O‘zbekiston | 17:02 / 03.01.2024
16790
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda ichimlik va oqova suvi narxi oshdi

Qoraqalpog‘istonda 1 metr kub ichimlik suvi narxi aholi uchun 2900 so‘m, budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun 5700 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, oqova suvi narxi ham oshdi.

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan respublikada ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun yangi tariflar (narxlar) tasdiqlandi. Bu haqda «O‘zsuvta’minot» matbuot xizmati xabar qildi.

Unga ko‘ra 2024 yilning 15 yanvaridan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlar bo‘yicha quyidagi belgilangan yangi tariflar amalda qo‘llaniladi:

Ichimlik suvi:

  • aholi uchun -1 m3 — 2900 so‘m (avvalgi narx 1850 so‘m);
  • budjet tashkilotlari uchun — 1 m3 — 5700 so‘m (QQSsiz) (avvalgi narx 3695 so‘m);
  • ulgurji iste’molchilar uchun — 1 m3 — 5700 so‘m (QQSsiz) (avvalgi narx 3695 so‘m);

Oqova suv xizmati uchun:

  • aholi uchun — 1 m— 1400 so‘m (avvalgi narx 1100 so‘m);
  • budjet tashkilotlari uchun — 1 m3 — 2800 so‘m (QQSsiz) (avvalgi narx 3136 so‘m);
  • ulgurji iste’molchilar uchun — 1 m3 — 2800 so‘m (QQSsiz) (avvalgi narx 3136 so‘m).

Qayd etilishicha, o‘tgan uch yilda Qoraqalpog‘istonda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 61,5 foizdan 70,5 foizga, kanalizatsiya qamrovi 5,4 foizdan 5,6 foizga yetkazilgan.

Shuningdek, kelgusi besh yilda respublikada markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 70,5 foizdan 89,7 foizga, kanalizatsiya qamrovi esa 5,6 foizdan 24,6 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.

«Buning uchun barcha manbalar hisobidan 5,9 trillion so‘m evaziga, 3,192 kilometr ichimlik suvi va 438,6 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i, shuningdek, 179 ta suv inshooti qurish va rekonstruksiya etilishi belgilangan», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid