Jamiyat | 17:59 / 30.12.2023
38446
8 daqiqa o‘qiladi

Qanday qilib bolani kitob o‘qishga qiziqtirish mumkin?

Bola uchun kitob haqiqatan ham eng yaxshi sovg‘a, ammo uni barcha birdek sevib o‘qishni istamaydi. Ko‘pchilik farzandini maktabda ham, uyda ham o‘qishga majburlaydi. Ammo bu noto‘g‘ri. Uni kitobga majburan qiziqtirib bo‘lmaydi. Buning o‘rniga bir nechta samarali texnikalardan foydalangan ma’qul.

Foto: AP

Darhaqiqat, nega zamonaviy bolalar kitoblarga muhtoj? Ilgari kitob deyarli yagona ma’lumot manbai va dam olishning eng yaxshi shakllaridan biri edi. Bugunchi? Ma’lumot va o‘yin-kulgi dengizi bizning ruhiyatimizni televizor ekrani, kompyuter monitori orqali to‘ldiradi. Ha, harakatlanuvchi rasm har doim harakatsizidan yaxshiroq, chunki u jonli muloqot illyuziyasini yaratadi, bizni yolg‘izlikdan xalos qiladi.

Tugmachani bosasiz va hayotingizga boshqa birovning quvonchi, qo‘rquvi, umidi va umidsizliklari to‘lqini kirib, sizni kundalik hayotdan chalg‘itadi. Xuddi shunday his-tuyg‘ularni olish uchun kitobning nechta sahifasini o‘qish kerak?

Ammo muammo shundaki, madaniyat (kitoblar, badiiy filmlar, san’at) inson shaxsini, ayniqsa bolalik davrida shakllantiradi, shuning uchun bolalarni kitob o‘qish va uni sevishga o‘rgatish kerak. Agar siz haqiqatan ham farzandingizni kitobga oshno qilmoqchi bo‘lsangiz, quyidagi tavsiyalarga amal qilish maqsadga muvofiq:

Tug‘ilgandan boshlab bolaga kitob o‘qib bering. Ha, chaqaloq hali so‘zlarni tushunmaydi, lekin ona o‘qigan she’rlar chaqaloqqa uning yaqinligi haqida “gapiradi”. Onasining ovozi va ohangi uni tinchlantiradi. 10 oydan bir yarim yilgacha bolaning so‘z boyligi shakllana boradi. U butun his-tuyg‘ulari bilan dunyoni faol ravishda o‘rganadi axir. Biroq kitob o‘qishda to‘rt daqiqadan ortiq bo‘lmagan e’tibor bosqichidan oshib ketmang.

Ikki yoshdan boshlab bola alohida so‘z va iboralarni hikoya sifatida qabul qiladi va uch yoshda u nafaqat tinglovchi, balki faol suhbatdoshga ham aylanadi. Bu vaqtda u qayta o‘qishga ishtiyoqni rivojlantiradi. Ularga kitobni 20 daqiqadan ortiq o‘qib bermang. Bu bola ayni yoshda bardosh bera oladigan maksimaldir.

O‘qishni o‘yinga aylantiring. Farzandingizni erta bolalikdan kitob bilan tanishtirmoqchi bo‘lsangiz, bu jarayonni o‘yin tarzida olib boring. "Yodda tuting, siz eng aqlli bo‘lasiz", "Katta bo‘lganingizda eng yaxshi insho yozuvchi bo‘lasiz" - bunday dalillar ishlamaydi. Bu kabi ta’kidlarni nutqingizdan chiqarib yuboring.

Takrorlashdan qo‘rqmang. Farzandingiz bir necha yillardan beri sizdan bir xil kitobni tunda o‘qishingizni so‘rasa, bezovtalanmang yoki hayron bo‘lmang. U shunchaki uning uchun psixologik qulaylikni ifodalaydi. Sizda ham shunday kitob bo‘lishi mumkin. Agar siz uni hozir o‘qisangiz, bolaligingizda boshdan kechirgan qulay holatga qaytasiz. Siz hatto ushbu kitobni bolangizga tanishtirmoqchi bo‘lishingiz mumkin, ammo u siz uchun qanday bo‘lsa, u uchun ham shunday bo‘lishiga kafolat yo‘q. Bularning barchasi juda individualdir. Qoidaga ko‘ra, har kuni bir xil kitoblarni o‘qish sakkiz yoshda “tugaydi”.

