘nlab kishilar xarobalar ostida qolib ketgan.
Kiyevning Svyatoshinsk rayonida hali aholi ko‘chib kirmagan ko‘p qavatli binoda yong‘in ro‘y bergan, boshqa joyda turargohga qo‘yilgan uchta avtomobil yonib ketib, bir kishi jarohat olgan. Darnitsk rayonida xususiy va ko‘p kvartirali turar joylar shikastlangan, jabrlanganlar va yong‘in qayd etilmagan.
Ukraina rasmiylarining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyevda ikki kishi halok bo‘lgan va kamida 28 kishi tan jarohati olgan, shundan 25 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Ukraina IIV Kiyev bo‘ylab zarbalar oqibatlari aks etgan fotosuratlarni namoyish etgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Kiyevdagi turar joy binolaridan biriga raketa kelib urilgani aytilgan video tarqalgan.
Xarkiv
Xarkiv tunda va tongda uch bor raketalar bilan o‘qqa tutildi, deb xabar berdi shahar rahbari Igor Terexov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini X-22 qanotli raketalari va S-300 kompleksidan uchirilgan raketalar bilan zarba yo‘llagan. Tun bo‘yi va tongda shahar bo‘ylab 20 ga yaqin raketa bilan zarba yo‘llandi, deb xabar bergan Xarkiv oblasti rahbari Oleg Sinegubov. Turar joylar, maktab, pochta, omborxonalar, ishlab chiqarish binolari, transport deposi, korxonalar vayron bo‘lgan yoki shikastlangan, tibbiyot muassasalaridan birida portlash to‘lqini oqibatida tom va derazalar shikastlangan.
Rossiya zarbalari oqibatida Xarkivda kamida uch kishi halok bo‘lib, 13 kishi jarohatlangan, deb xabar qiladi Sinegubov. Zarbalar oqibatida shaharda jamoat transporti uchun elektr uzatishda muammolar yuzaga kelgan.
Dnipro
Mahalliy nashrlarga ko‘ra, Dniproda raketa zarbasidan keyin savdo markazi yonib ketgan. Savdo markazi atrofidan turib olingan videoyozuvlarda halok bo‘lgan yoki jarohatlangan kishilarni ko‘rish mumkin. Shahardagi tug‘uruqxonalardan birining binosida yong‘in ro‘y bergan. «Zarba kelib urilishi oqibatida tibbiyot muassasasi binosida jiddiy shikastlanish qayd etilgan. Barcha bemorlar va tibbiyot xodimlari boshpanalarga o‘tishga ulgurgan», — deyiladi sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida. Dnipro shahri rahbari Boris Filatov shahar o‘qqa tutilishi oqibatida halok bo‘lganlar va yaralanganlar borligini tasdiqlagan.
Dnipropetrovsk oblasti rahbari Sergey Lisakning aniqlik kiritishicha, besh kishi halok bo‘lib, 20 kishi jarohatlangan. Qidiruv-qutqaruv amaliyoti davom ettirilmoqda, xarobalar ostida odamlar qolgan bo‘lishi mumkin. Oblast rahbarining so‘zlariga ko‘ra, savdo markazi va tug‘uruqxonadan tashqari xususiy uylar va olti qavatli bino shikastlangan.
Lviv
Tun mobaynida rossiyalik harbiylar Shahed-136/131 tipidagi 20 dan ortiq uchuvchisiz uchish qurilmalarini uchirgan, Lviv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiyning ma’lum qilishicha, bu qurilmalarning kamida 14 tasi Lviv oblasti bo‘ylab harakatlangan, bu dronlardan 8 tasi urib tushirilgan.
Lviv shahri rahbari Andrey Sadoviyning ma’lum qilishicha, o‘qqa tutish oqibatida kritik infratuzilma obektida yong‘in sodir bo‘lgan. Bundan tashqari, Lviv raketalar bilan o‘qqa tutilishi vaqtida turar joy binolari ham shikastlangan. Xotkevich ko‘chasidagi uylardan biriga raketa kelib tushishi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, uch kishi yaralangan, deya xabar bergan oblast ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy. Shahardagi litseylardan birida raketa parchalari tushishi oqibatida yong‘in boshlangan. Shuningdek, uchta maktab va bolalar bog‘chasi shikastlangan. Bundan tashqari, Lvivdagi korxonalardan biriga zarba kelib tushgan. Bu yerda ma’muriyat binosi va ishlab chiqarish sexi qisman vayron bo‘lgan, jarohatlanganlar yo‘q.
Lvivga hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lib, 15 kishi yaralangani tasdiqlangan. Jabrlanganlarning aksari portlash to‘lqini oqibatida turar joy binolarining deraza oynalari sinishi oqibatida jarohatlangan.
Odessa
Odessada urib tushirilgan dron parchalari ko‘p qavatli binoga kelib tushgan va yong‘in boshlangan, degan oblast ma’muriyati rahbari Oleg Kiper. Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qilgan. Ukraina janubiy mudofaa kuchlari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Odessa rayonida infratuzilma obektlaridan birining foydalanishda bo‘lmagan binosida yong‘in kelib chiqqan. Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Odessada maktabga zarba berilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, yetti kishi yaralangan, ular orasida bir bola ham bor.
