O‘zbekiston | 17:10 / 05.01.2024
21765
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda sobiq sudyaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudining sobiq sudyasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U aybsiz kishini javobgarlikka tortganlikda ayblanmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati sobiq sudyaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma’lum qildi.

«2023 yilning 5 dekabr kuniga qadar jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi lavozimida ishlagan shaxs ushbu lavozimda bo‘lishi davrida, o‘z ish yurituvida bo‘lgan qurilish firmasi rahbari va boshqalarni Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayblashga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqishi jarayonida hokimiyat harakatsizligi, dalillarni soxtalashtirish, adolatsiz hukm chiqarish hamda tovlamachilik kabi jinoyatlarini sodir etgan», deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan to‘plangan materiallar asosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan JIB Sergeli tuman sudining sobiq sudyasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165, 208, 230-1 va 231-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari DXX Tergov boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.

Sudyalar oliy kengashi ham Sergeli tuman sudining sobiq sudyasi qo‘lga olingani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, sobiq sudya maxsus tadbir davomida qo‘lga olinmagan.

«Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudining sobiq sudyasi Sh.Yu. Jinoyat kodeksining 208-moddasi va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha gumondor sifatida jalb qilingan. Biroq ijtimoiy tarmoqlardagi uning go‘yoki “maxsus tadbirda qo‘lga olingani”ga oid xabarlar asossiz, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», deyiladi kengash bayonotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, Sh.Yu. jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan ancha oldin, Sudyalar oliy kengashi qaroriga asosan lavozimidan ozod etilgan hamda sudyalik vakolati muddatidan ilgari tugatilgan.

Mavzuga oid