Iqtisodiyot | 13:03 / 31.12.2023
19563
6 daqiqa o‘qiladi

Bitcoin 155 foizga, oltin 13 foizga qimmatlashdi – xalqaro moliya bozorining yillik sharhi

Global iqtisodiyotning sekinlashishi fonida neftning WTI markasi yil davomida 9,12 dollarga, BRENT markasi 8,91 dollarga arzonlashdi. Asosiy kriptovalutalar esa tiklanishni boshladi. Xususan, 2023 yilda Bitcoin qiymati 155 foizga, Ethereum qiymati 93 foizga o‘sdi.  

Foto: Shutterstock

Koronavirus pandemiyasi dunyoning barcha davlatlari iqtisodiyotiga salbiy ta’sir qildi va kelgusida karantin, izolyatsiyalar umumiy harakatlanish va migratsiya masalalarida jiddiy cheklovlarga sabab bo‘lishini ko‘rsatdi. Buning natijasida yer yuzidagi barcha davlatlar dunyoda hali yuz bermagan inqiroz ostiga kelib qoldi va hukumatlar favqulodda maxsus qarorlar chiqarishga majbur bo‘ldi. Pandemiyaga qarshi kurash davrida iqtisodiy yengillashuvlar va hukumatlarning haddan tashqari ko‘p qarz olishlari natijasida pul o‘z qadr-qiymatini yo‘qotishi bir necha bor tezlashdi va ko‘p davlatlarda inflatsiya nazorat ostidan chiqib ketdi. Shu tufayli AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) “Miqdoriy qisqarish” siyosatini ishga tushirib, faol ravishda foiz stavkalarini ko‘tarib borishi tufayli bir necha 10 yilliklardan beri birinchi marta, 2022 yil iyul oyida mamlakatdagi inflatsiya 9,1 foiz ko‘rsatkichini qayd etganidan so‘ng 2023 yil 3,1 foizgacha tushdi.

Jahon Insighs kanali ekspertlari 2023 yilda xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.

AQSh top fond bozorlari indeksi:

  • S&P500: +0,32 foiz (yil boshidan +24,23 foiz);
  • NASDAQ: +0,29 foiz (yil boshidan +53,81 foiz);
  • DJI: +0,81 foiz (yil boshidan +13,7 foiz).

AQSh fond indekslari 2023 yildagi eng so‘nggi savdo haftasini kichik o‘sish bilan muvaffaqiyatli yakunladi. Yillik natijalarga e’tibor qaratsak, AQSh fond bozori iqtisodiy murakkab davrda juda ham zo‘r natijaga erishdi va prognozlardan ancha yuqori o‘sish sur’atlarini taqdim etdi. Umuman olganda, 12 oy ichida NASDAQ 5886 punkt, Dow Jones 4542 punkt va S&P500 indeksi esa 930 punktga ko‘tarildi.

Asosiy qimmatbaho metallar:

  • Oltin: +0,48 foiz (yil boshidan  +13,11 foiz);
  • Kumush: -1,67 foiz (yil boshidan  -0,74 foiz);
  • Alyuminiy: +2,76 foiz (yil boshidan +0,16 foiz);
  • Mis: -0,19 foiz (yil boshidan +2,01 foiz).

Joriy yil barcha qimmatbaho metallar uchun bir xil tarzda yakun topmadi. Oltin bir nechta maxsus xususiyatlarga ega bo‘lgani tufayli asosiy qimmatbaho metallar orasida eng baland o‘sishni qayd etdi. Oltin bir yil ichida 239 dollar, alyuminiy 3,8 dollar, mis esa 7 sentga qimmatlashdi, o‘z navbatida kumush 17 sentga arzonlashdi.

Neft

  • WTI: -2,85 foiz (yil boshidan -11,34 foiz);
  • BRENT: -2,32 foiz (yil boshidan -10,37 foiz).