Oleg Kiperning aniqlik kiritishicha, Odessa bo‘ylab zarbalar oqibatida jami uch kishi halok bo‘lib, 23 kishi jabrlangan, shundan ikki nafari bolalar. Yaradorlarning ikki nafari og‘ir holatda qolmoqda.
Zaporijjya
Ukrain nashrlari Zaporijjyadagi portlashlar to‘g‘risida ham xabar bergan. Zaporijjya oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Yuriy Malashkoning xabariga ko‘ra, shahardagi bir necha korxona zarba nishoni bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, raketalardan biri ochiq joyga tushgan, boshqasi xususiy uyni vayron qilgan. Portlash to‘lqini va parchalar tushishidan ko‘p qavatli turar joy binolari shikastlangan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy aholi vakillaridan to‘rt kishi halok bo‘lib, yana 12 kishi jarohatlangan. Binolardan birining xarobalari ostida odamlar qolgan bo‘lishi mumkin. Ukraina sog‘liqni saqlash vazirligi jarohatlanganlardan ikki nafari og‘ir ahvolda ekanini xabar qilgan.
Konotop
Sumsi oblastida Konotop shahri bo‘ylab raketa zarbalari oqibatida uch kishi jarohat olgan, deyiladi hududiy ma’muriyat xabarida. Uning ma’lumotiga ko‘ra, zarba oqibatida ko‘p kvartirali uy, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish stansiyasi shikastlangan, avtomobillardan biri yonib ketgan.
Ukraina qurolli kuchlariga ko‘ra, sanoat va harbiy obektlar zarbalar nishoni bo‘lgan. Zelenskiy «terrorchilarga javob qaytarish»ni va’da qildi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya qo‘shini turli tipdagi 110 ga yaqin raketa uchirgani, ularning katta qismi ukrain havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qildi. «Tug‘uruqxona, o‘quv binolari, savdo markazi, ko‘p qavatli va xususiy uylar, tijorat omborlari, avtoturargohlar. Kiyev, Lviv, Odessa, Dnipro, Xarkiv, Zaporijjya va boshqa shaharlarimiz. Rossiya bugun deyarli barchaga o‘z arsenalidagi bor vositalar bilan zarba yo‘lladi: „kinjallar“, S-300, qanotli raketalar, uchuvchisiz uchish apparatlari. Strategik bombardimonchilar X-101/X-505 raketalarini uchirishdi», — degan Zelenskiy. Prezident Ukraina «terrorchilarning zarbalari uchun albatta javob qaytarishi»ni bildirgan.
Rossiya qo‘shini muhim infratuzilma obektlari, sanoat va harbiy obektlarga hujum qildi, deb xabar bergan Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Ukrainaga qarshi 158 ta havo hujumi vositalarini qo‘llagan: 36 ta Shahed zarbdor dronlari, kamida 90 ta X-101/X-555/X-55 raketalari, sakkizta X-22/X-32 qanotli raketalar, kamida 14 ta ballistik raketalar, beshta «Kinjal», to‘rtta X-31P va bitta X-59. Ukrain harbiylari 27 dron va 87 ta X-101/X-555/X-55 qanotli raketalar urib tushirilganini ma’lum qilgan.
Zalujniyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Ukrainaga avvaliga dronlar bilan hujum boshlagan, soat 3:00 atrofida Tu-95MS rusumli 18 ta bombardimonchi samolyotlar havoga ko‘tarilgan, ular uch soat mobaynida kamida 90 ta qanotli raketalar uchirgan. Soat 5 atrofida uzoq masofadan harakat qiluvchi Tu-22M3 bombardimonchilari ham hujumga qo‘shilib, shimoliy va markaziy oblastlar bo‘ylab zarbalar yo‘llagan. Bu vaqtda S-300 komplekslaridan Xarkiv bo‘ylab boshqariluvchi zenit raketalari yo‘llangan. Soat 6:30 atrofida beshta MiG-31K qiruvchi samolyotlaridan «Kinjal» raketalari uchirilgan. Hujumda Su-35 taktik aviatsiya samolyotlari ham qatnashgan.
Ukraina energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘qqa tutishlar oqibatida Kiyev, Dnipropetrovsk, Odessa va Xarkiv oblastlarida elektr uzatish liniyalari shikastlangan, natijada abonentlarning bir qismi elektr ta’minotidan uzilgan.
29 dekabr kuni kunduzi RF mudofaa vazirligi brifing o‘tkazib, 23-29 dekabr kunlaridagi voqealar yuzasidan ma’lumotlarni taqdim etdi. Ma’lum qilinishicha, bu vaqt mobaynida RF armiyasi «harbiy-sanoat komplekslari obektlari, harbiy aerodrom infratuzilmalari, arsenal, shuningdek, artilleriya o‘q-dorilari, ekipajsiz katerlar, qurollar va harbiy texnikalar uchun yonilg‘i saqlanadigan joylar» bo‘ylab 50 marta guruhli va bir marta yopirilma zarbalar bergan (iqtibos «Interfaks»niki). Vazirlikdagilar Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalarining joylashuv nuqtalari bo‘ylab ham zarbalar yo‘llanganini qayd etgan. «Barcha belgilangan obektlar aniq nishonga olindi», — deyiladi RF mudofaa vazirligi xabarida.
Mavzuga oid
21:53
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
16:21
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
11:00