Sport | 18:38 / 05.01.2024
29990
7 daqiqa o‘qiladi

Mahmud Rahimovning fojiali o‘limi, Sarkisyanning tayinlanishi va Livandagi sharmandalik. Osiyo kubogi-2000ni qanday eslaymiz?

Foto: Getty images

O‘zbekistonlik muxlislarning Livandagi Osiyo kubogi-2000dan umidi katta edi. Oliy liga-1999 mavsumi 1-davrasidan keyin «Dinamo»ni peshqadamga aylantirgan Mahmud Rahimov milliy jamoa bosh murabbiyi sifatida ham BAAda o‘tgan saralash bosqichida guruhda 1-o‘rinni egallab, O‘zbekistonni final bosqichiga olib chiqqandi. Ammo, yil yakunida «Osiyoning eng yaxshi murabbiyi» deb topilgan Mahmud Rahimov mudhish avtohalokatga uchragach, Livanga yangi murabbiy boshqaruvida yo‘l olgan milliy jamoamizni o‘zbek futboli tarixidagi eng sharmandali natija kutayotgandi.

Mahmud Rahimovning tayinlanishi va g‘alabali saralash

Samarqandning «Dinamo» klubi 1998 yil Birinchi liga g‘olibi sifatida Oliy ligaga yo‘llanma olgach, klub rahbariyati Mahmud Rahimovni bosh murabbiy etib tayinlagandi. Ko‘hna shahar jamoasi 43 yoshli mutaxassis qo‘l ostida mavsumni ajoyib boshlab, 1-davradan keyin Oliy ligada peshqadamga aylanadi. O‘sha yil milliy jamoa Osiyo kubogi-2000 saralash bosqichida ishtirok etishidan avval O‘zbekiston futbol federatsiyasi rahbariyati Mahmud Rahimovni milliy jamoaga bosh murabbiy etib tayinladi.

1999 yil BAAdagi saralash o‘yinlari oldidan milliy jamoa Samarqandda Ozarboyjon (3:0) va Malayziyaga (5:1) qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib, tayyorgarlik ko‘rdi. Oktyabr oyida esa Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan saralash bosqich 3-guruhida O‘zbekiston Bangladesh (6:0), Shri-Lanka (6:0), Hindiston (3:2) jamoalarini mag‘lub etib, yagona yo‘llanma uchun bahsda mezbon BAAga qarshi ketma-ket 4-g‘alabasiga (1:0) erishdi va yuz foizli natija bilan Osiyo kubogi-2000ga yo‘llanma oldi. Hal qiluvchi o‘yinda Mirjalol Qosimovning uzatmasini Maksim Shatskix golga aylantirgandi.

Rahimovning avtohalokatga uchrashi va yangi murabbiylar

Mahmud Rahimov bosh murabbiyligida O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibi ancha kuchaygan edi. Mirjalol Qosimov, Andrey Fyodorov, Pavel Bugalo, Nikolay Shirshov, Sergey Lebedov singari yetakchilar qatoriga Ja’far Irismetov, Maksim Shatskix, Andrey Akopyans singari yangi nomlar qo‘shilgan, bu jamoaning Osiyo kubogidagi ishtirokidan umid katta edi.

Ammo milliy jamoa bosh murabbiyini oldinda ayanchli qismat kutardi. Bosh jamoamiz noyabr oyida BAAdan qaytgach, oradan ikki oy ham o‘tmay, Mahmud Rahimovning avtohalokatga uchragani haqidagi shum xabar tarqaldi. 1999 yilning 24 dekabr kuni Toshkent – Samarqand avtotrassasida yuk mashinasi 44 yoshli mutaxassis boshqaruvidagi avtomobil bilan to‘qnashishi oqibatida Mahmud Rahimov bu yorug‘ olamni erta tark etadi... Bu esa turli mish-mishlarga sabab bo‘lgandi.

Milliy jamoamizning o‘sha saralashdagi muvaffaqiyati ortidan Osiyo futbol konfederatsiyasi Mahmud Rahimovning vafotidan so‘ng, o‘zbekistonlik mutaxassisni «Osiyoning 1999 yildagi eng yaxshi murabbiyi» deb e’lon qilib, sovrinni uning oilasiga topshiradi.

