O‘zbekiston | 17:49 / 05.01.2024
21818
9 daqiqa o‘qiladi

«Unga hech kim Toshkentda “sen” deb gapirgan emas» – Munavvar qori Abdurashidxonovning hayoti va faoliyatiga nazar

23 yoshida o‘z maktabini ochgan, mardikor o‘quvchini katta shoirga aylantirgan, SSSRda qoralansa-da, Yevropada e’tirof etilgan jadid – Munavvar qorining qisqagina umr yo‘li barchaga ibrat bo‘lgulik. Millat fidoyisi Munavvar qori Abdurashidxonovning hayoti va faoliyatiga Kun.uz bilan chuqurroq nazar solamiz.

«U tashkilotning yakka-yu yagona rahbari, teran aqlli mafkurachi, ilhomlantiruvchi, strategy, usta diplomat va boshqa shu kabi juda ijobiy kishi hisoblanadi. Uning aql-zakovati har doim hissiyotlaridan ustun bo‘lgan. Shuning uchun ham u o‘z harakatlarida kamdan kam xatoga yo‘l qo‘yardi». Bu ta’rif toping-chi, kimga tegishli? Ushbu ta’rif qaysidir sarkarda yoki serial qahramoniga emas, aynan bizning bugungi ko‘rsatuvimiz qahramoniga berilgan. Bu ta’rifni uning shogirdi Aziz Lazizzoda aytgan edi. U kishi millat fidoyisi, yurt fidoyisi Munavvarqori Abdurashidxon o‘g‘li edi.

Munavvarqori Abdurashidxonov 1878 yil Toshkent shahri Darxon dahasida dunyoga keladi. U kishining otasi mudarris bo‘lib, Munavvar qori 3 o‘g‘ilning kenjasi edi. Onasi Xonxo‘ja Eshon qizi Xosiyat otin Munavvar qorining ma’naviy shakllanishida katta o‘rin tutadi, Xosiyat otinning o‘zi ham qizlarga dars bergan. Munavvar qorini Toshkentda mashhur bo‘lgan Usmonxon domlada o‘qitishadi, u juda yoshligidan qori bo‘ladi, shuning uchun ham bolalikdan hurmatda bo‘lgan. Uning ota tomoni ham, ona tomoni ham hurmatli, obro‘li insonlar bo‘lishgan.

U Buxoroda o‘qib yurgan kezlarida Ahmad Donish, Sadri Ziyo, Ikromiddin O‘roq kabi ma’rifatparvarlarning ma’ruzalarini tinglagan. U vaqtda Buxoroga Afg‘oniston, Eron, Tatariston kabi hududlardan ko‘plab talabalar, savdogarlar kelardi. Munavvar qori ular bilan fikr almashadi. Buxoro yarim mustamlaka bo‘lgani uchun Toshkentdan ko‘ra tashqi aloqalari yaxshi edi. Munavvar qori musulmon sharqi mustamlakachilar ixtiyorida ekanini, taraqqiyot va kuch Ovropa tomonda ekanini o‘ylab, zulmdan qutulish uchun yagona chora ilm-ma’rifat, millatni taraqqiyotga yetaklash ekanini tafakkur qiladi. Shundan so‘ng u Toshkentga qaytgach, maktabchilik, ya’ni maorif sohasida ish boshlaydi. Cho‘lpon, Akmal Ikromov e’tirofiga ko‘ra, Munavvar qori tom ma’noda dohiy bo‘lgan. Uning birgina ta’lim sohasidagi qilgan ishlari zamonasi uchun ham, keyingi davrlar uchun ham milliy ta’lim dasturini yaratdi

1906 yil 14 iyun kuni “Taraqqiy” gazetasida chiqargan maqolasida shunday jumlalar bor: “Ko‘p dindoshlarimizni ko‘ramizki, o‘z farzandlarini aslo maktabga bermay, dunyo-oxirat saodati o‘lg‘an ilm va maorifdan mahrum qilmoqdan hech hayo qilmaslar".

1907 yilda dumaga Behbudiyning Turkistonga madaniy muxtoriyat loyihasini taklif etgandayoq Munavvar qorida Turkistondagi birinchi siyosiy partiya yaratish fikri paydo bo‘ladi. Shu yillarda Finlandiyada bir muddat bo‘lib, Yevropadagi siyosiy partiyalar tuzilishi, nizomlarini o‘rganadi. Qaytib kelgach, siyosiy partiyalar andozasini Turkiya va Ozarboyjondagi partiyalardan olish kerakligini aytadi, chunki ularning xalqi musulmonlar edi. Munavvar qori faqatgina pedagog emas, pedolog ham edi, har bir o‘quvchiga individual yondasha olardi. Uning yutug‘i ham shunda edi.

Munavvar qori o‘quvchilariga tekin darslik bergan, tekin dars bergan. 1929 yil tergovlarda Murodiy ham shuni ta’kidlab o‘tadi, u ham Munavvar qori maktabida tekin o‘qigan edi. Munavvar qori boshqa boylardan ham maktabga homiylik qilishni so‘rardi, uning chaqiriqlariga «labbay» deb javob bergan boylar ham ko‘p edi.