She’r yodlating. Buning uchun eng maqbul vaqt tug‘ilishdan sakkiz yoshgacha bo‘lgan davr! Bu sizdan ortiqcha qiyinchilik talab qilmaydi, chunki bu yoshda bolalar uchun yodlash oson. O‘rta maktabda, agar siz ilgari bu mahoratni rivojlantirmagan bo‘lsangiz, biroz harakat talab qiladi.

Bolaga adabiyotni tanlashiga ruxsat bering. Farzandingizga uni qiziqtiradigan kitoblarni tanlashiga ruxsat bering. Har bir kitob qaysidir ma’noda foydalidir. Nasr nutq mahoratini egallashga yordam beradi, she’riyat esa ritm tuyg‘usini rivojlantiradi. Yaxshi o‘qilgan kitob psixologik qulaylik yaratadi, notanish kitob esa yangi bilimlarni beradi. Ertak syujyeti fantaziyani, real syujyet esa hayotiy tajribani boyitadi. Qisqa hikoya ixcham hikoya qilishni o‘rgatadi, uzoq hikoya esa xotirani tarbiyalaydi.

Bolalar maktabda tavsiya etilgan adabiyotlarni o‘qishni istamaydi. Sababi har bir bola bir xil narsani afzal ko‘rishi qiyin masala. Kimgadir boshlanishi, juda tez tugashi va oxiri bo‘lgan qisqa hikoyalar yoqadi. Boshqalari esa qisqa hikoya qahramoni bilan tanishishning ma’nosini ko‘rmaydi, chunki ular u bilan tezda xayrlashishga tayyor emas. Ular qahramon bilan bir muncha vaqt yashashlari kerak.

Farzandingizni o‘qishga majburlamang. O‘qishga bo‘lgan ishtiyoq ichkaridan shakllanadi, shuning uchun ham bolani besh yoki olti yoshdan boshlab o‘qishga majburlash xavfli. Umuman olganda, "kerak" so‘zi ehtiyotkorlik bilan, jiddiyroq yoshda, ya’ni 5-6-sinfdan boshlab faqat maktab adabiyotiga nisbatan qo‘llanilishi lozim.

Agar bola o‘qishni istamasa, buning hech qanday yomon joyi yo‘q. Ota-onalar ko‘pincha farzandining o‘qishni bilmasdan turib maktabga borishidan qo‘rqishadi. Hammasi o‘qituvchiga bog‘liq. Ayrim pedagoglarning ta’kidlashicha, bolani ma’lum darajaga yetkazib maktabga olib kelishsa, u maktabdagi takrorlanuvchi mashg‘ulotlaridan zerikib qoladi va o‘qishga nisbatan qarashlari o‘zgaradi.

Atrofni kitob bilan to‘ldirish, undan zerikishga sabab bo‘ladi. Bir ota bayramga farzandlari uchun talaygina kitoblar olib keladi va ularga “Sizlarga sovg‘a olib keldim”, deydi. Bolalar qiziqish bilan uning atrofini o‘rab olishadi, kitoblarni ko‘rgach esa, “Kitob uchun rahmat, sovg‘a qani?” deb javob berishadi.

Bolaligimizda har doim kitoblar kam bo‘lgan. Shu sababli uni o‘qishga bo‘lgan ishtiyoq katta edi. Bu tajriba asosli bo‘lishi mumkin. Ayniqsa siz o‘qishni xohlaganda uning bo‘lmasligi xohishning ortishiga olib keladi.

O‘zingiz o‘qigan kitoblaringizni bolalaringiz bilan muhokama qiling. Ota-onalarning farzandlari oldida kitob o‘qishi juda kam uchraydi. U bilan hozir o‘qiyotgan kitobingiz haqida suhbatlashish uchun ushbu daqiqalardan foydalaning yoki hatto parchalarni o‘qishga harakat qiling. Farzandlaringiz oldida boshqalar bilan kitoblarni muhokama qilishingiz mumkin.

Ovoz chiqarib o‘qing. Ovozingizni diktofonga yozib oling. Ota-onalar butun kunni ishda o‘tkazishadi va agar uydaligida ular kamida o‘n daqiqa davomida farzandlariga ovoz chiqarib o‘qib berishsa, bu munosabatlarni ushlab turadigan kuchli qulfga aylanadi. Ovoz yozib olish uchun telefon mos kelmaydi, chunki u doimo o‘ziga e’tibor qaratadi. Diktofonda faqat bitta tugma mavjud - uni yoqish va o‘chirish mumkin.

Albatta, bu kabi texnikalar ko‘p va qay biri siz va farzandlaringiz uchun mos tushishini o‘zingiz tanlashingiz lozim.

Maxsuma Oqqo‘ziyeva tayyorladi.

Mavzuga oid