2000 yilda esa O‘zbekiston futbol federatsiyasi qaroriga ko‘ra, «Neftchi» klubi ustozi Yuriy Sarkisyan O‘zbekiston milliy jamoasini Livandagi Osiyo kubogiga bosh murabbiyi sifatida olib borishini ma’lum qilgandi.

Foto: Getty images

«O‘lim guruhi» va Osiyo kubogi tarixidagi eng yomon ishtirok

O‘zbekiston milliy jamoasi Livandagi qit’a birinchiligida «o‘lim guruhi» deya ta’riflangan «S» guruhida Yaponiya, Saudiya Arabistoni va Qatar bilan kvartetni tashkil etgandi.

O‘zbekistonning Osiyo kubogi-2000 uchun «zayavkasi»:

Darvozabonlar: 1.Pavel Bugalo («Alaniya», Rossiya), 20.Georgi Zabirov («Neftchi»), 16.Narimon Usmonov («Temiryo‘lchi»).

Himoyachilar: 2.Baxtiyor Ashurmatov («Paxtakor»), 3.Andrey Fyodorov («Rubin», Rossiya), 12.Davron Fayziyev (TsSKA, Rossiya), 14.Abdumajid Toirov («Neftchi»),  17.Fevzi Davletov («Do‘stlik»), 18.Aleksandr Xvostunov («Krilya Sovetov», Rossiya), 27.Shuhrat Rahmonqulov («Navbahor»).

Yarimhimoyachilar: 4.Mirjalol Qosimov («Krilya Sovetov», Rossiya), 5.Sergey Lushan («Rostov», Rossiya), 7.Otabek Shomurodov («Neftchi»), 8.Nikolay Shirshov («Rostov», Rossiya), 9.Muxtor Qurbonov («Paxtakor»), 15.Sergey Lebedev («Neftchi»), 25.Rustam Do‘rmonov («Neftchi»).

Hujumchilar: 10.Maksim Shatskix («Dinamo Kiyev», Ukraina), 11.Andrey Akopyans («Rostov», Rossiya), 23.Ne’matilla Qutiboyev («Turon»), 24.Umid Isoqov («Neftchi»), 26.Igor Shkvirin («Paxtakor»).

Vakillarimiz 1-turda Mirjalol Qosimovning jarima zarbasidan kiritgan supergoli evaziga Qatar bilan durang (1:1) qayd etgan bo‘lsa, Yaponiya bilan bahsda milliy jamoamiz tarixidagi eng yirik hisobli mag‘lubiyat kutayotgan edi – 1:8. Uch kun o‘tib, 3-turda ham yana bir sharmandali natija qayd etildi – saudlar darvozamizga javobsiz 5ta gol yo‘llashdi.

Guruhdagi 3 o‘yinda 2 mag‘lubiyat va 1 durang qayd etgan Yuriy Sarkisyan shogirdlari -12 to‘plar nisbati bilan guruhda so‘nggi o‘rinni egallashdi. Hamyurtlarimizni yirik hisoblarda mag‘lub etgan Yaponiya va Saudiya Arabistoni esa finalgacha yetib borib, turnir «samuraylar»ning g‘alabasi (1:0) bilan yakunlanadi.

Foto: Getty images

Osiyo kubogi-2000. «C» guruhi
1-tur. 2000 yil, 14 oktabr
Qatar – O‘zbekiston – 1:1
Gollar: Muhammad G‘ulom (61) – Mirjalol Qosimov (73).

2-tur. 2000 yil, 17 oktabr
Yaponiya – O‘zbekiston – 8:1
Gollar: Hiroaki Morishima (7), Akinori Nishizava (14, 25, 49), Naoxiro Takahara (18, 20, 57), Xideaki Kitajima (88) – Sergey Lushan (29).

3-tur. 2000 yil, 20 oktabr
Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston – 5:0
Gollar: Marzuk al-Otaibi (18), Muhammad al-Shalhub (35, 78, 86), Navaf 80.

Usmon Ibodov

Mavzuga oid