Iqtisodiyot | 21:23 / 30.12.2023
19937
2 daqiqa o‘qiladi

UzDIF Bo‘stonliqdagi kurortning ESG prinsiplaridagi “yashil” obligatsiyalarini sotib oldi

O‘zbekiston Respublikasi To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (UzDIF) Saipro Group kompaniyasi tomonidan ilk xususiy “yashil” obligatsiyalar chiqarilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda jamg‘arma rasmiy relizida ma’lum qilindi.

Foto: Green Hills Resort

Qayd etilishicha, UzDIF Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Green Hills Resort” ekologik kurortining “yashil” moliyaviylashtirish loyihasini qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakat iqtisodiyotiga ESG (ekologiya, ijtimoiy va boshqarish omillari) xalqaro prinsiplarini integratsiya qilish yo‘lida muhim qadam tashlagan.

UzDIF “Saipro Group” MChJ kompaniyasining O‘zbekiston bo‘ylab ilk korporativ “yashil” obligatsiyalari chiqarilishiga ko‘maklashib, obligatsiyalarning 10 foizdan ortig‘ini xarid qildi. Bu esa mintaqada ekologik moliyalashtirishning yangi imkoniyatlarga yo‘l ochdi, deyiladi rasmiy xabarda.

“Yashil” obligatsiyalar – xalqaro standartlar hamda ekologiya va “yashil” moliyalashtirish mezonlariga mos keladigan obligatsiyalardir. Bunday obligatsiyalarning chiqarilishi biznesni barqaror rivojlanish prinsiplari – ESG (Environmental, Social and Corporate Governance) keng tarqalishi bilan bog‘liq. “Yashil” obligatsiyalar orqali emitent atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq loyihalar uchun sarmoya jalb qiladi.

Ta’kidlanishicha, “Green Hills Resort” kurorti ekologik toza turizmga e’tibor qaratgan holda rivojlanishning ikkinchi bosqichiga start berish arafasida. Mazkur bosqichda kurortning kengayishi doirasida yangi obektlarning qo‘shilishi, shuningdek, quyosh panellari, shamol turbinalari kabi barqaror energiya ta’minoti tizimlarining integratsiyasi nazarda tutilgan. Bu esa loyihaning atof-muhitni himoya qilish standartlariga hamda barqaror rivojlanish sohasidagi jahon tendensiyalariga mosligidan dalolat beradi.

Kurortning kengayishi yangi ish o‘rinlarini yaratib, mahalliy iqtisodiyot rivojiga hissa qo‘shgan hoda Bo‘stonliq tumaniga ham iqtisodiy manfaat keltirishi kutilmoqda.

Mavzuga oid