Elbek xotiralarida Munavvar qori haqida shunday yozadi: «Kuz kunlarining birida dadam meni shaharga olib tushmoqchiligini aytdi, men xursandligimdan uxlamay chiqdim. Ammo borib zerikdim, chunki dadam u yerda mardikor ishlar ekan. Kuzda odamlarning uyining derazasiga oyna qo‘yib berarkan, men u kishiga yordam berardim, muzlab qolardik... Bir kuni ertalab Shayxontohur masjidi oldida bir kishi chiqib, o‘g‘ling maktabda o‘qimaydimi, deb so‘radi. Dadam o‘qimaydi, deganidan so‘ng u kishi meni o‘qitishini aytib, otamdan ruxsat oldi. Shundan so‘ng menga homiylik qildi, dadamga ham yordam berdi». Munavvar qori millatni ana shunday sevgan, shuning uchun ham u dohiy darajasida tan olingan. Na boylar, na ulamolar Munavvar qoriga qarolmagan. Uning do‘sti Rustambek Niyozbekov aytishicha, Toshkentda Munavvar qoriga «sen» deb murojaat qila oladigan odam yo‘q edi, faqat men hazillashib sensirashim mumkin edi, deydi. Bu juda katta ehtiromdan darak.

1919 yildan boshlab Munavvar qori faoliyatida asosan pedagoglik va siyosatchilik jarayoni paydo bo‘ladi. 1920 yilda Bokudagi konferensiyada Xorazmdan Bekjon Rahmon, Buxorodan Fayzulla Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiyalar qatnashadi. Anvar poshsho boshchiligidagi konferensiyada Chor Rossiyasiga Turkistondan chiqib keting, bo‘lmasa biz kurashamiz, degan murojaat bo‘ladi. Konferensiyadan qaytgan Munavvar qori bir muddat qamoqqa olinadi. U qamoqdaligida butun Turkiston larzaga keladi va uni qamoqdan chiqarishga majbur bo‘lishadi.

Hech e’tibor berganmisiz yaqin-yaqingacha ham Cho‘lpon, Qodiriy desa, faqat she’r yozgan, roman yozgan inson, Munavvar qori, Behbudiy deganda faqat maqola yozgan, dars bergan, maorif bilan shug‘ullangan insonlar ko‘z oldimizga keladigan bo‘lib qolgan. Balki tasavvurlarimizni o‘zgartirishimiz kerakmasmikan?

1922 yilda Munavvar qorining shogirdi Salimxon Tillaxonov rahbarligida «Ko‘mak» tashkiloti paydo bo‘ladi. Ushbu tashkilot turkistonlik talabalarni Germaniyaga o‘qishga yuboradi. Bu talabalar energetika, kimyo, sanoat, tibbiyot, yo‘l qurilish sohalarida asos yaratishdi.

Munavvar qori ayollar bilim yurtida ham dars beradi. U millat onalarini tarbiyalashga katta e’tibor beradi. Imkon qadar ma’rifatni yuksaltirishga e’tiborini qaratdi.

1929 yil 5 noyabrda Munavvar qorini qamoqqa olishdi va 1931 yilda otib o‘ldirishdi. Munavvar qori SSSRda yolg‘on maqolalar orqali qoralangan bir paytda u haqida Italiya, Germaniya kabi davlatlarda katta-katta ijobiy maqolalar e’lon qilindi. Keyinchalik ham uning yubileylari o‘tkazildi, yuzlab maqolalar, asarlar yozildi. Bizda esa Munavvar qori 1991 yilga kelibgina oqlandi. Uning ko‘p xizmatlarini haligacha xalqimizga yetkazolganimiz yo‘q. Bilishimcha, yaqinda «Sabzazor» chop etildi, lekin «Tarixi qavmi turk», «Islom tarixi», «Anbiyolar tarixi» kabi tarixiy kitoblari keng ommaga e’lon qilingani yo‘q. Uning «Ko‘z», «Devpechak», «Yalqovlik yovimiz», «Orzu» kabi she’rlarini o‘qigan yoshlarda katta orzular, yuksak marralar paydo bo‘ladi, xodimi millat orzusi uyg‘onadi. Uning asarlari yoshlarimizga yetib borsa, ularda ham Munavvar qori orzulariga hamohang orzular paydo bo‘lib, millatni yuksaltirish ishtiyoqi uyg‘onadi.

Munavvar qorini his qilmoqchi, uni tiriltirmoqchi, u bilan tillashmoqchi bo‘lsangiz, albatta, uning asarlarini o‘qing.

2020 yilda tarixdagi beqiyos xizmatlari hisobga olinib, Munavvar qori Abdurashidxonov «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi. So‘zimni Munavvar qorining ushbu bayti bilan yakunlayman.

Jannat kabi go‘zal yurting yig‘lab sendan ish kutadir,

Senda ko‘rgan ishsizlikni hasrat chekib qon yutadir,

Tur o‘rningdan, och ko‘zingni,

Ayt yovingga so‘z so‘zingni!

Mavzuga oid