Neft 2023 yil fletda harakatlandi. "Qora oltin"ning WTI markasi yil davomida 9,12 dollarga, BRENT markasi esa 8,91 dollarga arzonlashdi.

Garchi, 2023 yilda neft narxi ko‘tarilishiga yordam bera oladigan ko‘p hodisalar ro‘y bergan bo‘lsa-da, "qora oltin" bahosi sezilarli darajada pastladi. Buning eng asosiy sababi global iqtisodiyotning sekinlashishidir.

Valutalar

  • EUR/USD:  +0,21 foiz (yil boshidan +3,12 foiz);
  • USD/CNY:  -0,47 foiz (yil boshidan +2,90 foiz);
  • USD/TRY:   +0,78 foiz (yil boshidan +57,71 foiz);
  • USD/UZS:  -0,42 foiz (yil boshidan +9,53 foiz);
  • RUB/USD:   -3 foiz (yil boshidan +23,24 foiz).

Valutalar uchun 2023 yil yetarlicha murakkab keldi. Dunyoning bir nechta ilg‘or Markaziy banklari tomonidan foiz stavkalarini ko‘tarishda keskin sekinlashuv va avgust oyidan beri batamom to‘xtash valutalarga bosim o‘tkazishni boshladi. Buning natijasida ular zaiflashishni, fond bozorlari esa jozibaliroq ko‘rinishni boshladi. 2023 yilning yanvar oyidan boshlab qaraganda, EUR/USD 3,12 foiz, RUB/USD esa 23,24 foiz ko‘tarildi, Osiyo mintaqasiga oid valutalar bo‘lgan USD/TRY, USD/UZS va USD/CNY'lar esa mos ravishda 57,71 foiz, 9,53 foiz va 2,90 foizga o‘sdi.

Kriptovaluta

  • Bitcoin: -2,15 foiz (yil boshidan +154,87 foiz);
  • Ethereum: +1,56 foiz (yil boshidan +92,8 foiz).

Asosiy kriptovalutalar oldingi yildagi katta qulashdan so‘ng, 2023 yil tiklanish harakatlarini namoyon qildi. Bitcoin 2023 yil deyarli 155 foiz o‘sgan bo‘lsa-da, oldingi yilning yo‘qotishlarini 2023 yilda to‘liq qoplashni amalga oshira olmadi. Ethereum esa so‘nggi yil deyarli 93 foiz o‘sish sur’ati bilan 2022 yildagi yo‘qotishlarining salkam 50 foizini tikladi.

Bozorlar haqida qisqacha

Federal zaxira tizimi bir necha yildan beri o‘zining eng muhim va asosiy muammosi bo‘lib kelgan inflatsiya darajasi nazoratini o‘z qo‘liga olgan bo‘lsa-da, unga qarshi kurash hali yakunlanmadi. Sababi, garchi tashqi tomondan olib qaraganda inflatsiya ko‘rsatkichi, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra 3,1 foizni tashkil etsa-da, FZT raisi Jyerom Pauell va’da bergan 2 foizgacha hali bir necha qadam bor. Bundan tashqari, turli mintaqalarda sodir bo‘layotgan va davom etayotgan turli inqiroz, urushlar yoki epidemiyalar tufayli yetkazib berish va ta’minot zanjiridagi uzilishlar, oddiy xomashyo va oziq-ovqatlardan tortib turli qimmatbaho qog‘ozlar bozorlariga salbiy ta’sir etmoqda. FZT 2023 yilning so‘nggi bir necha oylari foiz stavkasini ko‘tarmagan bo‘lsa-da, inflatsiya stabil ravishda pastlashda davom etmoqda. Shunga qaramay, Pauell agarda mamlakatda narx bosimi qayta tiklansa va kuchayishni boshlasa, foiz stavkasini qaytadan ko‘tarishga va’da berdi.

Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 25 dekabrdan 29 dekabrgacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.  

Mavzuga oid